Donate
Society and Politics

Post-sovet makoni fikrlay oladimi? Bilim mustamlakasi, tashqi mustamlaka va ikki tomonlama mustamlaka farqi haqida

Tarjima va Tanqid26/08/24 12:49522

Qisqacha mazmuni

Maqolada post-sovet ijtimoiy fanlarining har joyda mavjud mustamlaka bilan tamg‘alangan global bilim tizimidagi asosiy muammolari ko‘rib chiqiladi. Fan majmualari jihatidan bu tashxis ijtimoiy fanlar va mintaqashunoslik o‘rtasidagi tafovutda namoyon bo‘ladi, bunda post-sovet yoki chetlatilgan yoki postkolonial muhokamalarga tenglashtirilgan. Bu holatni post-sovet makonining va uning ijtimoiy fanlari va olimlarining qolgan dunyo uchun ko‘rinmasligi, hamda global Shimolning post-sovet olimini ratsional subyekt sifatida qabul qilishdan bosh tortishi deb ta’riflash mumkin. Ushbu post-sovet, postkolonial va boshqa post-qaramlik omillarining murakkab kesishuvining sabablari ichki va tashqi, siyosiy va bilimga oiddir. Dekolonial ko‘zguning metodologik tamoyillariga rioya qilgan holda, muallif bilim ishlab chiqarishdagi post-sovet turg‘un tizimining bunday o‘ziga xos elementlarini tashqi mustamlaka farqni va ikki tomonlama mustamlaka farqni, bilimning geo-siyosati va tana-siyosatini bilim ishlab chiqarish va tarqatishda qanday aks etganini tahlil qiladi, va ushbu bilimga oid boshi berk ko‘chadan chiqishning mumkin bo‘lgan yo‘llariga alohida e’tibor qaratadi.

 

Chop etilayotgan maqolaning original nomi: Tlostanova, Madina. “Can the post-Soviet think? On Coloniality of Knowledge, External Imperial and Double Colonial Difference.” Intersections. East European Journal of Society and Politics 1.2 (2015): 38-58.

Tarjimon: Bobir Muratov


Boshlang‘ich fikrlar

Ushbu maqolaning sarlavhasi Singapurlik siyosatshunos Kishore Mahbubani tomonidan yozilgan “Osiyoliklar Fikrlay Oladimi? Sharq va G‘arb O‘rtasidagi Tafovutni Tushunish” (2001) kitobidan ilhomlangan. U G‘arb texnologiyalaridan va ularning muvaffaqiyatli amalga oshirilishini ta’minlaydigan cheklangan miqdordagi tamoyillar (masalan, meritokratiya, ta’lim va adolat)dan foydalanishni targ‘ib qilgan, ammo shu bilan birga, hech qachon umumiylashgan va globallashgan zamonaviylik foydasiga yo‘q qilinmasligi kerak bo‘lgan mahalliy qadriyatlar va madaniy, axloqiy, ijtimoiy, diniy va gender modellari saqlanishining ahamiyatini ta’kidlagan. Mahbubanining asosiy iddaosi G‘arb liberalizmiga qarshi emas, garchi u muvaffaqiyatli iqtisodiy rivojlanish yoki zamonaviylikning hozirda biz anglagan talqiniga mansub bo‘lish uchun demokratiya yoki siyosiy ochiqlik zarur emasligini ko‘rsatib bersa-da (Mahbubani, 2009). U shunchaki G‘arb o‘zi belgilagan qoidalarni tez-tez buzayotganini va shuning uchun boshqalarga qanday bo‘lishni o‘rgatish huquqini yo‘qotayotganini, odamlarni huquqlari muhim bo‘lgan va fikrlashga ruxsat berilganlarga va hayoti ahamiyatsiz bo‘lgan va to‘liq ongli subyektlar sifatida qaraladiganlarga ajratish imtiyozini yo‘qotayotganiga e’tibor qaratadi.

O‘zining qo‘zg‘atuvchi savolini berar ekan, Mahbubani, albatta, o‘zi va osiyolik yurtdoshlarining tafakkur yuritish qobiliyatiga shubha qilmaydi. U nazarda tutgan fikr shundaki, tarixda nima uchun va qanday qilib osiyoliklarga G‘arb bilan teng asosda zamonaviylikka qo‘shilish uchun o‘z aqliy qobiliyatlaridan to‘liq foydalanish imkoniyati berilmagan va bu holatni qanday qilib o‘zgartirishlari kerak. Shu tariqa, Mahbubanining loyihasi zamonaviylik ritorikasini mustamlakachilik mantig‘idan ajratishga intiladi, hamda biz teng imkoniyatlar holatida ekanligimizni va Sharq o‘zining muvaffaqiyatsizliklari uchun o‘zi aybdor ekanini taxmin qiladi. Ammo bu qarashni saqlab qolish mumkin emas, chunki zamonaviylik ritorikasi va mustamlakachilik mantig‘i bir-birisiz mavjud bo‘la olmaydi. Mahbubani tomonidan ilgari surilgan g‘arbsizlashtirish tafakkuri bilim mustamlakasini e’tiborga olmaydi. Bu maqolada esa aynan ushbu masala post-sovet makoni va uning fuqarolari bilan bog‘liq holda ko‘rib chiqiladi. Afsuski, bizning holatda Mahbubanining savoliga javob ijobiy bo‘lmasligi mumkin va buning sabablari bilim mustamlakasi, tashqi mustamlaka farqi va ikki tomonlama mustamlaka farqi kabilar jamlanmasidadir.

Bilim mustamlakasi nima?

Bilim mustamlakasi zamonaviy illat bo‘lib, barcha bilim va tafakkur modellari, dunyo va odamlarni ko‘rish va talqin qilish, subyekt-obyekt munosabatlari, fanlarning bo‘linish tuzilmalari XVI asrdan boshlab G‘arb zamonaviyligi tomonidan yaratilgan va majburan joriy etilgan me’yorlar va qoidalarga to‘liq bog‘liq ekanligini anglatadi, shuningdek insoniyatga universal, lokallashmagan va o‘zlikdan uzilgan ko‘rinishda taqdim etiladi. Bilim mustamlakasi xalqaro dekolonial olimlar tomonidan kiritilgan atama bo‘lib, yigirma yildan beri uning asosiy vazifasi zamonaviylik hamda uning salbiy tomoni — mustamlakachilikni tanqidiy tahlil qilish, zamonaviylik zo‘ravonligining ildizini ichki va tashqi boshqalar bilan bog‘liq holda kuzatish, shuningdek, zamonaviylik/mustamlakachilikdan uzilish hamda mavjudligimiz, bilimlarimiz, idrokimiz, jins va xotiramizni ozod qilish uchun dekolonial kurashlarning muqobil ildizlarini tiklash yo‘llarini taklif qilishdan iboratdir. Tarixi Yangi Dunyo mustamlakasiga borib taqalsa-da, global qaramlik mustamlakachilikdan farq qiladi. Ammo mustamlakachilik bu tarixiy va tavsiflovchi atama bo‘lib, zamonaviylik/mustamlakachilik loyihasining ilmiy va muhokamali asoslarini buzishga intilmaydi, ilm-falsafasining tubiga kirib, uning hukmron mustamlakachilik ildizlarini namoyon qilishga kamdan-kam holda kirishadi. Aksincha, global qaramlik mustamlakachilik tugaganidan ancha keyin ham davom etmoqda, hamda zamonaviy fanlar va ta’lim yo‘nalishlari, bilim ishlab chiqarish va tarqatish, shuningdek, postkolonial talqinlarga oson sabab bo‘lmaydigan geotarixiy va geosiyosiy vaziyatlarda rivojlanmoqdaki, bu post-sovet makonlari va mutafakkirlari uchun ham xosdir.

Global qaramlik doimo o‘ziga xos mahalliy shakllar va sharoitlarda namoyon bo‘ladi, shu bilan birga zamonaviylikning odatda ma’nosiz va shafqatsiz tarqoq ko‘rinishlarini sog‘lom idrok etish uchun tanish rishta bo‘lib qoladi. Zamonaviylikda mavjudlikning begonalashtirilishi ilmiy ildizlarga ega, chunki zamonaviylik obyektiv tarixiy jarayon emas, balki bilim yaratish tizimidir. Bu muayyan tarixiy jarayonlarni o‘ziga xos usulda tasvirlaydigan va barchani bu obyektiv mavjudlik haqiqati ekanligiga ishontira oladigan g‘oyadir. Zamonaviylik g‘oyasi yaratilgach, u o‘zini yaratgan bilim tizimini qonuniylashtirdi. Ikkisi ham boshqa bilim tizimlarini rad etish va boshqa tarixiy jarayonlarni zamonaviylikdan tashqariga surish vositasiga aylandi. Bilim zamonaviyligini yaratish bilim qaramligi bilan birga davom etdi, ya’ni bilimning mazmunini o‘zlashtirish yoki uni rad etish orqali bilim mustamlaka qilindi.

Enrike Dussel yovuz “ego conquiro” oxir-oqibat yengilroq “ego cogito”ga — “boshqalarni, ayollarni va zabt etilgan erkaklarni begonalashtiruvchi erotika va savdo kapitalistik iqtisodiyoti orqali bo‘ysundirish”ga olib kelishini ko‘rsatib berdi. Insonlararo muloqotlarga xususan, O‘zga bilan muloqotlarga emas, balki obyektlar bilan va obyektlarga munosabatlarga e’tibor qaratadigan falsafa va fan ayollarni ezish va irqiy ajratish axloqining faqatgina qorong‘u tomonlaridir. Shunday ekan, bilimni dekolonizatsiya qilish subyektivlik va ratsionallikdan mahrum qilingan va o‘z madaniyati, dini, jozibadorligi, irqi va jinsining namunasi sifatidagina qaralganlarning tarafidan turib odatiy subyekt-obyekt munosabatlarini beqarorlashtirishni anglatadi. Bunday odamlar uchun bilimlarimizning subyektiv o‘ziga xosligini ta’kidlash boshidanoq, ya’ni joriy bilimlardagi postmodernistik da’vodan farq qiladi. Bilim subyektlariga aylanib, dunyoga o‘z kelib chiqishimiz, hayotiy tajribalarimiz va ta’limimiz nuqtayi nazaridan qaray boshlasakkina, so‘ngra barcha mumkin bo‘lgan bilimlarning o‘lchoviga aylangan bilim institutlarini yaratgan G‘arb mustamlakachilik asoslarini hamda mutafakkirlarini o‘z o‘rganish obyektimiz deb qarashimiz mumkin.

Nol nuqtali bilim va fan majmualari tanazzuli

Zamonaviy fanlarning ko‘pchiligi G‘arbning g‘oyaviy va ilmiy mahsulotlari bo‘lib, Santyago Kastro-Gomez tili bilan aytganda “nol nuqta g‘ururi”ga asoslanadi, ya’ni kuzatuvchining afzallik nuqtasini va haqiqatdan uzilgan maxsus xavfsiz joyni egallash (kuzatuvchi kuzatilmaydi), va har qanday subyektiv tarafkashlik va manfaatlardan xoli ko‘rinib sof va buzilmagan haqiqatni tarqatayotganini da’vo qiluvchi mag‘rur istakdir. Bunday Arximedga xos yondashuv, geo-tarixiy joylashuv va bilim va tana-irq va jins bilim shakllarining o‘zaro bog‘liqligini yashiradi. Bu dunyoqarash, shuningdek, muayyan tillar va fikrlash kategoriyalariga asoslangan bo‘lib, G‘arbga noma’lum tillar va tushunchalarni ishlatadigan yoki boshqa tilda yozadigan va fikr yuritadigan har qanday kishini avtomatik ravishda chetlatadi. Kastro-Gomez bu muammo haqida shunday deydi:

“Bilim ishlab chiqarish va tarqatishning turli usullarining birga mavjud bo‘lishi yo‘q qilinadi, chunki endi barcha insoniy bilim shakllari bilim tarozisi bo‘yicha an’anaviydan zamonaviyga, johillikdan madaniyatga, jamoatdan shaxsiyatga, Sharqdan G‘arbga qarab o‘lchanadi (…) Ushbu strategiya orqali ilmiy fikrlash o‘zini bilim ishlab chiqarishning yagona haqiqiy shakli sifatida ko‘rsatadi va Yevropa butun dunyoning boshqa madaniyatlari ustidan bilim hukmronligiga ega bo‘ladi.”

Ma’rifatparvarlik davridan keyingi dunyoda bu nol nuqtali bilim o‘z manbai va hokimiyatini Xudodan Aqlga o‘zgartirdi, bu esa maxsus guruhlar uchun bunday xavfsiz va shubhasiz bayonot hududini yaratdi.

Bu, ayniqsa, gumanitar va ijtimoiy fanlar majmuasining mazmunsiz ko‘payishiga va yoyilishiga olib keladi. Fan majmualari ko‘pincha haqiqat va ijtimoiy holat bilan aloqani yo‘qotadi va ko‘pincha o‘zlarining o‘ylab topilgan muammolariga e’tibor qaratadi. Ushbu tashvishli holat fan majmualarini qutqarish va ijtimoiy haqiqatga sodiq qolish uchun ularni majmualardan chiqarish chaqirig‘iga olib keldi. Levis Gordon bu hodisani “majmuaviy tanazzul” deb atadi. Ya’ni “metod haqiqatni ilmiy rad etishga yordam beradi” va olimlar haqiqiy dunyodagi odamlar emas, balki muzlatilgan va borliqdan uzilgan majmualarning muammolariga e’tibor qaratadi, achchiq haqiqatlarni rad etib, shirin yolg‘onga yoki qasddan salbiy harakatlarga murojaat qilishadi. Bu esa ijtimoiy haqiqatga qarshi urushning shakli va mas’uliyat va tanlash erkinligidan qochish bo‘lib, davomiy harakatlar yoki hatto majmuaning an’analari orqali bir kishining fikrini umumiy haqiqat sifatida va fan majmuasini “o‘zini dunyo deb ratsionallashtirish” sifatida namoyon qiladi. Gordon uchun bu o‘lik nuqtadan chiqish yo‘li tanqidiy yaxshi niyat, fan majmualaridan maqsadli voz kechish va ularning paydo bo‘lishida asos bo‘lgan g‘oyalar va maqsadlarni qayta kashf qilishga intilishdir.

Gordonning fikrini boshqa ko‘plab G‘arblik bo‘lmagan olimlar qo‘llab-quvvatlaydi. Fan majmualari tanazzuli bilan kurashish uchun biz boshqalar bilan siyosiy va intellektual hamkorliklarni shakllantirish uchun mo‘ljallangan kesishuvchi sohalarga murojaat qilishimiz, oxir-oqibatda esa G‘arb va G‘arbga xos bo‘lmagan nazariya va faollikka oid o‘zaro hamkorlik tafakkurining paydo bo‘lishiga harakat qilishimiz kerak.

G‘arbiy nazariyada fan majmualari kesishuvi

Fan majmualarini ajratishga oid tendensiya kabi G‘arbga oid ohirgi ommaviy misollardan biri Rosi Braydotting tanqidiy antigumanistik postgumanizm modelida topiladi. Bu esa an’anaviy gumanitar va ijtimoiy fanlarni qayta ko‘rib chiqishga olib keladi. Braydotti tanqidiy postgumanizmni “inson shaxsiyatini ommaviy holatdan uzib, uni bajarayotgan aniq harakatlari uchun mas’uliyat yuklayapti” deb o‘ylaydi. Antigumanistlar uchun mavzu tobora murakkab, muammoli va aloqador bo‘lib boradi, hamda jozibadorlik, moddiylik, hamdardlik, ta’sirchanlik va istaklar bilan belginaladi. Ular global bio-genetik kapitalizm bugun taklif qilayotgan inson va inson bo‘lmagan hayot shakllarining salbiy umumiy ta’sirchanligi o‘rniga ko‘proq ijobiy muqobillarni taklif qilishga intiladilar. Tanqidiy antigumanizmning manbalari nafaqat feminist, postkolonial va poststrukturalistik fikrlarda, balki barcha jonzotlarga hurmat asosida yangi aniq ommaviylik shakllari uchun kurash olib borayotgan zamonaviy tanqidiy ekologizmda ham yotadi. Bu muqaddaslashtirilgan fan va texnologiyaga bog‘langan G‘arb gumanizmi, ratsionallik va dunyoviylikka qarama-qarshidir. Imtiyozli qulay nuqtadan gapirayotgan bo‘lsa-da, ko‘pincha turli muqobil qarashlarga ochiqroq va ba’zan ularni o‘z fikrlari uchun moslashtirishga va o‘zgartirishga harakat qilib, Braydotti postgumanizmni antropotsentrizmdan tashqariga chiqish va hayot tushunchasini insoniyatdan tashqariga yoki zoe tomon kengaytirish bilan bog‘laydi — bu jihatdan Jorjio Agambenning fikrlarini eslatadi, lekin zoeni ijobiy va konstruktiv ma’noda, hayotning inson bo‘lmagan muhim kuchi sifatida qayta talqin qilib, bios va zoe o‘rtasidagi ilgari barqaror bo‘lgan chegarani o‘chiradi. Braydotti uchun zoega yo‘naltirilgan tenglik post-antropotsentrik burilishning asosi hisoblanadi. Bu bugungi kundagi inson va inson bo‘lmaganlarni mahsulotga aylantiruvchi siyosiy iqtisodiyotga qarama-qarshidir.

Ijobiy va mutlaq bilim to‘plash modeliga ergashishni rad etishni taqozo qiluvchi bunday qayta nomlangan gumanitar va ijtimoiy fanlar, post-antropotsentrik, fanlararo, axloq bilan yo‘g‘rilgan izlanishlar yo‘nalishida keskin o‘zgarishni talab qiladi. Bunda insoniy amaliyotlarning o‘zligi “avtonomiya va o‘z-o‘ziga iqtibos beruvchi majmuaviy poklik o‘rniga bog‘liqlik va ko‘p qirrali aloqadorlikni ta’kidlash orqali” o‘zgaradi. Bu yangi gumanitar fanlar gumanitar fanlarning asosiy jihatini, ya”ni noinsoniy bo‘lib borayotgan holatlarda insoniylikning transformatsion ta’sirini tark etishini anglatmaydi. Ammo, Braydottining fikriga ko‘ra, yigirma birinchi asr gumanistlari biz abadiy yo‘qotgan klassik gumanitar fanlar himoyasida turmasliklari yoki ularni qo‘msamasliklari kerak. Buning o‘rniga, biz post-antropotsentrik gumanitar fanlarning, masalan, gumanitar fanlar, ijtimoiy fanlar va aniq va tabiiy fanlar o‘rtasidagi fanlararo hamda kesishuvchi sohalar (o‘lim fanlari, travma fanlari, tinchlik fanlari, insonparvarlik boshqaruvi, ekologik va ijtimoiy barqarorlik fanlari va hokazo) rivojlanishi uchun yangi yo‘llarni topish ustida ishlashimiz kerak, shuningdek, ilmiy shaxsiy-refleksiyani va ekstrovert ilm-fan madaniyatini yanada qat’iyroq rivojlantirishimiz kerak.

Bilimning geo-siyosati va tana-siyosati

Agarda bugungi kunda bilim ishlab chiqarish va taqsimlashdagi kuch muvozanati saqlanib qolayotgani va hatto ortib borayotganini hisobga olmasak, kelajakdagi fanlararo majmualar uchun ushbu yorqin istiqbollar to‘liq haqiqat va jozibador bo‘lishi mumkin emas. Lekin Braidotti bu muammolarni o‘zining imtiyozli bilim tana-siyosati va geo-siyosati sababli ko‘ra olmaydi. Bilimning geo-siyosati va tana-siyosati ongli shaxsiyat sifatida o‘chirilgan tarixiy agentlarning tajriba va xotiralaridan shakllangan bilim va siyosiy loyihalarni ifodalaydi. Bilim geo-siyosati bilimning mahalliy makon va vaqt asoslariga ishora qiladi. Tana-siyosati esa ma’lum bir mahalliy tarixlar va kelib chiqish va tarqalish yo‘llarida ildiz otgan alohida va jamoaviy biografik asoslar orqali tushunish va fikrlashni anglatadi. Bu yerda mahalliylik nafaqat geo-tarixiy joylashuv, balki dunyoni ma’lum bir mahalliy tarixdan idrok etadigan his qiluvchi tana bilan bilim bog‘liqligi sifatida ham tushuniladi.

Agar Fukoga xos bio-siyosat kuchni boshqarishni va uning talqin huquqi uchun kurashini bo‘laklarga bo‘lsa, dekolonial tana-siyosati esa bilimni uning yevromarkazli joyidan shaxslarni keraksiz jonlar, quyi odamlar, ikkinchi darajali fuqarolar va qoralangan dinlarning ergashuvchilari sifatida tasvirlash imkonini beruvchi irqiy, jinsiy, diniy, etnik va boshqa farqlar bilan belgilanadigan g‘arbiy bo‘lmagan va hukmron bo‘lmagan hududlarga va tanalarga ko‘chiradi. Fikr yuritish huquqi va qobiliyatidan mahrum bo‘lgan, turli shakllardagi bilim irqchiligini boshdan kechirayotgan yevropalik bo‘lmagan odamlar, bilim ishlab chiqarish va taqsimlashdagi kuch muvozanatini eng og‘riqli tarzda his qiladiganlardir.

Ularga Valter Mignolonining dekartcha iqtibosi tanish tuyulishi mumkin, ya’ni “Cogito ergo sum” ni “Men o‘ylayotgan joyimdaman” ga qayta ifodalasak:

“Men o‘ylayotgan joyimdaman” rad etilgan bilim tasdiqnomalari uchun asos yaratadi. Shu bilan birga, u tafakkur geografiyasida burilish sodir etadi. Agar “Men o‘ylayotgan joyimdaman” degan tasdiq bilim jihatdan rad etilganlar nuqtayi nazardan aytilsa, u bilimning nol nuqtasiga murojaat qilib, “va siz ham” degan ma’noni anglatadi. Boshqa so‘zlar bilan aytganda, “biz hammamiz o‘ylayotgan joyimizdamiz”, lekin faqat Yevropa bilimlar tizimi “Men o‘ylayman, demak, mavjudman” degan boshlang‘ich mulohazaga asoslangan edi, bu esa bilimning ilohiy asosini dunyoviy tushunchalarga tarjimasi edi (bunda biz allaqachon ruhning tanadan ustunligini ko‘ramiz) (Mignolo, 2011: 169).

G‘arbning g‘arb bo‘lmagan, G‘arbdan tashqarida va hatto Anglo-Amerika hududidan tashqarida, jumladan, uning chekka va yarim chekka hududlarida ishlab chiqarilgan har qanday bilimni o‘zlashtirish va ahamiyatsiz qilish, Gayatri Spivakning mashhur ifodasi bilan “ruxsat etilgan johillik” (Spivak, 1999: 164) kabi tanqidiy chiqishlar doirasida batafsil tahlil va tanqid qilingan. Masalan, radikal postkolonial nazariya (Eze, 1997), g‘arbiy bo‘lmagan feminizm (Mohanty, 1984), turli xil muqobil-global muhokamalar (Shiva, 2006) shular jumlasidandir. Misol uchun, misrlik yozuvchi va gender faoli Nawal el Saadawi bu muammoni ayollar va taraqqiyot bo‘yicha Vellesley konferensiyasida aniqlagan:

“Yaxshi niyatli AQShlik tashkilotchilar (…) maqolalarni o‘qiganlarida yoki ishtirokchilarga so‘zlaganlarida, ularga o‘zlarini qanday tutishlari kerakligini aytishganida, ular so‘zlari va munosabatlarida qanchalik onalarcha va kamsituvchi ohangda jaranglaganliklarini bilmas edilar (…). AQShlik tashkilotchilar uchun kuch muammo emas edi, chunki ular bunga ega edilar va bizning ishtirok etmasligimizni odatiy hol deb hisobladilar (…). Tashkilotchilar uchinchi dunyo ayollarining noroziliklarini “shaxsiy kamchiliklar”ga aylantira oldilar” (Saadawi, 1998: 148).

Ammo bu kabi kuchli tanqidiy aralashuvlar hozircha bilim ishlab chiqarishning umumiy zamonaviy mantig‘ini o‘zgartirmadi, u hali ham o‘zgarmas tizimlashuvlar, samarali rad etishlar va makkor o‘zlashtirishlarga asoslanadi. Qiziqarli misolni radikal qora tanli feministik nuqtai nazardan (Hull va boshq., 1982) zamonaviy Yevropa feminizmi doirasida noaniq va siyosatsizlashtirilgan qayta talqinlarga o‘tgan interseksionallik misolidan topish mumkin. Interseksionallik o‘zining mahalliyligini, o‘ziga xos mahalliy tarixga bog‘liqligini yo‘qotdi yoki yashira boshladi va har qanday mahalliylikdan uzilgan holatga tushib qoldi. Bugungi kunda bu tobora noaniq global transmilliy feministik madaniyatga mansublik holatiga aylanmoqda (Carbin va Edenheim, 2013). Ammo bunday mavhumlik interseksionallik tushunchasi aslida fosh qilishga qaratilgan doimiy kuch muvozanatlarini yashira olmaydi. Savol qayta paydo bo‘ladi — kim interseksionallik haqida gapiradi va qanday holatdan turib ushbu nutq aytiladi? Interseksionallikni kim aytadi? Interseksionallikdagi nutq yangi fanmi? Va interseksionallikning qaysi kesishmasida ushbu nutq amalga oshiriladi? Tashvishlanarli holat shundaki, ko‘pincha interseksionallik haqida gapirayotgan shaxs o‘zi muhokama qilayotgan kesishmalarning hech birida joylashmagan, balki ochiq yoki ko‘pincha yashirin ravishda kuzatuvchi sifatida yuqorida turadi va savol ostidagi kesishma unga ta’sir qilmaydi. Bu bilim, mavjudlik, gender, idrokning turli xil muqobil irsiyatlariga e’tibor qaratish va urg‘uni bayon etilganlardan bayonotga o‘tkazish qanchalik muhim bo‘lib borayotganligini ko‘rsatadi.

Sovuq urush davri fan majmualari va oqibatlarining yorqin va qorong‘i tomonlari

G‘arb ijtimoiy fanlari uzoq vaqt davomida parchalangan SSSRni e’tiborsiz qoldirdi va bunga ko‘plab sabablar bor edi. Dushman mag‘lub bo‘lgan va Sovet mintaqasi tadqiqotlariga avvalgidek ko‘p pul sarflash muhim emas edi. Bu holat allaqachon Fransis Fukuyamaning “tarixning yakuni” mujdasida (Fukuyama, 1992) ko‘zga tashlanadi, undan keyin esa G‘arbning sharqidagi hududda o‘z hayoti uchun kurashayotgan millionlab odamlarni ahamiyatsiz qilib qo‘ygan G‘arbning post-sovetni makon emas balki zamon sifatida odatiy tushunish davri boshlandi. Natijada ko‘plab grantlar va dasturlar yangi vaziyatga ko‘proq mos keladigan turli geosiyosiy bo‘linmalar bo‘yicha qayta taqsimlandi, bunda post-sovet dunyosi bo‘shliq edi. Rossiya va uning sobiq va hozirgi ko‘plab mustamlakalari bilimlar arxitekturasiga va paydo bo‘layotgan sovuq urushdan keyingi korporativ universitetga mos kela olmadi (Chomskiy, 1997; Readings, 1996).

Ma’lumki, sovuq urush universitetida mintaqashunoslikda gumanitar fanlarga qaraganda ijtimoiy fanlar ham imperial shaklda ham mustamlakachilik shaklida markaziy o‘rinni egalladi (ijtimoiy fanlar termini odatda G‘arb tadqiqotlariga va G‘arb olimlari tomonidan olib boriladigan tadqiqotlarga ishora qiladi, va aynan shu yerda sotsiologiya, antropologiya, tarix va siyosatshunoslik sohalarida yangi nazariy va meta-nazariy modellar, maktablar va umumiy yondashuvlar paydo bo‘lgan). Odatda ular ko‘proq amaliy va tavsiflovchi tabiatga ega bo‘lgan, hamda ko‘proq aniq va har doim ham jozibali bo‘lmagan geosiyosiy maqsadlarga qaratilgan. Deniz Kandiyoti dunyo haqida bilim ishlab chiqarish hali ham markaz (Yevro-Atlantik) ishi ekanligini ta’kidlaydi (Crossroads Asia, 2015). Edgardo Lander esa “muammo G‘arb ijtimoiy fanlari dunyo haqidagi talqinini qurgan mustamlakachilik tasavvurida yotadi” deydi (Lander, 1998: 71).

Sovuq urush ilm-fanining mahsuli sifatida ijtimoiy fanlar oxirgi yigirma besh yil davomida hamma joyda, shu jumladan G‘arbning o‘zida ham faol ravishda savol ostiga olingan va tanqid qilingan. Mintaqashunoslik yo‘nalishiga kelsak, bu yerda ham ko‘plab G‘arb mutaxassislari boshqalarga oid avvalgi mustamlakachilik yondashuvlarini tubdan qayta ko‘rib chiqmoqdalar. Shunday misollardan biri Bonn shahridagi yaqinda boshlangan Osiyo Chorrahalari Tarmog‘i tashabbusidir, u post-mintaqashunoslik yondashuvi orqali mintaqashunoslikni qayta tafakkur qilib ko‘rishga urinmoqda. Bu yondashuv mavzuli ko‘rinish va mobillikka asoslangan bo‘lib, odatdagi sharqshunoscha talqinlardan farqli ravishda Sharqning dinamik o‘zgaruvchanlik, moslashuvchanlik va murakkab o‘zaro ta’sirini uning asosiy xususiyati sifatida ta’kidlaydi (Crossroads Asia). Sotsialistik dunyo o‘zining alohida sovetologiya mintaqashunosligi modeli doirasida ularning orasida, lekin shubhasiz mustamlakachi tomonga yaqinroqda o‘rganildi. 1989-yilgacha sezilarli moliyaviy yordam hisobiga yashab kelgan ushbu o‘ziga xos mintaqashunoslik shakli parchalangan SSSRni tushuntirish uchun hech qanday yetarli umumiy modelni taklif qila olmadi. Shundan so‘ng, SSSR bir butun mintaqa sifatida qaralishdan to‘xtadi va turli yo‘nalishlar bo‘yicha qayta taqsimlana boshladi.

Uning ba’zi qismlari hali ham gullab-yashnayotgan G‘arb mintaqashunosligi tadqiqot obyekti tomoniga siljidi. Bu siljish Devid Chioni Murening PMLA jurnalidagi maqolasida postkolonial nazariyani postsotsialistik haqiqatga majburan qo‘llashida ko‘rinib turibdi (2001). Biroq, Sharqiy va Janubi-Sharqiy Yevropa mamlakatlarini, Markaziy Osiyo va Kavkazni, Rossiya va Sibirni mustamlakachilik va imperial farqlarning murakkab o‘zaro ta’sirini hamda turli tobe imperiyalar va ularning ichki va tashqi boshqalarining kesishgan tajribalarini hisobga olmasdan umumiylashtirish qiyin bo‘lib chiqdi. Postkolonial nazariyani post-sovet va kengroq post-sotsialistik dunyo tahliliga qo‘llash birinchi bo‘lib G‘arb olimi tomonidan amalga oshirilgani muhimdir. Afsuski, post-sovet tadqiqotchilari tomonidan o‘z tajribalarini aytib berish va kelajakda alohida muhokama uchun zamin yaratishga urinishlar bo‘lmadi. Bu, muvaffaqiyatsiz sotsialistik zamonaviylik holatida bilim mustamlakachiligi holatining (global Janubdan ko‘ra) yanada jiddiyroq ekanligining xavotirli belgisi edi. Post-sovet holati bo‘yicha G‘arb olimlari va sobiq Sovet respublikalaridan kelgan ba’zi immigrant olimlar tomonidan yozilgan, o‘zlarini ko‘proq Yevropaga mansub deb da’vo qilingan kam sonli qiziqarli ishlar bo‘lgan (Ukraina, Belarus, Boltiqbo‘yi mamlakatlari) (Chernetsky, 2007; Bobkov, 2005). Metodologik jihatdan ular G‘arb ijtimoiy va gumanitar fanlariga qiyos qilganlar. Ammo bir necha istisnolardan tashqari, ularning Sharqiy Yevropa irsiy izlari global bilim ishlab chiqarish tizimiga birikish jarayoniga to‘sqinlik qildi. Ilgari ekzotik jozibasi bo‘lgan sotsialist o‘zga, shafqatsiz rejimga qarshi kurashgan dissident timsoli esa endi ishlamadi. Rossiyaning o‘zi ijtimoiy fanlar uchun ham subyekt (bilim ishlab chiqaruvchi), ham obyekt sifatida deyarli mavjud bo‘lmay qoldi. U mintaqashunoslikning sovet yo‘nalishidagi avvalgi mustahkam markaziy o‘rnini hamda geosiyosiy mintaqa sifatidagi yaxlitligini yo‘qotdi.

Imperial farq va post-sovet bilim mustamlakasi

Assimetrik bilim shakli yangilik emas va bir qator G‘arblik bo‘lmagan olimlar yaqinda oddiy tan olish modelidan tashqariga chiqish va muqobil usullar, nuqtayi nazarlar va dunyoqarashlar ishlab chiqish imkoniyatlari va vositalarini muhokama qilishni boshladilar (Mignolo, 2014). Biroq, sobiq Sovet Ittifoqi va uning hozirgi izdoshlari bo‘lmish ba’zi mustaqil davlatlar, shuningdek Rossiyaga qaram bo‘lib qolayotganlar shunday mintaqaki, o‘zining yaqin tarixi jahondagi vaziyatga ta’sir ko‘rsatgan, lekin aholisi bilim yaratuvchisiga aylanishiga imkon berilmagan va ba’zi hollarda, agar oldin bu imtiyozga ega bo‘lgan bo‘lsa, so‘ngra undan ham chetlatilgan. Bu yo‘nalish biz postkolonial misollarda shohid bo‘lgan, G‘arb bo‘lmagan dunyoning sekin-asta ratsionallik maydoniga kirib borishiga teskari edi. Post-sovet holatida o‘zgarish teskari bo‘lib, ikkinchi dunyodan global Janubga yoki kambag‘al Shimolning kambag‘al Janub bilan tenglashishni rad etuvchi, shuningdek o‘z Janubi va Sharqiga ega tushunarsiz arosatiga o‘tadi (Tlostanova, 2011). Jennifer Suchland Sovuq Urush davri bilim ishlab chiqarishining geografik mafkuralarini qayta yaratmaslikdan ongli ravishda qochadigan va amaliy postkolonial nazariyada bizning murakkab tajribamizni anglashga harakat qiladigan yangi paydo bo‘layotgan post-sotsialistik tanqidning turli talqinlarini bayon qilishga urindi (2011: 109).

Suchland G‘arbning eski sovetologiyasi va Sovuq Urush dissidentlik muhokamalarini takrorlayotgan yangi (lekin metodologik jihatdan tor) Yevroosiyo dasturlarining post-sotsialistik tizimni tushunishda yoki yetarlicha tushuntirishdagi muvaffaqiyatsizligini ta’kidlagan (2011: 105). Post-sovet holati, uning bir qismi sifatida, G‘arb/Sharq va Shimol/Janub bo‘linishlarida ko‘rinadigan tashqi imperial va ikki tomonlama mustamlaka farqi bilan belgilanadi. Mustamlaka farqi zamonaviy davrning birinchi darajali kapitalistik imperiyalari (Yevropaning yuragi) va ularning mustamlakalari, bugungi birinchi dunyo yoki global Shimolning mutlaq boshqalari o‘rtasidagi tafovutga ishora qiladi.

Imperial farq turli omillar va kuchlar ta’sirida dunyoviy zamonaviylikda o‘z imperial maqsadini bajara olmagan yoki bunga yo‘l berilmagan va natijada turli ikkinchi darajali hududlarni egallagan mag‘lublarni anglatadi. Muhimi, ular g‘oliblar tomonidan intellektual, bilim va madaniy jihatdan mustamlaka qilingan va yetib olish mantig‘i, turli ruhiy tushkunliklar, shizofrenik jamoaviy nuqsonlar, qamal qilingan qal’a mafkuralari yoki aksincha, mag‘lubiyatdagi g‘alabaga duchor bo‘lganlar, natijada imperial shovinistik va qasoskorlik jariga tushib qolganlardir.

Imperial farq bir xil emas, u ichki va tashqi turlarga bo‘linadi. Avvalgisi ikkinchi (dunyoviy) zamonaviylikning Yevropalik mag‘lublari bilan bog‘liq bo‘lib, keyinchalik Yevropaning Janubiga aylangan. Ikkinchisi esa unchalik G‘arb bo‘lmagan, unchalik kapitalistik bo‘lmagan zamonaviylik imperiyalarini, masalan, Usmonlilar sultonligi yoki Rossiya kabilarni anglatadi. Ular bir tomondan G‘arb qarshisida o‘zini mustamlaka deb his qiladi, boshqa tomondan esa Yevropa mustamlakachilik modellari va maqsadlarini o‘zining Yevropadan tashqaridagi mustamlakalarida taqlid qiluvchi Yevropaning karikatura madaniyatchisi rolini o‘ynaydi, hamda ikki yuzli irqiylashtirilgan imperiya namunasini ko‘rsatadi. Tashqi imperial farq G‘arbda mustamlakachilik sifatida muhrlangan bo‘lib, Rossiyaning Yevropa nazarida ikkinchi darajali maqomini keltirib chiqardi va natijada ochiq yoki yashirin sharqshunoslashtirildi. Shu bilan birga, Rossiyaning o‘zida ikkinchi darajali yevromarkazlikning bevosita natijasi sifatida ikkinchi darajali sharqshunoslikning o‘ziga xos turi mavjud. Imperial farq G‘arb tomonidan Rossiyani ochiq yoki yashirin sharqshunoslashtirishni keltirib chiqardi. Bu hisni bilim va mavjudlik ma’nosida obyekt va subyekt roli o‘rtasidagi muvozanat deb ta’riflash mumkin. G‘arb sharqshunoslik muhokamalari dunyoviy zamonaviylikda Rossiyaning Yevropadan tashqaridagi mustamlakalarini o‘ziga xos tarzda ifodalash va talqin qilish usullari sifatida o‘zgartirildi, ular yo‘qolgan Sharqning o‘rnini bosuvchi sifatida ishlatildi va shunday muhrlandi. Oxir-oqibat, ikkala ko‘zgu — koloniyalar tomon qaratilgan hamda Yevropa tomonidan Rossiyaga qaratilgan ko‘zgu — ijtimoiy va gumanitar fanlarda Rossiyalik olimlarning o‘ziga xos beqaror hissiyotini yaratadigan buzuq ko‘zgular bo‘lib ko‘rinmoqda.

Rossiya, modernizator va madaniyat tarqatuvchi deb e’lon qilgan roli orqali o‘zining norasolik nuqsonlarini Kavkaz va Markaziy Osiyodagi Yevropaga kirmaydigan mustamlakalariga namoyon qildi. Rossiya mustamlakalari bilim mustamlakachiligining ikki tomonlama ta’sirini zamonaviy G‘arb va rus/sovet ko‘rinishlarida his qilgan, yoki o‘zlarini insoniylik o‘lchovida tobe Rossiya imperiyasidan yuqoriroq deb hisoblab, uning buyrug‘ini rad etib, uning bilim nufuzini inkor etib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Yevropa ta’sirini tanlab, kelajakdagi to‘liq integratsiyalashuv orzusini qildilar.

Yetishmayotgan postsovet tadqiqotlari hamda postsovet tadqiqotchilarining qaram holati

Barvaqt alohida tadqiqot yo‘nalishi sifatida rivojlangan va ilm-fanda tezda o‘z o‘rni berilgan, hamda asosiy amaliyotchilari avval boshdan G‘arbga yetib kelgan postkolonial o‘zgalar bo‘lgan postkolonial nazariyasidan farqli ravishda, postsovet yo‘nalishi G‘arbda mintaqashunoslik shaklida va keyinchalik sobiq sotsialistik dunyoning yarim chekkasidan boshqa holatlarda hech qachon o‘z o‘rnini topgan emas. Faqat bu yerda ham G‘arb ta’siri va puli Sovet va postsovet tajribasini tahlil qilishning o‘ziga xosligi va dunyoqarashini belgilagan. Oldingi bilim yo‘nalishlari zo‘ravonlik bilan o‘chirildi va jahon bilim ishlab chiqarish klubiga qo‘shilishni istagan olimlarga avvalgi umumiy Sovet tajribasi va Sovet bilimlarini eskirgan va mafkuraviy deb e’tibordan chetda qoldirgan holda, shuningdek, ayniqsa Yevropadan tashqaridagi mustamlakalar holatida, o‘zlarining mahalliy tarixlari va fikr yuritish uslublarini e’tiborsiz qoldirgan holda yoki majburiy Sovet modernizatsiyasi natijasida ulardan qolgan narsalarni e’tiborsiz qoldirgan holda noldan boshlash taklif qilindi.

Bu harakat katta avlod olimlari (bu yerda marksist-leninistlar yoki bugungi kunning o‘ta o‘ng millatchilarini nazarda tutmayapman) holatida muvaffaqiyatli bo‘lib chiqdi. Ular Sovet senzurasi va ikkiyuzlamachilikdan charchagan edilar, hamda G‘arbni, u yerni deyarli ko‘rmagan bo‘lsalar-da, erkinlik, demokratiya va tenglikning namoyishi sifatida ideallashtirishga moyil edilar (Akhiezer, 1998; Pelipenko va Yakovenko, 1998; Afanasyev, 2001; SAQ 2006; Podoroga, 1993). Ushbu olimlar, Sovet Ittifoqi qulagandan so‘ng ularga taklif qilingan yoki o‘z xohishlari bilan qabul qilishni istagan yangi bilim modelini uzoq vaqt davomida obyektiv haqiqat emas, balki yana bir fikr ekanligini tushunmadilar. Ular ijtimoiy fanlar marksizm-leninizmni hisobga olmaganda ham hech qachon mafkuradan xoli bo‘lish umidiga ega bo‘lmasligini qabul qilishga tayyor emas edilar. Shuning uchun ular uchragan har qanday G‘arb nazariyasidan yangi haqiqatni yaratishga harakat qildilar va uni oldingi marksistik dogmatizmni almashtirish uchun ishlatdilar. Yury Afanasyevning “Xavfli Rossiya” kitobi bunday ikkilamchi yevromarkazli va g‘arbiylashtiruvchi/modernizatsiyalovchi holatga yaxshi misoldir. Unda taniqli sovet-postsovet tarixchisi Annales maktabi nuqtayi nazaridan Rossiyaning hozirgi holatini kuchli tanqid qiladi, lekin ishonarli ijobiy dastur taklif qila olmaydi, chunki u uchun yagona komillik biz oxir-oqibat erishishimiz kerak bo‘lgan romantizatsiya qilingan G‘arb liberal modelidir. Afanasyev tabiiy ravishda Rossiyaning xavfli xususiyatlarini uning ehtimoliy qadimgi Osiyolik tabiati bilan bog‘laydi va uni “O‘rda genetikasidan ortiqcha yuklangan Tatar-Mongol Rossiya imperiyasi” deb ataydi (2001: 75). Bu mamlakatning “rivojlanishiga” va “butunlay madaniyatli” bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi. Bu rus tarixchisining G‘arb metodologiyalarini taqlid qilishiga yaqqol misoldir — ilgari tarixiy materialistik dogmalarni tarqatish uchun qo‘llashi lozim bo‘lgan ayni jo‘shqinlik bilan endi G‘arb sharqshunoscha afsonalari va sivilizatsion tushunchalarni taratmoqda edi.

M.Sokolov va K.Titayev tomonidan taklif qilingan juda muammoli tizimlashtirishga ko‘ra (Sokolov va Titayev, 2013), ushbu olimlar guruhi “mahalliy” atamasiga qarshi o‘laroq “viloyatlik” deb ta’riflanadi. Sokolov va Titayev bu atamadan o‘ta kamsituvchi va irqchilik ma’nosida foydalanadi (bu bizga hozirgi yosh rus ilm-fani haqida ham ko‘p narsalarni aytadi), bu aslida milliy ilm-fan namoyandalari dunyoning qolgan qismidan uzilib qolganligini ham anglatadi. Keyingisi Sovet pozitsionalligining davomidir va muhokamaga ham arzimaydi. Yuqorida tilga olingan va ko‘pchiligi mafkuraviy va fikriy nuqtayi nazaridan juda tanqidiy bo‘lgan isloh qilingan Sovet ijtimoiy fanlar olimlariga kelsak, ular bir kechada post-strukturalistlar, struktural funksionalistlar, sivilizatsion nazariyotchilar va Burdiezianlarga aylanishdi, lekin ko‘pincha odatiy pozitivist sovet-marksistik va ratsional prinsiplardan aziyat chekishda davom etishadi va bu ularning muhokamalari avvaldanoq biroz eskirgan bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Qayta qurish yillarida paydo bo‘lgan chet elda o‘qish dasturlari hamda xorijiy tillarni yaxshi bilish bilan bog‘liq qo‘shimcha ijtimoiy va madaniy kapital sabab post-imperial va post-kolonial post-sovet olimlarining yosh avlodiga ko‘p hollarda G‘arbiy bilim tizimi bevosita G‘arbning o‘zida singdirilgan (Bikbov, 2014; Vakhshtain, 2011; Chukhrov, 2011; Shakirova, 2012; Megoran va Sharapova, 2013). Ularning eng yoshlari ba’zida hatto Sovet qiyinchiliklarini ko‘rmagan, ammo erta yoshda neo-liberalizm dog‘lari va o‘rnatilgan demokratiyalarning buzilishlarini, shuningdek, keyinchalik post-sovet milliy davlatlarining bo‘g‘uvchi neokolonial va millatchilik muhitini kashf etganlar. Ushbu turli tajriba va haqiqatlarga, bilim modellariga va tasdiqlov tizimlariga barvaqt yo‘liqish umuman olganda foydali edi, ammo ijtimoiy va akademik maqomga nisbatan asosan pragmatik munosabat tufayli aksariyat hollarda baribir ikkinchi darajali yevromarkazlik va hosila pozitsiyasiga olib keldi. Ushbu yosh olimlar G‘arbning bilim ishlab chiqarish va tarqatish monopoliyasini shubha ostiga olmadilar yoki ushbu tizimga kirish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun uning tanqididan tiyildilar.

Qiziqarli misol yosh jamiyatshunos Viktor Vakhsthainning eski sovet jurnali “Kuch sotsiologiyasi”ni (2014) jahon ilm-fan me’yorlariga moslashtirishdagi faoliyatida namoyon bo‘ladi. Darhaqiqat, jurnal ancha yaxshilandi va G‘arb jamiyatshunoslik nashrlariga qiyos bo‘la oladi, chunki u xuddi shu tilda so‘zlaydi va o‘xshash muammolarni muhokama qiladi. Ammo bu taqlidning qorong‘u tomoni shundaki, unda hech qanday shaxsiy qiyofa yo‘q, faqat Laturian sotsiologiyasiga tor doirada e’tibor beriladi, va boshqa deyarli hamma narsaga takabburona ahamiyat berilmaydi. Natijada jurnal yana bir kichik korporativ madaniyat oroliga, o‘zining aniq manfaatlari va soxta maxfiy muhokamalari bilan yopiq jamoaga aylanib, aktor-tarmoq nazariyasini so‘zma-so‘z takrorladi va qayta namoyon qildi. Savol shundaki, qaysi biri yaxshiroq? Sovet uslubidagi tutqun ilm-fanmi, post-sovet milliy (millatchilik) ruhidagi mahalliy muhokamalarmi yoki Lakanian, Laturian, Habermasian bo‘lmaganlarni chetga uloqtiruvchi G‘arbcha taqlidmi?

Ushbu yoshroq olimlarning ko‘pchiligi o‘zlarining yorqin faoliyatlarini haqiqiy asl ilmiy ishlarning o‘niga G‘arbiy oydinlarning asarlarini tarjima qilish, sharhlash va ba’zan ularni qayta hikoya qilishga asoslanib yaratmoqdalar. Ushbu yoshlar o‘z mintaqalarini o‘rganish uchun uyga qaytganlarida va allaqachon kibrli nol nuqtasi va boshqa birovning fikriga qaram bo‘lib ulgurishganida, G‘arblik ustozlardan qanchalik sinchkovlik bilan nusxa ko‘chirsalar ham, ularning ilm pillapoyasidagi o‘rni hali ham ikkinchi darajali va tobe ekanligi, G‘arb imtiyozi bo‘lib qolayotgan nazariya yaratuvchisi emas, balki mahalliy ma’lumot beruvchi ekanligini anglash uchun bir oz vaqt kerak bo‘ladi. Shundan so‘nggina ushbu yosh olimlarning ba’zilari bilim qaramligi muammosiga e’tibor qaratishni boshladilar. Ularning ko‘pchiligi hali ilm-fanda ko‘rinmaydi, chunki ular doktorlik dissertatsiyalarini tugatish bosqichida va hali o‘z ishlarini keng ommaga chop etishni boshlamagan (Aripova, Kudaibergenova, Gevorgyan-Dovtyan). Rossiya va post-sovet mamlakatlarining aksarida ikkinchi darajali yevromarkazlik an’analari va u qayta ishlab chiqaradigan intellektual qaramlik hali ham kuchli bo‘lib qolmoqda va men bu erda G‘arbiy bilim monopoliyasini jiddiy tanqid qiluvchi va unga mos post-sovet javobini ko‘rsatadigan birorta ham kitob yoki hatto maqola ko‘rsata olmayman. Shubhasiz bunday fikrlar mavjud, lekin hali izchil muhokamaga aylantirilmagan.

Post-sovet ijtimoiy fanlarining G‘arbga ko‘rinmasligi nafaqat jahon bilim tengsizligi tizimi mahsulidir. Sobiq SSSR yoki uning bugungi parchalarida ishlab chiqarilgan ijtimoiy fanlar, kamdan-kam istisnolardan tashqari, haqiqatan ham oddiy va ikkilamchi bo‘lib, asosan eskirgan G‘arb metodlari va vositalarini ularning geosiyosiy holatini tushunmasdan yoki tanqid qilmasdan takrorlaydi va tobora tashvishlanarli darajada, tadqiqotning o‘rnini egallayotgan dinga o‘xshash ortodoksiya holatiga tushib qolmoqda. Bunday tadqiqotlar global ilm-fanda kam uchrashiga sabab ular rus bo‘lgani uchun emas, balki ular o‘z tashabbusi bilan global ilmiy doiralardan uzilgan — tutqin etilgan tanish lager modeli orqali, ijtimoiy fanlardagi post-strukturalizmgacha bo‘lgan bosqichlarga bog‘lanish orqali, post (neo)kolonial mojarolar va global muammolarni e’tiborsiz qoldirish orqali. Qiziqarli jihati shundaki, bugungi shovinistik rus ilm-fan shakllari, rasmiy propaganda orqali faol ishtirok etayotgan bo‘lsa ham, ularda asliyat odatda mavjud emas, balki oldingi G‘arb konservativ va essensialistik (konstruktivistikdan ko‘ra ko‘proq) manbalaridan kelib chiqadi (Dugin, 2014). Bu, tashqi imperial farq hududi hech qanday mustaqil bilim ishlab chiqara olmasligi bilan bog‘liq. O‘z bilimlari bilan aloqalari allaqachon yo‘qolgan va unutilgan ikki-yuzli imperiya o‘zini chetlatishning va intellektual qasoskorlikning ekstremistik harbiy shakllariga tobora chuqurroq cho‘kib bormoqda.

Bilim mustamlakasidan xalos bo‘lish uzoq va og‘riqli jarayon bo‘lib, boshqa asoslarda o‘rganish uchun bilganlarimizni qayta ko‘rib chiqishni o‘rganishni talab qiladi, ba’zan esa bu asoslarni yaratish va qayta ishlashni talab qiladi (Tlostanova va Mignolo, 2012). Post-sovet makoni va ayniqsa Rossiya o‘zining oldingi tajribasini yoki bugungi noxush holatini bo‘yalgan Sovet afsonasini qo‘msash yoki G‘arbni shartsiz ideallashtirgan, salbiy aksilsovet vayronasi shakllaridan boshqa ko‘rinishda muhokama qilishga tayyor emas. Buning o‘rniga intellektual qaramlikdan va yetib olish uslubidan nihoyat xalos bo‘lish va global Shimolda darhol irqchilik va tobelikka tushib qolmaslik uchun o‘zi haqida yetarli darajada asl va kuchli bo‘lgan o‘z bilimini yaratishga qodir bo‘lgan samimiy tanqidiy muhokama kerak.

Jahon bilim mustamlakasi qarshisidagi post-sovet ichki bilim mustamlakachiligi

Tobora qisqarib borayotgan Rossiya ta’sir hududlari bo‘lmish Yevropadan tashqaridagi SSSR mintaqalariga nisbatan intellektual irqchilik va kuch muvozanatining kichikroq masshtabdagi ko‘rinishi mavjud. Ularning olimlari Rossiyalik hamkasblarining fikrlarini ehtirom bilan takrorlamasalar va asl G‘arb zamonaviyligiga murojaat qilish orqali ularni chetlab o‘tishni tanlasalar yoki umuman zamonaviylikdan ajralib, o‘z bilim an’analariga murojaat qilishni tanlasalar, ular salohiyatli bilim ishlab chiqaruvchilar sifatida qaralmaydi.

Zamonaviylikda ikkilamchi imperiya bo‘lgan Rossiya hech qachon ongli subyekt mavqeini egallay olmadi va madaniyat (adabiyot, balet va boshqalar) va tabiiy resurslar ishlab chiqarish darajasida qoldi. Yagona istisno G‘arb intellektual hukmronligiga qarshi kam sonli isyon harakatlari  bo‘lib, bular XIX asrdagi Slavofil harakati va keyinchalik Yevrosiyochilik bo‘lib, ularning g‘oyalari zamonaviy Rossiyaning neoimperial reaksion siyosiy harakatlari va ularning ijtimoiy nazariyotchilari asarlarida ko‘pincha jiddiy qabul qilinmaydi. Ushbu aqlga sig‘mas muxolif imperial muhokamalar (rasmiy konservativ imperial tasavvur va fanlar bilan solishtirganda) G‘arb bilim mavqeini yo‘q qilishga qaratilgan bo‘lsa ham, G‘arb metodologik va nazariy vositalaridan foydalandi. Ushbu surunkali intellektual qaramlikni ijtimoiy fanlarda qo‘llanilgan diniy muhokamalar holatida ham bartaraf etib bo‘lmadi.

Yigirmanchi asrning ikkinchi yarmida mustaqil bilimlarning ushbu arzimas imkoniyatlari ham kesildi va natijada post-sovet ijtimoiy fanlari G‘arbning uzoq vaqt unutib yuborilgan asl nusxalarining rangsiz nusxalari sifatida dunyoga keldi. Bu nusxalar Markaziy Osiyo yoki Kavkazda yana bir bor ko‘chirilganida, ular har qanday haqiqat bilan aloqani uzgan va faollik ustunligini yo‘qotgan ikki tomonlama mustamlaka bo‘lgan bilimga aylanadi. Natijada post-sovet makoni ko‘plab sukutlar va bo‘shliqlar, ifoda etilmagan g‘azablar va rus va norus, ikkilamchi Yevropalik va Yevropalik bo‘lmagan taraflar o‘rtasida davom etayotgan nafratlar bilan vujudga keldi. So‘nggi aytilgan taraf hatto ko‘p hollarda o‘zining kamsitilishidan yaxshi xabardor emas, hamda postkolonial yoki qora tanli ayollar va boshqa shunga o‘xshash norozilik muhokamalaridan farqli ravishda o‘z qarashini shakllantirishga tayyor emas (Kasymova, 2005; Tekuyeva, 2006).

Bu, o‘ziga zarar yetkazish evaziga bo‘lsa ham, birovga tegishli zamonaviylikning chekka qismiga aylanish istagi bilan belgilangan butunlay tobe onglardan darakdir. Bundan tashqari, Rossiya post-imperial olimlari ko‘pgina rostgo‘y va ochiq fikrli yevropalik tadqiqotchilardan farqli o‘laroq, sharqshunoslashtirilgan boshqalar bilan ittifoqlar tuzishga hech qanday qiziqish bildirmayaptilar, hamda G‘arb qarashlarini kechikib takrorlaydigan va qayta ishlab chiqaradigan o‘z masalalariga yopishib qolganlar.

G‘arb va Sovet/Rus zamonaviyligi/mustamlakachiligi o‘rtasidagi mavqedan turib, lekin ularning birortasini tanlamasdan tanqidiy post-sovet nazariyasini shakllantirgan har qanday olimlar darhol chetga suriladi. Joriy siyosiy vaziyatda rasmiy davlat afsonalariga qarama-qarshi bo‘lgani sababli ularning mavqei hech qachon rasmiylashtirilmaydi. Sobiq mustamlaka bo‘lgan post-sovet ijtimoiy fanlar olimlariga nisbatan neo-imperial intellektual irqchilik boshqalarga nisbatan yumshoqroq shakllarda namoyon bo‘ladi, chunki bu odamlarni butunlay chala inson yoki orqada qolgan deb tamg‘alab bo‘lmaydi. Ular ham so‘zlay va fikrlay olishlari tez orada namoyon bo‘ladi. Bunday odamlarning mavjudligi ko‘plab G‘arb va Rossiya tadqiqotchilarini noqulay ahvolga soladi, chunki bu ularning sharqshunoslik qoliplariga asoslangan, Sovet va G‘arbning rangsiz nusxalari bo‘lish uchun o‘z madaniyatini rad etishi kerak bo‘lgan ezilgan va qoloq sharqliklar/musulmonlar sifatida tasniflaydigan taraqqiyparvar dunyoqarashini buzib tashlaydi (Tlostanova, 2010).

Markaziy Osiyo tadqiqotlari bo‘yicha jurnal “Central Asian Survey”da nashr etilgan dekolonial nazariya va gender tadqiqotlari (Megoran et al., 2012) davom etayotgan bilim qudrati nomutanosibligini ochib berdi. Unga ko‘ra, ba’zi g‘arb tadqiqotchilari Markaziy Osiyo haqidagi sodda qarashlarini murakkablashtirishni rad etishgan, hamda yanada nozik kategoriyalar va subyektivliklarga murojaat qilishdan voz kechib, qisqa muddatli mahalliy arxivlarga qilgan safarlari davomida topgan, taxminan obyektiv “faktlar”ga tayanishgan, so‘ngra ularni umumlashtirishgan (bu bilan hech qanday tarix talqinlarsiz mavjud emasligini va hech qanday talqin haqiqat uchun yagona da’vogar emasligini, misollar va holatlar olimning tanlovi va foydalanishidan tashqari borliq mavjudligiga ega emasligini tushunishda orqada qolganlarini ko‘rsatishdi). Markaziy Osiyolik tadqiqotchilar G‘arb tomonidan egallangan ilm-fanda davom etayotgan kamsitish va sharqshunoslik haqida deyarli bilib bo‘lishdi, lekin taxminan obyektiv va joylashuv va/yoki mafkura bilan buzilmagan deb himoya qilingan va umum qabul qilingan G‘arbiy ilmiy atama va yondashuvlarni savolga tutishdan bosh tortishdi, va bu bilan bilim har doim G‘arbda yaratilishiga jimgina rozi bo‘lishdi.

Bu mustamlaka qilingan ongning namoyon bo‘lishi bo‘lib, sobiq mustamlaka qilingan boshqalarning holatida bu nosog‘lom o‘z-o‘zini sharqshunoslashtirish va o‘z-o‘zini inkor qilishga yoki hal qilish qiyin bo‘lgan o‘ziga xos ikki tomonlama ongga olib keldi. Kavkaz va Markaziy Osiyoda Sovet zamonaviyligi o‘rnini G‘arbning taraqqiyparvar modeli yoki kuchayotgan rasmiy milliyatchilik qarashlari egalladi. Hatto ilm-fanda o‘z o‘rinlarini topish uchun G‘arbning odatiy tadqiqotlariga moslashishga majbur bo‘lgan mahalliy olimlarning ishlarida zamonaviylik/mutamlaka bilan mos kelmaydigan murakkab mahalliy kosmologiyalar o‘chirib tashlanadi yoki salbiy tusda aks ettiriladi.

Rossiyaga kelsak, u o‘ziga singdirib olgan qarama-qarshiliklari bilan tobora ko‘proq o‘ralashib qolmoqda, bu esa uni oldinga, orqaga yoki tashqariga harakat qilishga imkon bermayapti. Ushbu hali qulab ulgurmagan imperiya tobora chekka hududga aylanib borar ekan, to‘liq ifoda qilinmagan modellar, tugallanmagan dekolonizatsiyalar, uzilib qolgan tavbalar, hech qachon yetarlicha afsonasizlashtirilmagan tafakkurga botib qolgan. Shuning uchun milliy fundamentalizm, soxta Sovet, neo-imperial, neoliberal va boshqa mafkuralar, eskilik sarqitlari, bilim nomuvofiqliklari kabi o‘zaro bir-biriga zid bo‘lgan qismlarning bo‘laklarini yig‘ishga intiladi. Bunday turli xil bilim mustamlakasi shakllarining murakkab qatlamlanishi va kurashi turg‘unlikka olib keladi.

Bu shuningdek, ilm-fanga eng og‘riqli tarzda ta’sir qilayotgan konseptual jihatdan qarama-qarshi harakatlarga olib keladi. Ijtimoiy fanlar mafkuraviy qullik va omon qolish uchun hokimiyatga xizmat qilish zarurati o‘rtasida, hamda shu hokimiyatning mahalliy ijtimoiy fanlarni bilim ishlab chiqarishda global raqobatbardosh qilish haqidagi asoslanmagan talablari qarshisida qolmoqda. Tanqidiy fikrlashning asl modellarini yaratishdagi doimiy qobiliyatsizlik Rossiyaning intellektual yetishmovchilik kasalligi (kolonial kasallik) bilan bog‘liq bo‘lib, bu ko‘pincha tashqaridan teskari tarzda hal etiladi. Egallangan qal’a kabi fundamentalist vatanparvarlik pozitsiyasi paydo bo‘lgan zahoti pasga qulaydi, chunki u mustahkam poydevorga ega emas va shuning uchun o‘z ovoziga ega bo‘la olmaydi. Boshqa tomondan, Rossiya yuqori sur’atda madaniy va diniy fundamentalist politsiya davlatiga aylanib bormoqda. G‘arb grantlari bilan qo‘llab-quvvatlangan yoki hatto G‘arb manbalariga uslubi yoki taqdimoti va tafakkuri jihatidan o‘xshash har qanday tadqiqotni “xorijiy agent” deb gumon qilmoqda. Yana boshqa tomondan, bugungi korporativ-ma’muriy universitetdagi soxta Sovet uyg‘onishi Sovet va neoliberal ta’lim tizimlarining eng yomon jihatlarini aralashtirish tajribasi mahsulidir. Professorlarga ishdan bo‘shatish tahdidi ostida chet elda maqolalar nashr qilish, iqtiboslarni oshirish, grantlar olish orqali xalqaro ilmiy hamjamiyatga qo‘shilish aytilmoqda. Bu hokimiyatning Rossiyaning ilmiy reytingini majburiy ravishda yaxshilashga bo‘lgan urinishlarining bir qismi bo‘lib, bunda eski Sovet besh yillik rejalar bilan neoliberial korporativ ilmmetrik tamoyillari qorishmasi qo‘llanilmoqda.

Bugungi post-sovet makonida reyting va indeks tashvishlarining epidemiyasi ayniqsa yagona haqiqat yoki tasdiqlash mexanizmi mavjud bo‘lmagan, mutlaq nufuzlilar yo‘q, hamda turli xil talqinlarga intilish uzoq vaqtdan beri odat hisoblangan ijtimoiy va gumanitar fanlar uchun zararlidir. Bularning barchasi o‘ziga xos majmuaviy va mafkuraviy, korporativ va boshqaruv irsiyati va falsafasiga ega, har qanday obyektivlik yoki xolislikdan uzoq bo‘lgan “Scopus”, “Web of Science”, “Academic Journals Database” kabi noto‘g‘ri ulug‘langan gadjetlar va muassasalar atrofidagi ilmmetrik telbalikka mos kelmaydi. Ammo ular 50 yil oldingi fan falsafasiga mos keladigan ilmiy sifat mezoni sifatida savolsiz taklif qilinmoqda. Reyting-indeks tashvishining o‘zi post-sovet makoniga xos bo‘lgan norasolik nuqsonining namoyishi bo‘lib, bu ilmiy yutuqlarning yoki sog‘lom akademik muloqotning yo‘qligini byurokratik talablar ortida yashirishga urinishlardir (Jibladze, 2013; Ivaxnenko, 2013; Tlostanova, 2013).

Bu ziddiyatli qorishmaning boshqa unsurlari ham bor, masalan, universitetlarga ko‘chirilgan yashirin iqtisodiyot modellari: tadqiqotchilardan ko‘pincha o‘z ma’muriy rahbarlariga va muassasalariga pul olib kelish talab qilinadi (adolatli taqsimlanmagan grantlar, bo‘lajak talabalarni jalb qilish uchun tarmoqli marketing va shunga o‘xshash boshqa usullar orqali). Nihoyat, universitet professorini rejimga sodiq bo‘lishi kerak bo‘lgan davlat xodimi sifatida ko‘rishning eski Rus va Sovet an’anasi mavjud, va agar u sodiq bo‘lmasa — darhol ishdan bo‘shatiladi yoki hatto qamoqqa olinadi.

Vaziyatdan chiqish yo‘llari

Post-sovet makonidagi ichki va tashqi bilim tengsizliklarining murakkab kesishmalaridan chiqishning asl yo‘llari tan olinishda emas. Global Shimolning Rus va post-sovet bilim ishlab chiqarishdagi ishtirokini tan olishini so‘rash befoyda va ma’nosizdir. Buning o‘rniga biz bu mag‘lub jangdan va bilim ishlab chiqarish sohasidagi quvib yetish va qaramlik tafakkuridan voz kechishimiz kerak (Lander, 2000), va boshqa modellardan, shu jumladan G‘arbiy va ayniqsa G‘arbiy bo‘lmagan eng so‘nggi modellardan yaxshi xabardor bo‘lgan, lekin ularni shunchaki takrorlamaydigan yoki boshqa holatlarga qo‘llamaydigan tegishli ijtimoiy fan yaratishga e’tibor qaratishimiz kerak.

Har qanday ijtimoiy fanning ijtimoiy haqiqat va tajriba bilan bog‘liq bo‘lgan muhim hayotiy aloqasini tiklash, Sovet modernizmi tarixining jiddiy, lekin hali ham yetishmas tanqidiy konseptualizatsiyasini yaratishga olib keladi. Buning o‘rniga, Rossiyada biz tanish sovuq urush bilim tuzilmasining tafakkursiz qayta ishlab chiqarilishini, fan majmualari tanazzuli natijasida hech qanday tegishli borliq, bilim yoki hech bo‘lmaganda siyosiy va ijtimoiy loyihalarning yo‘qligini yashirishga urinish sifatida fan majmualari chegaralari va cheklovlarining kuchayishini ko‘rmoqdamiz. Bu esa fan majmualarini yaratishga hamda cheklashga, kurtak ochayotgan fanlararo bog‘liqlikni bo‘g‘ishga ma’sul bo‘lgan hali ham mavjud Oliy Attestatsiya Qo‘mitasi kabi Sovet byurokratik institutlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Rossiya ijtimoiy fanlari bugungi murakkab ijtimoiy dunyoda fan majmualarini kesib o‘tuvchi muammolar aslida nima ekanligi va ularni ifodalovchi kim ekanligi haqida emas, balki fan majmualarining o‘zidan kelib chiqqan so‘zlashuv modelini davom ettirmoqda. Rossiya ijtimoiy fanlari tasvirlangan holatni tushunish uchun eskirgan va ko‘pincha konservativ yondashuvlardan foydalanib, sodir bo‘lgan voqealarning reaktiv tavsif modelini qayta ishlab chiqarishda davom etmoqda. Mifologik/reaktsioner yoki ratsional/neoliberal yo‘llardan boshqa kelajakka yo‘naltirilgan yoki kelajakni modellashtirishga urinadigan modellar deyarli mavjud emas.

Maqola boshida berilgan savolga qaytsak, hozircha post-sovet hududi dunyoga va o‘ziga uning aholisi haqiqatan ham fikrlay olishini ko‘rsatishga muvaffaq bo‘la olmaganini xulosa qilishimiz mumkin. Bu holat doimo shunday qolishi kerakligini anglatmaydi, lekin buni o‘zgartirish uchun vaqt deyarli qolmadi. Rossiyada, SSSRda va bugungi kunda uning ikki tomonlama mustamlaka farqining qorong‘i tomonlarini hisobga olgan holda, hamda tashqi mustamlaka farqi sharoitida bilim mustamlakachiligi ijtimoiy fanlarda og‘ir turg‘unlikni keltirib chiqaradi, bu esa ushbu fan majmualarining jahon ilm-fan bo‘lagiga aylanishiga to‘sqinlik qiladi. Ushbu noqulay vaziyatning tashqi va ichki sharoitlar kesishgan nuqtasidagi murakkab sabablarning ba’zilari maqolada qisqacha muhokama qilindi. Ular ayyor G‘arbning o‘z bilim ishlab chiqarish hukmdorligini himoya qilishi hamda ijtimoiy fanlar uchun doimiy “sahro” bo‘lgan rivojlanmagan Rossiya haqidagi qolipli tushunchalar sifatida qabul qilinishi mumkin emas.

Ushbu muzlagan ikki qutblilikdan chiqishning yagona yo‘li — ba’zi layoqatli post-sovet ijtimoiy fanlar olimlari tomonidan bilimni dekolonizatsiya qilish va o‘z-o‘zini mustamlaka etuvchi tashxisdan qutulishga bo‘lgan ongli istakdir. Har qanday mustaqil ijtimoiy yondashuvlarning qiymati hukmron tizimda yagona qonuniy va abadiy mavjud deb taqdim etiladigan zamonaviylik nutqi va uning fan majmualari va metodlari bilim asoslarini rad eta olish qobiliyati bilan bog‘liq bo‘ladi. Shuningdek, ushbu qiymat ilm-fanning uzoq vaqtdan beri unutilgan maqsadlari va vazifalariga murojaat qilishdadir: universitetning asosiy maqsadi faqat ba’zi amaliy fanlarda bo‘ysunuvchi va sodiq tor doiradagi mutaxassisni shakllantirish emas, balki birinchi navbatda tanqidiy fikrlaydigan, o‘zini tahlil qiluvchi va mustaqil shaxsni shakllantirish, hech qanday tayyor haqiqatlarni yuzaki qabul qilmaydigan, atrofidagi dunyoga uning barcha xilma-xilligi bilan haqiqatdan va xolis qiziqadigan va bu dunyoni nafaqat ma’lum imtiyozli guruhlarga, balki barchaga yanada uyg‘un va adolatli qilishga intiladigan shaxsni shakllantirishdir. Axir, bu mustamlakadan xolis kuchli ijtimoiy nazariyaning asl vazifasi emasmi?

 

Author

Comment
Share

Building solidarity beyond borders. Everybody can contribute

Syg.ma is a community-run multilingual media platform and translocal archive.
Since 2014, researchers, artists, collectives, and cultural institutions have been publishing their work here

About