Donate

Aralash ne’mat

Tarjima va Tanqid25/01/26 12:2037

Kirish

Ushbu matn zamonaviy san’at tanqidchisi va esseist Sophie Pinkham tomonidan yozilgan bo‘lib, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda shakllanayotgan madaniy siyosat, xususan Buxoro biennalesi, sovet modernistik merosi va rassom Ural Tansiqboyev ijodi atrofida olib borilayotgan estetik va mafkuraviy jarayonlarni tahlil qiladi. Muallif O‘zbekistonning global madaniy maydonga chiqish harakatlarini tanqidiy nigoh bilan ko‘rib, san’at, tarixiy xotira va avtoritar hokimiyat o‘rtasidagi murakkab munosabatlarni ochib beradi. Matnda madaniy ochiqlik, siyosiy cheklovlar va “go‘zallik”ning hokimiyat vositasiga aylanish ehtimoli savol ostiga qo‘yiladi.

Nashr: The New York Review of Books
Muallif: Sophie Pinkham
Sana: 4 dekabr 2025 yil
Havola: https://www.nybooks.com/articles/2025/12/04/mixed-blessings-ural-tansykbayev-uzbekistan-art/

Andrey Arakelyan/Uzbekistan Art and Culture Development Foundation
Andrey Arakelyan/Uzbekistan Art and Culture Development Foundation

Ehtimol, siz Ural Tansiqboyev haqida hech qachon eshitmagandirsiz, biroq u XX asr O‘zbekistonining eng muhim rassomlaridan biridir. Uning rang-tasviri va grafikasi o‘zida o‘zbek kulolchiligiga xos yorqin, organik surtmalarni, Markaziy Osiyo matolaridagi zigzaglar va gul naqshlarini, fovizmga xos yirtiq soyalarni hamda konstruktivizmning dinamik hajmlarini mujassam etadi.

1904 yilda tug‘ilgan Tansiqboyev ba’zan “Turkiston avangardi” deb ataladigan eklektik rassomlar guruhiga kirgan (“Turkiston” Markaziy Osiyoning eski nomidir). Bu yo‘nalish asosan rus rassomlaridan iborat bo‘lib, ular modernistik tamoyillarni mintaqaviy mavzularga tatbiq etganlar. Toshkentda ulg‘aygan qozoq bo‘lishiga qaramay, Tansiqboyev guruhdagi Markaziy Osiyodan chiqqan kam sonli rassomlardan biri edi.

SSSRda avangard san’at uzoq yashamadi, ammo Tansiqboyev moslasha oldi. U sovet orzusini o‘zida mujassam etdi: ishchi muhitdan chiqqan etnik ozchilik vakili bo‘lib, yuksalib, o‘z xalqining tan olingan rassomiga aylandi. Uning ilk ish joyi vino zavodi bo‘lgan. Faoliyatining eng yuqori cho‘qqisida esa u O‘zbekiston Rassomlar uyushmasi boshqaruvi raisi lavozimini egallagan.

1935 yilda yaratilgan “Yo‘l” rang-tasvirini sentabr boshida Toshkentda ochilgan retrospektiv ko‘rgazmadagi eng ta’sirli asar bo‘ldi. Ko‘rgazma O‘zbekiston hukumati huzuridagi San’at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF) tomonidan tashkil etilgan edi. Kartinada tasvirlangan yo‘l binafsha rangli bir oqimni eslatadi, uning ikki cheti quyoshda kuydirilgan pushti devorlar bilan o‘ralgan. Yaqin tepalikdagi yashilimtir-oq, bulutga o‘xshash daraxtlar O‘zbekiston paxtachiligiga oid syurreal ishoradir. Sovet hokimiyati paxta yetishtirishni shunchalik keskin kengaytirdiki, sug‘orish oqibatida Orol dengizining katta qismi sahroga aylandi.

SSSR bo‘ylab ko‘plab zamondoshlari singari, Tansiqboyev ham eng yaxshi asarlarini beqaror, ammo jasoratli bo‘lgan 1920-yillar va 1930-yillarning boshlarida yaratdi. Sotsialistik realizm “formalistik” tajribalarni nomaqbul deb e’lon qilganida, u ochiqchasiga o‘zining avvalgi badiiy yo‘lidan voz kechdi. 1940-yillarda, G‘arbiy frontga safaridan so‘ng, u xira va jozibasiz vatanparvarlik rang-tasvirlarini chizdi chizdi. Keyinchalik esa inson qiyofalari va me’moriy dinamizmdan voz kechib, sariq-jigarrang, yashil va binafsha-ko‘k ranglardagi bo‘sh manzaralarga chekinadi. Shunga qaramay, u o‘z mamlakatining manzaralaridagi poetik ohangni madh etishda davom etdi.

Omad sabab Tansiqboyevning ilk, sehrli asarlari saqlanib qolgan. 1968 yilda san’at kolleksioneri va arxeolog Igor Savitskiy rassomning ustaxonasiga tashrif buyurganida, Tansiqboyev unga: “Xohlaganingni ol, ” degan. Savitskiy bu rang-tasvirlar va chizmalarni o‘zining shaxsiy, hatto aytish mumkinki, maxfiy to‘plamida saqlab qoldi. Bu to‘plam senzuralardan yiroq, uzoq Qoraqalpog‘istondagi shahar Nukusda joylashgan edi.

1974 yilda Tansiqboyev o‘zining rasman “ta’qib”ga uchragan asarlarini qayta ko‘rish uchun Nukusga yo‘l oldi. Brejnev davridagi Sovet Ittifoqida bu ishlar hanuz omma uchun mos emas deb hisoblanardi. Ammo u yetib kelgan tunning o‘zida vafot etdi va to‘plamni ko‘rishga ulgurmay qoldi. Ko‘rgazma katalogidagi esse muallifi, 2023 yilgacha Moskvadagi Tretyakov galereyasining bosh direktori bo‘lgan kurator Zelfira Tregulova uning o‘limiga o‘zining avvalgi “meni” bilan yuzma-yuz kelish qo‘rquvi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi.

O‘tmish bilan yuzma-yuz kelish og‘riqli, ba’zan esa xavfli bo‘lishi mumkin. Ammo dunyo ko‘z o‘ngida o‘z qiyofasini qayta yaratish kampaniyasi doirasida O‘zbekiston bugun o‘z ixtiyoridagi barcha go‘zallik shakllarini safarbar etmoqda — Ipak yo‘li karvonsaroylaridan tortib sovet modernizmining durdonalari, shuningdek yosh o‘zbek rassomlarining ishlarigacha.

2016 yilgacha O‘zbekistonni sovet davridan qolgan siyosiy arbob Islom Karimov boshqargan edi. U umrbod prezident bo‘lib, uning hokimiyati zo‘ravon siyosiy repressiyalar va keng ko‘lamli korrupsiya bilan ajralib turardi. Uning qizi Gulnora Karimova — pop musiqa va modada o‘zini sinab ko‘rgan xalqaro darajadagi dunyoviy shaxs — moliyaviy jinoyatlari bilan nom chiqargan; bugun u pul yuvish va firibgarlik aybi bilan uzoq muddatli qamoq jazosini o‘tamoqda. Karimovdan so‘ng hokimiyatga uning bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev keldi. U ham avval Kommunistik partiya a’zosi bo‘lgan va Sovet O‘zbekiston hukumati tarkibida ishlagan bo‘lsa-da, Mirziyoyev mamlakatga ma’lum darajada liberallashuv nafasi olib kirdi va bu holat o‘zbek diasporasining bir qismini vatanga qaytishga undadi. U xorijiy sarmoyalar va xalqaro turizm uchun eshiklarni ochdi hamda postsovet iqtisodiyotini faol ravishda xususiylashtirmoqda.

Bugun O‘zbekistonda Karimov davriga qaraganda erkinroq gapirish mumkin (garchi o‘sha davrda erkinlik darajasi juda past bo‘lgan bo‘lsa ham). “Endi O‘zbekiston ichida axborot ishlab chiqarayotgan ommaviy axborot vositalari, blogerlar va boshqa barcha odamlar duch kelayotgan real muammolar, real masalalar haqida yozishlari mumkin”, — dedi menga Karnegi Rossiya va Yevrosiyo markazining ilmiy xodimi Temur Umarov. “Biroq ular hanuz ayrim qoidalarga rioya qilishlari shart. Bu qoidalar yozilmagan qoidalar — ular shunchaki havoda”. Faqat bitta qoida aniq belgilangan: prezidentni tanqid qilish jinoyat hisoblanadi.

Karimov singari, Mirziyoyevning ham jozibali va ambitsiyali qizi bor — Saida Mirziyoyeva. Qirq ikki yoshli Saida bugun Prezident Administratsiyasiga rahbarlik qiladi va otasidan keyin mamlakatdagi ikkinchi eng qudratli shaxs hisoblanadi. U Markaziy Osiyodagi ilk ayol avtoritar yetakchiga aylanishi ehtimoldan xoli emas — shubhali, ammo baribir e’tiborga molik “yutuq”.

Uning rahbarligi ostida O‘zbekiston yanada zamonaviy, yanada texnokratik va qisman yanada progressiv bo‘lib bormoqda. Davlatdagi faoliyatini u Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbarining o‘rinbosari sifatida boshlagan bo‘lib, o‘sha paytda ochiqroq matbuot, inklyuziv jamiyat, ayollar huquqlarini himoya qilish va tarixiy obidalarni asrash tarafdori sifatida chiqishlar qilgan. San’at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasiga (ACDF) Buyuk Britaniyada tahsil olgan, ta’sirchan kurator Gayane Umerova rahbarlik qiladi va u Mirziyoyeva bilan yaqin aloqada. Umerova boshchiligida ACDF ilgari chekka bo‘lib ko‘ringan O‘zbekistonni xalqaro san’at sahnasida sezilarli ishtirokchiga aylantirmoqda. Yaponiyalik mashhur “yulduz me’mor” Tadao Andoga 2028 yilda ochilishi rejalashtirilgan yangi Milliy muzey binosini loyihalash topshirilgan. Bunday tashabbuslar kam tilga olinadigan mamlakatga ijobiy e’tibor jalb qilish va shu orqali xorijiy sarmoyalarni ko‘paytirishga qaratilgan puxta strategiyaning bir qismidir.

Sentyabr oyida men Toshkentdagi yaqinda restavratsiya qilingan Zamonaviy san’at markazida Mirziyoyeva va Umerova bilan bo‘lib o‘tgan tantanali kechki ovqatda qatnashdim. Bu markaz fransuz me’morlik byurosi Studio KO loyihasi bo‘lib, u 1912 yilda qurilgan, shaharning ilk tramvay liniyasini elektr bilan ta’minlagan dizel zavodi binosida joylashgan. ACDF buni shunday ta’riflaydi: “Toshkent shahrining elektrlashtirilishi aynan shu yerda boshlangan. Zamonaviy O‘zbekistonning badiiy muhitini yangilash ham shu yerdan boshlanadi”.

Loyiha bir vaqtlar gullab-yashnagan Moskvadagi “Garaj” zamonaviy san’at muzeyini yaqqol eslatadi. U dastlab 1926 yilda Konstantin Melnikov tomonidan loyihalangan konstruktivistik yodgorlik — Baxmetyev avtobus garajida joylashgan edi. 2008 yilda oligarx Roman Abramovich mablag‘lari hisobidan tashkil etilgan “Garaj” kosmopolit va zamonaviy yangi Rossiyaning ramziga aylangan edi. Mashhur xalqaro me’morlar va rassomlarning ishtiroki global san’at maydoniga kirish uchun gullab-yashnagan demokratiya shart emasligini eslatib turardi. Bugun Rossiyaning o‘sha imijni qayta yaratish davri uzoq xotiradek tuyuladi. Endilikda mamlakat o‘z qudratini raketalar va dronlar orqali namoyon etmoqda. Ko‘plab rossiyalik rassomlar, kuratorlar va boshqa madaniyat arboblari mamlakatni tark etishdi. Ularning ayrimlari siyosiy yo‘nalishi hali aniq shakllanmagan O‘zbekistonda ish topdi.

Sovet me’morchiligi bo‘yicha taniqli tarixchilar — ularning ko‘pchiligi endi Rossiyaga bora olmaydi yoki borishni istamaydi — Toshkentga kelib, shaharning sovet davriga oid me’moriy merosini saqlash, o‘rganish va restavratsiya qilishga yordam bermoqda. Kechki sovet modernizmi bilan Markaziy Osiyoga xos an’anaviy qurilish usullarining noodatiy uyg‘unligidan iborat bu meros San’at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF) ko‘magida chop etilgan yana bir nashr — “Toshkent modernizmi XX/XXI” kitobining mavzusiga aylangan. Hajmi katta bo‘lgan ushbu nashr me’morchilik tarixiga oid esse­lar, yodgorliklarni asrash rejalari, alohida binolarga bag‘ishlangan monografiyalar hamda milanlik rassom Armin Linkening nihoyatda nafis vizual esselarini o‘z ichiga oladi. Asosan professional auditoriyaga mo‘ljallangan bu kitob sovet me’morchiligi tarixidagi kam o‘rganilgan, ammo g‘oyat qiziqarli davr haqida boy ma’lumot beradi.

SSSRning irqiy tenglikka urg‘u berishi (kamida rasmiy darajada) Markaziy Osiyoga alohida siyosiy ahamiyat bag‘ishlagan edi. Bu mintaqa allaqachon Langston Hyuz kabi mashhur xorijiy mehmonlarni o‘ziga jalb qilgan edi. Hyuz 1932–1933 yillarda AQShdagi mehnat va irqiy munosabatlarga bag‘ishlangan sovet filmi uchun taklif etilgan afroamerikaliklar guruhi tarkibida SSSRga kelgan. (Film suratga olinmagan, biroq Hyuz bu safar haqida ko‘plab maqolalar yozgan, shuningdek 1956 yilda chop etilgan, nihoyatda qiziqarli va o‘tkir hazilga boy I Wonder as I Wander nomli sayohat xotiralarini yaratgan.) Rossiya imperiyasi davrida Markaziy Osiyodagi irqiy ajratishlar Hyuzga Jim Krou qonunlarini eslatgan; u uchratgan qoratanli o‘zbeklar va turkmanlar bilan o‘zini yaqin his qilgan. Uning nazarida SSSR rang to‘siqlari bekor qilingan, modernistik san’at davlat tomonidan qadrlangan, tibbiy va stomatologik xizmatlar bepul bo‘lgan hayratlanarli yangi dunyo edi.

Ikkinchi jahon urushi davrida ko‘plab muhim sovet muassasalari va madaniyat arboblari xavfsizlik maqsadida Toshkent va Qozog‘istondagi Olmaotaga evakuatsiya qilindi. Urush yillarida va undan keyin bu holat ikki shaharga moddiy va insoniy resurslarga g‘ayrioddiy darajada keng kirish imkonini berdi. Sovet hokimiyati Toshkentni “Sovet Sharqi”ning hashamatli vitrinasiga aylantirishga qaror qildi. Bu vitrina Markaziy Osiyo xalqlari sovet utopik loyihasiga qanchalik muvaffaqiyatli qo‘shilganini dunyoga namoyish etishi kerak edi. 1966 yilgi zilzila O‘zbekiston poytaxtini vayron qilgach, Brejnev qayta qurish rejasini e’lon qilib shunday degan edi: “Ikki yil ichida biz Toshkentni yangi qiyofada, kelajakdagi buyuk shahar uchun me’moriy ohang belgilovchi holatda ko‘rishni umid qilamiz”. Shaharning eng muhim sovet me’moriy yodgorliklarining ko‘pi aynan shu davrga to‘g‘ri keladi.

1976 yilda Audre Lorde Sovet yozuvchilar uyushmasi homiyligida o‘tkazilgan Afro-Osiyo yozuvchilari konferensiyasida kuzatuvchi sifatida Toshkentga kelganida, shaharning eski qismlari unga Ganani eslatgan, zilziladan keyin qayta qurilgan hududlar esa “katta odamlar guruhi birgalikda ishlaganda nimalarga erishish mumkinligining yodgorligi”dek tuyulgan. Sotsialistik loyiha unga chuqur ta’sir qilgan bo‘lsa-da, u uchratgan odamlar erkin gapirmayotganini sezgan. “Rossiyaga safardan qaydlar” nomli esseda u shunday yozadi: “Sovet Ittifoqi xalqlari ko‘p jihatdan hozircha samimiy bo‘lishni o‘zlariga ravo ko‘ra olmaydigan odamlarga o‘xshaydi. Qachonki bunga qodir bo‘lsalar, ular yo mo‘jizaviy ravishda gullab-yashnaydi, yo tanazzulga yuz tutadi”. U SSSRda jinsiy ozchiliklar va yahudiylarning mavqei haqidagi savollariga aniq javob topa olmadi, biroq Hyuz singari u ham umumiy sog‘liqni saqlash tizimidan chuqur ta’sirlandi.

Lorde Xalqlar do‘stligi saroyini ko‘rish uchun juda erta kelgan edi. 1981 yilda qurilgan, to‘rt ming o‘rinli bu konsert zali Kommunistik partiya yig‘inlari va qurultoylari uchun foydalanilgan. Bugun uning ichki makoni hayratlanarli: chuqur ko‘k rangli yaltirab turgan koshinlar va ulkan uzum shodalarini eslatuvchi qandillar bilan bezatilgan. Bu bino sport arenasini xalqona Versal bilan chatishtirgandek ko‘rinadi. Tashqi qiyofasi esa yanada ikki ma’noli taassurot uyg‘otadi. Fasadning ulkan oynavand derazalari beton bezaklar bilan yumshatilgan yoki boshqa nuqtai nazardan qaralganda, himoyalangan. Ushbu element karnizlar va stalaktitlarga o‘xshash shakllarga ega. U an’anaviy islomiy me’morchilikni eslatsa-da, binoni qal’aga o‘xshatib qo‘yadi va sovet ulug‘vorligining tenglikka asoslangan g‘oyasini zaiflashtiradi. Shunga qaramay, Xalqlar do‘stligi saroyining sharqona bezakdorligi uning saqlanib qolishiga yordam berdi. Beton modernistik inshootlarning aksariyatiga qaraganda jozibaliroq va ta’sirchanroq bo‘lgan bu bino o‘zbek amaldorlarining mehrini qozongan. Shu sababli u buzib tashlangan yoki tanib bo‘lmas darajada o‘zgartirilgan ko‘plab boshqa sovet binolari taqdiridan qutulib qoldi. Toshkentdagi sovet me’morchiligi ishqibozlari uchun boshqa diqqatga sazovor joylar qatoriga mozaikalar bilan bezatilgan ulkan beton inshoot — Chorsu bozori; kosmik tadqiqotlar qahramonlari soxta illyuminatorlardan yo‘lovchilarga tikilib turgan “Kosmonavtlar” metro bekatining sapfir va zumradday yaltiragan ustunlari; shahar tashqarisidagi retrofuturistik quyosh pechi, ya’ni “gelio­kompleks”; hamda kemaning yelkaniga o‘xshab bo‘rtib chiqqan beton fasadli, xira, ammo ulug‘vor “O‘zbekiston” mehmonxonasi kiradi.

O‘zbekistonning eng yirik turistik markazlari — sayyohlik guruhlari butun mehmonxonalarni band qiladigan manzillar — qadimiy Samarqand va Buxoro shaharlaridir. Samarqand sovet davrida Temurning tarixiy poytaxtining benuqson, “takomillashtirilgan” talqiniga aylantirildi: uning binolari geometrik ko‘k-oq koshinlar bilan qoplangan yaltirab turgan fasadlar bilan bezatildi. Qadimiy Buxoro esa buning aksincha, pastqam va asosan monoxrom bo‘lib, qum tepaliklarini eslatuvchi savdo gumbazlari bilan ajralib turadi. Bir paytlar Ipak yo‘lidagi muhim bekat bo‘lgan va Markaziy Osiyoda Langston Hyuz eng ko‘p sevgan shahar hisoblangan Buxoro bugun O‘zbekiston tarixidagi ilk biennaleni qabul qilmoqda. Biennale komissari Gayane Umerova bo‘lsa, badiiy rahbarlikni Diana Kempbell Timur Zolotoev bilan birga olib bormoqda. Sentabr oyidagi ochilish mamlakatning global madaniy kapitalni jamg‘arish yo‘lidagi kampaniyasida yangi bosqichni boshlab berdi.

Hatto birinchi biennalenning vatani bo‘lgan Venetsiyadan ham ko‘ra, eski Buxoro dunyodagi eng to‘liq amalga oshirilgan sahna bezagi kabi tuyuladi. So‘nggi yillardagi restavratsiya ishlari — ACDFning yana bir tashabbusi bo‘lib, ayrim rassomlar va me’morlar istaganidan ham kengroq miqyosda olib borildi — me’mor Vael al-Avar rahbarligida amalga oshirildi. U tarixiy joylarni aynan o‘z holicha saqlab qolish yoki ularni sobiq “oltin davr”iga qaytarishdan ko‘ra, ularga yangi hayot berish tarafdori edi. Uning maqsadi eski Buxoro yodgorliklarini bir-biriga silliq ulanib ketadigan, faol foydalaniladigan, interaktiv makonlarga aylantirishdan iborat bo‘lgan; ularning yuzalari shunchalik beg‘ubor holatga keltirilganki, deyarli aerograf bilan ishlov berilgandek ko‘rinadi. XII asrga oid Mag‘oki Attor masjidi — zardushtiy ibodatxona o‘rnida qurilgan va XX asr oxirida gilam muzeyiga aylantirilgan bino — bugun tashrif buyuruvchilar markazi va ACDFning Buxoro o‘tmishi va buguniga bag‘ishlangan “arxivi”ga aylangan. Atrofidagi maydon esa hozir o‘rindiq vazifasini bajaruvchi pog‘onalar bilan o‘ralgan bo‘lib, tadbirlar uchun qulay makonga aylantirilgan.

Biennale ochilishida futuristik quyosh ko‘zoynaklaridagi, zamonaviy Salomon krossovkalaridagi, Issey Miyakening sayohatga qulay Pleats Please to‘plamidan kiyimlar kiygan va endigina xarid qilingan kashtali choponlarni yelkasiga tashlagan xalqaro san’at muhitining vakillari rang-barang ikat ko‘ylaklar va ro‘mollardagi mahalliy buvilar bilan aralashib ketgan edi. Madaniy tadbirlarda ko‘rganimdan ham ko‘proq yoshlar bor edi; tashkilotchilar tez-tez eslatib o‘tganidek, O‘zbekiston yosh va tez sur’atlar bilan o‘sayotgan mamlakatdir. Biennaledagi barcha asarlar maxsus buyurtma asosida yaratilgan bo‘lib, rassomlar mahalliy hunarmandlar bilan juftlab ishlatilgan. Bagama orollaridan bo‘lgan rassom Tavares Strachan o‘zbek gilamdo‘zi Sabina Burxanova bilan hamkorlik qilib, Hyuzning Markaziy Osiyo safari davomida yozgan she’rlari, shuningdek paxta yetishtirish va kosmik parvozlar tasvirlari bilan bezatilgan gilamlar yaratdi. Men ko‘rgazmani tomosha qilgan paytda asarlar tavsiflari hali joylashtirilmagan edi va, chamasi, ko‘plab tomoshabinlar bu gilamlarning ortidagi tarixiy yoki siyosiy mazmunni anglamagan holda, ularning nafis qo‘l mehnatiga qoyil qolishgan.

G‘ayrioddiy makon bilan uyg‘unlashgan holda, biennalenning hunarmandchilikka urg‘u berishi unga oson tushuniladigan, ko‘zga yoqimli go‘zallik bag‘ishladi va bu go‘zallik Instagram’da katta muvaffaqiyat qozondi. Shu ma’noda, biennale mutlaqo demokratik edi. Uning ochiq va hammabop estetikasi ko‘plab asarlarning tomoshabin bilan o‘zaro aloqani taklif qilgani bilan yanada kuchaydi. Buxoroda matolar ko‘pincha quyoshda namoyish etiladi yoki kiyib yuriladi, ranglari o‘chishidan qo‘rqilmaydi: tabiiy bo‘yoqlarning ranglari quyoshda buzilmaydi, balki “yetiladi”, deb hisoblanadi. O‘zgarishga ochiqlik biennalenning asosiy ruhiyatining bir qismi edi. Men kichkina qizchaning braziliyalik rassom Marina Peres Siman va o‘zbek mozaikachi Baxtiyor Babamurodov tomonidan yangi o‘rnatilgan asar ustidan rolikda uchib o‘tayotganini ko‘rdim. Bolalar Antoni Gormli yaratgan, loy va fermentlangan somondan yasalgan g‘ishtlardan qurilgan ochiq osmon ostidagi labirint bo‘ylab quvlashib yugurishardi. Quyosh, shamol, sovuq va chang ham bu jarayonga taklif etilgandi. Ochilish marosimi to‘lin oyga to‘g‘ri keltirilgan bo‘lib, u o‘zining haqli ravishda eng oliy san’at installyatsiyasi sifatidagi o‘rnini egalladi.

Buxoroning katta qismi Rossiya inqilobidan keyin yuz bergan fuqarolar urushi davrida Qizil Armiya tomonidan jiddiy zarar ko‘rgan edi. Biennaledagi ko‘plab asarlar sovet jinoyatlariga bevosita murojaat qildi — koreys aholisining O‘zbekistonga deportatsiya qilinishidan tortib (ishtirok etgan yosh rassomlarning bir qismi koreys kelib chiqishli o‘zbeklardir) sanoat sug‘orishi oqibatida Orol dengizining vayron qilinishigacha. Ishtirokchilar orasida Markaziy Osiyoning barcha hududlaridan, jumladan Mongoliyadan bo‘lgan rassomlar, Janubiy va Sharqiy Osiyodan kelgan ko‘plab ijodkorlar, shuningdek Rossiyadan bo‘lgan ko‘plab mualliflar bor edi. Biroq ishtirokchilar orasida Ukrainadan birorta ham rassom yo‘q edi. Sovet davridagi jinoyatlar muhokama qilinishi mumkin edi, ammo Rossiyaning bugungi vayronkor harakatlari — yo‘q.

Ikki marta dengizga chiqish imkonidan mahrum bo‘lgan davlatdan kutilganidek, O‘zbekiston barcha qudratli qo‘shnilari bilan yaxshi munosabatlarni saqlashga intiladi. Ammo biennaleda eng ko‘zga tashlangan munosabat O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi aloqalar bo‘ldi — o‘zi ham bir nechta biennale o‘tkazadigan mamlakat bilan. Saudiya kompaniyalari ACWA Power va Vision Invest Buxoro biennalesining homiylari bo‘ldi va boy, texnologik jihatdan rivojlangan, musulmon avtoritar davlati O‘zbekiston uchun tobora muhim namuna bo‘lib bormoqda. U hatto AQSh, Rossiya va Xitoydan iborat eski “uchlik”dan ham ustun qo‘yila boshladi.

Buxoro biennalesidagi eng sevimli asarlarimdan biri hindistonlik rassom va raqqosa Shakuntala Kulkarni tomonidan, O‘zbekiston va Hindistondan bo‘lgan hunarmandlar va raqqosalar bilan hamkorlikda yaratilgan Intimate Conversations (“Intim suhbatlar”) nomli ish bo‘ldi. Kulkarni karvonsaroydagi juda kichik xonaning devorlariga ayol raqqosalar tanalarini proyeksiya qildi — bu xona bir paytlar shahardan o‘tayotgan bir yoki ikki savdogar tomonidan bo‘lishib foydalanilgan. Bir fut balandlikdagi tasvirlar devordan devorga sakrab o‘tar, xuddi o‘z hikoyalarini aytishni talab qilayotgan arvohlardek. Buxoro filarmoniyasi musiqachilari bilan bo‘lgan chiqish vaqtida ijro deyarli uzilib qolay dedi: musiqachilardan birining kichik farzandi sahnaga chiqib, instinktiv ravishda otasi tomon yo‘l oldi.

Shu payt tepada dron g‘uvillab uchib o‘tdi — tomosha yozib olinishi kerak edi. Bir necha kundan so‘ng e’lon qilingan dabdabali promo-video bir go‘zal installyatsiyadan boshqasiga chaqnab o‘tadi: biennaledagi barcha san’at asarlari va butun eski Buxoro uzun oq libosi qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan, yaltirab turgan oniks rangidagi soch turmagi bilan Saida Mirziyoyeva uchun fon vazifasini bajaradi. Videoni tomosha qilar ekanman, bu go‘zallik nimani anglatishini o‘yladim. Bu PR strategiyasimi? Kapitalmi? Hokimiyatning bezagimi? San’at hanuz ozodlik yoki yuksalish vositasi bo‘la oladimi?

Hech bir dron Kulkarni ijrosining so‘zsiz, ammo nihoyatda ifodali ohangini buzolmadi. Uning tantanavor va nafis harakatlari hind an’anaviy raqslaridan ilhomlangan bo‘lib, xoreograf Arundhati Chattopadhyaya tomonidan sahnalashtirilgan edi. Kulkarni baland bo‘yli, ozg‘in, buyuk fojia aktrisalariga xos chuqur va o‘tkir nigohli ayol bo‘lib, yetmish besh yoshida ham, o‘smir raqqosalar yonida ko‘ringanida ham, tanasining harakatchanligi susayganini sezdirmasdi. U qariyb bir yil O‘zbekistonda bo‘lib, Assamdan bo‘lgan doimiy hamkorlari bilan ishlagan qoraqalpoq to‘quvchilari, raqqosalar va musiqachilar bilan hamkorlik qildi. Janubiy va Markaziy Osiyo hunarmandlarining bu uchrashuvi subkontinent bilan dasht o‘rtasidagi chuqur tarixiy aloqalarni yodga soldi: Temur Boburning — Boburiylar imperiyasi asoschisining — uch karra bobosi edi. Haykaltarosh Antoni Gormli menga Buxoroni “Yevrosiyo qit’asining kindigi” deb ta’rifladi. Ming yillar davomida bu yer almashinuv makoni bo‘lib kelgan va bu biennale haqiqatan ham ana shu an’ananing qayta tiklanishidek tuyuldi.

Buxoro biennalesining turfa go‘zalliklari, Ural Tansiqboyev ijodi yoki mehr bilan restavratsiya qilingan sovet saroylari O‘zbekiston kelajagi uchun nimani anglatadi? Yaqin o‘tmishda avtoritar yoki yarim avtoritar davlatning xalqaro madaniy doiralarga kirishi dunyoga uning unchalik ham shafqatsiz yoki qo‘rqinchli emasligini va globallashgan madaniyatning go‘yoki liberallashtiruvchi loyihasiga sodiqligini ko‘rsatish usuli sifatida qabul qilinar edi. 2000–2010-yillarda zamonaviy san’at muzeylari, fotogenik bog‘lari, chiroyli yoritilgan sushi-restoranlari va, albatta, o‘z biennalesiga ega bo‘lgan “yangi Moskva” xorijiy mehmonlarni, hatto o‘z fuqarolarining ko‘p qismini ham, yomon eski dunyo butunlay ortda qoldi, degan fikrga ishontirishga muvaffaq bo‘ldi — garchi yangi dunyo demokratik bo‘lmagan bo‘lsa ham.

Ammo O‘zbekiston o‘z madaniy loyihasini yangi global tartib sharoitida boshlamoqda. AQSh endi orzu qilinadigan namuna emas, Yevropa tanazzulga yuz tutmoqda, kelajak sari yo‘l esa tobora g‘arbga emas, sharqqa qarab yo‘nalayotgandek. Samarqand madrasalaridan tortib Toshkentdagi sovet modernizmining durdonalarigacha va Andoning kelajakdagi muzeyigacha — O‘zbekiston yodgorliklari avtoritarizmning estetik imkoniyatlarini namoyish etadi. Ha, mamlakat fuqarolari (kamida yirik shaharlar aholisi) bugun global san’atga, yuqori tezlikdagi poyezdlarga va toza energiyaga yangi imkoniyatlar orqali ega bo‘lmoqda. Ammo O‘zbekistonda erkin saylovlar ham, so‘z erkinligi ham yo‘q. Ammo biennale bor.

Author

Comment
Share

Building solidarity beyond borders. Everybody can contribute

Syg.ma is a community-run multilingual media platform and translocal archive.
Since 2014, researchers, artists, collectives, and cultural institutions have been publishing their work here

About