Donate

Turkiyadagi o‘zbek migrantlar:Gender, Turkiyada farovonlik va vatanga qaytish niyatlari

Tarjima va Tanqid16/08/26 14:01103

Tarjimon nomidan kirish so’zi

Erkak Moskvaga ketadi — va hech kim undan sababini soʻramaydi. Javob savoldan oldin tayyor: oilasini boqish uchun. Ayol Istanbulga ketadi — va savol ovoz chiqarib berilmasa-da, oʻz-oʻzidan paydo boʻladi. Farq — bu har doim ham odamlarning bir-biridan nimasi bilan ajralib turishi emas. Baʼzan bu — hisob berish majburiyatining taqsimlanishi.

«Turkiya — ayollar uchun, Rossiya — erkaklar uchun» — bu kundalik gapni Turkiya statistikasi tasdiqlaydi: Oʻzbekistondan Turkiyaga erkaklarga qaraganda koʻproq ayol boradi. Marianne Kamp va Shoiraxon Nurdinova bu nomuvofiqlikni 2018-yilning kuzida Istanbul va Eskisehirda oʻtkazilgan yigirma sakkiz intervyu orqali tahlil qiladi. Ularning tahlili avvalo biz koʻnikkan chegaralarni boshqa joyga surib qoʻyadi.

Erkaklar va ayollarning maqsadlari deyarli soʻzma-soʻz bir xil: uyni bitirish, oʻgʻlining toʻy xarajatlarini qoplash, farzandlarini oʻqitish, tikuvchilik ustaxonasi uchun pul jamgʻarish.

Farq maqsadda emas, tushuntirishda paydo boʻladi. Erkak shunchaki xabar qiladi: men otaman, oilamni boqaman; oʻz toʻyimga pul yigʻyapman. U meʼyorga tayanadi. Ayol esa dalil keltiradi: erim avtohalokatga uchradi, oilada yolgʻiz farzandman, ketishga ruxsat berishlari uchun bir yil davomida oilamni koʻndirdim. Pul ham oʻsha, qurilayotgan uy ham oʻsha — biroq biri tasdiq bilan, ikkinchisi dalil bilan gapiradi. Meʼyor — bu tushuntirishga muhtoj boʻlmagan narsa.

Tushuntirishdan qochish ham mumkin — agar koʻrinmas boʻlib qolinsa. Tadqiqotning eng kutilmagan kuzatuvi shu: ayollar oʻzlarini koʻrinmas qiladigan ishlarga moyil. Begona xonadonda bolalar va keksalarni parvarish qilish ikki tomonlama panoh beradi: roʻyxatdan oʻtmaganlik tufayli migratsiya organlaridan va vatandoshlarining nigohidan. Qanday nigoh ekanini respondentlardan biri — yigirma olti yoshli savdogar — hech kim soʻramasa ham tadqiqotchiga oʻzi tushuntiradi: Turkiyadagi oʻzbek ayollari bari ajrashganlar, ular xalqni uyatga qoʻyadi, birinchi qiyinchilikdayoq yengil yoʻlni izlaydi. Ayol koʻchuvchanligini tamgʻaga aylantiradigan mexanizm — aynan shu.

Mualliflarning fikricha, koʻrinmaslik — genderga xos strategiya. U meʼyorga ochiqdan-ochiq qarshi chiqmasdan xorijda daromad topish imkonini beradi. Meʼyor buzilmaydi, aylanib oʻtiladi va butunligicha qolaveradi.

Shu bilan birga, ketish teskari tomonga ham ishlaydi. «Oʻzbekistonda qaynonaga yoqishga harakat qilamiz… lekin Turkiyada qaynonalar oʻgʻillari haqida qaygʻurganliklari sababli kelinlarga yaxshi munosabatda boʻlishga harakat qiladi», — deydi suhbatdoshlardan biri. U ketdi — va dunyoning tuzilishi boʻlib koʻringan tartib aslida mumkin boʻlgan tartiblardan faqat bittasi ekanini koʻrdi. Baʼzi narsalar faqat taqqoslash uchun nimadir paydo boʻlgandagina farqqa aylanadi.

Tarjimon: Shoiraxon Nurdinova

Tahrirchi: Maxfiratbegim Azizi

Asl manba: Kamp, M., & Nurdinova, S. (2022). Uzbek migrants in Türkiye: Gender, satisfaction in Türkiye, and return intentions. Region: Regional Studies of Russia, Eastern Europe, and Central Asia, 11(2), 193-210.

Содержание
  • Kirish
  • Umumiy ma’lumot: Turkiya ayollar uchunmi?
  • O‘zbek mehnat migrantlarining ta’rifi
  • Tadqiqot metodlari
  • Migratsiya, tartibga solish va genderlashgan ko'rinmaslik
  • Mehnat bozoridagi bo‘shliqlar va mamnuniyat
  • Muhokama: Mehmon-ishchi modeli va genderlashgan migratsiya
  • Boshqa modellar: migrant, sarguzashtparast
  • Xulosa
https://pixabay.com/photos/woman-only-alone-view-sea-2685867/
https://pixabay.com/photos/woman-only-alone-view-sea-2685867/


Turkiyadagi o‘zbek migrantlar:

Gender, Turkiyada farovonlik va vatanga qaytish niyatlari

Marianne Kamp, Shoiraxon Nurdinova

 

Ushbu tadqiqot Turkiyaga mustaqil ravishda kelgan o‘zbekistonlik migrantlarning hayotdan qoniqish darajasini o’rganadi. Sobiq Sovet Ittifoqi mamlakatlaridan Turkiyaga migratsiya oqimida ayol migrantlar, jumladan, O’zbek migrantlari soni erkak migrantlarga nisbatan kamida ikki baravar ko’p. Turkiyaga migratsiyaning feminizatsiyalashuvi qiziq: mehnat migratsiyasi bo’yicha Markaziy Osiyoga doir umumiy tadqiqotlarga ko’ra, erkak migrantlar soni ayollar sonidan ko’p, bu esa ayollar uyda qolishlari kerakligi haqidagi ijtimoiy me’yorlar bilan izohlanadi. Ushbu maqola migratsiya oqimlarini gender nuqtai nazaridan o’rganib, migratsiya maqsadlariga ko’ra Turkiyadagi ayol migrantlarning  mehnat faoliyatidan qoniqishiga e’tibor qaratadi.

Kirish

"Turkiya — ayollar uchun; Rossiya — erkaklar uchun." Tadqiqotchi bu gapni Turkiyada ishlayotgan yoki o’qiyotgan o’zbek vatandoshlaridan ko’p marta eshitdi. 2000-yillar boshidan Rossiyada ishlayotgan millionlab mehnat migrantlardan iborat Markaziy Osiyoliklar haqida ko’plab ilmiy tadqiqotlar mavjud, bu tadqiqotlar migrantlarnning aksariyati erkaklardan iboratligini ko’rsatadi. O’zbekiston hamda Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan Rossiyaga migratsiyaning gender xususiyati patriarxal me’yorlar bilan izohlangan: bunda erkaklar zimmаsiga tirikchilik mas’uliyati yuklanadi[1] va uzoq vaqt uyida bo’lmaydigan ayollarning axloqiga shubha kuzatiladi.[2] Shu bois, O’zbekistondan Turkiyaga aksariyati ayollar bo’lgan mehnat migratsiyasi Markaziy Osiyo mehnat migratsiyasining gender xususiyatini tushunishimizda nomuvofiqlik paydo qiladi. Turkiya migrant ayollar uchunmi? Agar shunday bo’lsa, o’zbek ayollar nima uchun Turkiyani tanlaydi? O’zbek migrant ayollari farovonlik uchun Turkiyani tanlashsa, uyga qaytadimi yoki migrant sifatida doimiy qoladimi?

Migratsiya qarorlariga ta’sir qiluvchi omil sifatida migratsiya yo’nalishini tanlash, baxtiyorlik, vatan va qabul qiluvchi mamlakatda farovonlikni nazarda tutadigan tadqiqotlar mavjud. Ularga ko’ra migrantlarning o’z xususiyatlari ularning manzil tanlovini shakllantiradi[3] va manziliga nisbatan mamnuniyat migratsiya oqimlarini kuchaytiradi.[4]

Turkiyadagi Markaziy Osiyolik migrantlarining mamnuniyati bo‘yicha tadqiqotning ko’rsatishicha, migrantlar Turkiya va Rossiya o’rtasida ratsional tanlov qiladi; ularning Turkiyadagi mamnuniyati umumiy musulmon madaniyat, muloqotning nisbatan qulayligi tufayli o‘zlarini iliq qabul qilinganlik, madaniy yaqinlik hissi bilan bog‘liq. Chunki Markaziy Osiyolik migrantlarning qirg‘iz, o‘zbek va turkman kabi tillari turk tili bilan birga umumiy bir til oilasi — turkiy tillarga mansub. [5]

2018-yilning kuzida Turkiyada yigirma sakkiz nafar O’zbekistonlik migrant bilan migratsiya maqsadlari va tarixi, ish va yashash sharoitlari hamda vataniga qaytish niyatlari haqida intervyu qilindi. Xususan, migrantlarning yashash sharoiti hamda ishidan mamnuniyati ularning doimiy migrant sifatida qolish ehtimolini qaytishga nisbatan oshirish-oshirmasligi o’rganildi. Mamnun mehnat migrantlari doimiy migrantga aylanib qoladimi? Ushbu kichik ko‘lamli tadqiqot qat’iy xulosalar bermaydi. Aksincha, u gender masalasiga e’tibor qaratgan holda, Turkiyadagi o‘zbek ayol migrantlarning fikrlarini o‘rganishni va ularning nuqtai nazarlarini Turkiyadagi erkak o‘zbek migrantlarining qarashlari bilan taqqoslashni maqsad qilgan.

Interseksional (kesishma) tahlil ma’lumotlar asosida o‘xshash migratsiya maqsadlariga ega guruhlarning javoblarini qiyoslab ko’radi: oilasi bilan Turkiyaga ko‘chib kelgan migrantlar; juda yosh erkak va ayol migrantlar; mustaqil ravishda migratsiya qilgan nisbatan yoshi katta o‘zbek ayollari va erkaklari. Oilasi bilan Turkiyaga ko‘chib kelgan migrantlar, shuningdek o‘smir yoshida yoki 20 yoshlarning boshida yakka o’zi  migratsiya qilgan erkak va ayollar, 30 yosh va undan katta bo‘lgan, mustaqil migratsiya qilgan o‘zbek ayollari va erkaklariga qaraganda farqli migratsiya niyatlarini bildirganlar. Aksariyat sobiq sovet mamlakatlaridan kelgan o’rta yoshli ayol migrantlar orasida keng tarqalgan holat sifatida, odatda ma’lum bir kasbiy tayyorgarlik yoki oliy ma’lumotga ega, uydan tashqarida ishlagan o’rta yoshli o’zbek ayollari Turkiyaga aniq daromad topish maqsadi bilan migratsiya qiladilar.   O‘zbekistondan kelgan “maqsadli daromad topuvchilar”, jinsidan qat’i nazar, ro‘zg‘or va oilasi uchun muayyan maqsadni amalga oshirish, masalan, uy qurish yoki o‘g‘lining to‘y xarajatlarini qoplash uchun yetarli mablag‘ topishni niyat qilganini aytadi.[6]

Turkiyada norasmiy yoki hujjatlari to‘liq bo‘lmagan o‘zbek ayol migrantlar ko’pincha parvarish va g‘amxo‘rlik ishlariga yollanadi. Bu turdagi mehnat maqsadli daromad topish va keyinchalik vatanga qaytish rejalari uchun qulay. Tadqiqotdagi ko‘plab migrantlar norasmiylik tufayli ro‘yxatdan o‘tmaganligi sababli ijtimoiy ma’lumot to‘plovchilar uchun deyarli ko‘rinmaydi.

Maqsadli daromad topishni ko‘zlagan ayol respondentlar orasida Turkiyadagi ishidan qoniqish ularning vatanga qaytish niyatlarini o‘zgartirmagan. Kutilmagan, ammo muhim bo‘lishi mumkin bo‘lgan natijalardan biri shuki, aylanma (siklik) migratsiya uchun manzil sifatida Turkiyani tanlagan o’rta yoshli o‘zbek ayollari “ko‘rinmas” ish turlariga moyil bo’lgan: migratsiya organlaridan ro‘yxatdan o‘tmaganlik uchun “yashirin” va boshqa Markaziy Osiyolik migrantlarning nigohi hamda tanqidlaridan chetda bo‘lishga harakat qilishgan. “Ko‘rinmaslik” genderga xos strategiya bo‘lib, u o‘zbek ayollariga xorijda daromad topish bilan birga o‘zbek jamiyatidagi patriarxal gender me’yorlariga ochiqdan-ochiq qarshi chiqmaslik imkonini beradi.

Ushbu maqolada Markaziy Osiyo migrantlarining “Turkiya ayollar uchun” degan fikrida ma’lum darajada haqiqat borligi ko‘rsatilgan. Shu maqsadda Turkiya rasmiy ma’lumotlari asosida Markaziy Osiyo migratsiya oqimlari tendensiyalari tahlil qilinadi va Markaziy Osiyodagi genderlashgan mehnat migratsiyasida oid mavjud adabiyotlar sharhi orqali izohlanadi. Shuningdek, adabiyotlar sharhi orqali genderga xos aylanma  migratsiya, xususan, ayollarning parvarish va g‘amxo‘rlik ishlari uchun migratsiyasi, gender me’yorlari va majburiyatlarining migratsiya hamda vatanga qaytish qarorlariga ta’siriga oid so‘nggi tadqiqotlar tahlil qilinadi. Mazkur ilmiy ishlardan ayrimlari tadqiqot dizaynini shakllantirishga yordam bergan bo‘lsa, ba’zilari tadqiqot natijalarini tushunishga asos bo‘ladi. Ma’lumot to‘plash bo‘yicha sifat tadqiqot usullari asosida, individual xususiyatlar hamda hikoyalarga e’tibor qaratib guruhlar orasidagi tendensiyalar interseksional tahlil qilinadi. Dalillar qismi esa respondentlar toifalari orasidagi eng muhim farqlarni yuzaga chiqargan javoblarni guruhlash orqali o’rta yoshli o‘zbek ayollarining Turkiyaga migratsiya qilish, u yerda ishlash va vatanga qaytish haqidagi qarashlarini yoritishga imkon beradi.

Umumiy ma’lumot: Turkiya ayollar uchunmi?

2000-yillarning boshida mehnat migratsiya oqimlari kengayayotgan paytda Markaziy Osiyo mehnat migrantlarining aksariyati erkaklar edi, ammo ayol migrantlar soni ortib borishi bilan migratsiya bo’yicha tadqiqotchilar ularni migrantlarning motivatsiyasi, tajribalari va niyatlariga oid tadqiqotlarga qamrab olishda qiyinchiliklarga duch kelishdi. Rossiyada Markaziy Osiyolik mehnat migrantlari haqida keng qamrovli tadqiqotlar mavjud, biroq ayollarning tajribalari yoki genderga xos migratsiya oqimlarini tadqiq qilgan ilmiy ishlar cheklangan.[7]

Butun dunyoda bo‘lgani kabi, ish ruxsatnomasisiz ishlayotgan Markaziy Osiyolik mehnat migrantlari tadqiqotchilar bilan suhbatlashishga unchalik moyil emaslar. Moskva bozorlarida ishlayotgan bir necha yuz nafar Markaziy Osiyolik ayol migrantlar haqidagi bir tadqiqotda olimlar “bog‘liq migratsiya”ning ustunligini va Markaziy Osiyolik ayollarning Rossiyada qolish niyatlarini qayd etganlar. Migrant ayollarning aksariyati, asosan Qirg‘izistondan bo‘lib,  migrant erkaklarga turmushga chiqqan; bozor rastalariga sarmoya kiritgan hamda Rossiyada uzoq muddat yashashni rejalashtirgan.[8] Hofmann Rossiyada mehnat migrantlari va jo’natuvchi mamlakatlardan uy xo‘jaliklari tadqiqotlariga tayangan holda, erkaklar hanuz mehnat migrantlarining asosiy qismini tashkil etishini ko‘rsatadi va misolida ayollar ko‘pincha “bog‘liq migrantlar” bo‘lib, Rossiyada ishlayotgan turmush o‘rtog‘ining ortidan borishini aniqlagan.[9] Bu natija o‘zbek ayollari haqidagi “chemodan savdogarlari” nomli kichik tadqiqot xulosalaridan farq qiladi. Ushbu tadqiqotda ular mustaqil migrantlar sifatida tasvirlanib, Turkiyada savdo faoliyatini yuritish bilan birga O‘zbekistondagi oilaviy hayotini ham davom ettirayotganlari ko‘rsatilgan.[10] Aksariyat Markaziy Osiyolik migrantlar erkak bo’lganligi sababli tadqiqotchilar migratsiyaning vatanda qolgan ayollarga ta’sirini o’rganganlar.[11] Rossiya yoki boshqa joylarga ishlashgа ketgan va Tojikistonga qaytgan o’rta yoshdagi ayollar bilan o’tkazilgan suhbatlar orqali Qosimova "Patriarxal tizimning himoya doirasidan chiqib qolish" beva yoki ajrashgan respondentlarni Rossiyada ish izlashga undaganligini aniqlagan. Ularning harakatlari "ko’pchilik tomonidan me’yoriy bo’lmagan holat sifatida qabul qilinadi, chunki bu an’anaviy ravishda uyda qolib, erining nazorati va ta’minoti ostida yashashi kerak deb qaraladigan tojik ayoli (kengroq ma’noda musulmon ayoli) haqidagi stereotipni buzadi.” Oilaviy himoyadan ayrilgan bu ayollar xorijda ish topish bo‘yicha mustaqil qarorlar qabul qilganlar.[12]

O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistondan xalqaro mehnat migratsiyasi 2000-yillarda keskin oshdi, taxminlarga ko’ra O‘zbekiston umumiy aholisiining 10 foizidan ortig‘i har yili migratsiya jarayonida ishtirok etadi.[13] Rossiya O’zbekistondan kelgan mehnat migrantlarning asosiy manzili bo’lib, ushbu migrantlarning atigi 16–18 foizini ayollar tashkil etishi taxmin qilinadi.[14] Turkiya ham mehnat migratsiyasi uchun asosiy manzilga aylangan bo’lib, turkiy tilli Markaziy Osiyo mamlakatlari —  O’zbekiston, Qirg’iziston va Turkmanistondan o’n minglab ish izlovchilarni jalb qiladi va rasmiy migratsiya statistikasiga ko’ra, Turkiya erkaklarga qaraganda ko’proq ayollar uchun jozibador manzil hisoblanadi. Turkiya Madaniyat va Turizm Vazirligi 2021-yilgi ma’lumotlariga ko’ra, O’zbekistondan keluvchilar soni taxminan 272 604 kishini tashkil etgan. Rossiya va Turkiyada ham viza rejimlari Markaziy Osiyoliklar uchun migratsiya to‘siqlarini pasaytiradi, shuningdek, har ikkala mamlakat kirib kelayotgan migrantlar uchun ish ruxsatnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazishni nisbatan osonlashtiradi. Markaziy Osiyo migrantlarining Turkiyada ishlash qarorlariga ta’sir qiluvchi tarkibiy va huquqiy omillar Rossiyaga migratsiya oqimlarni belgilovchi omillarga o‘xshash: viza talabining yo‘qligi, nisbatan arzon sayohat va shakllangan migratsiya tarmoqlari Turkiyani xorijda daromad topmoqchi bo‘lgan Markaziy Osiyoliklar uchun jozibador manzilga aylantiradi. Turkiya harakat erkinligini qo‘llab-quvvatlaydi: 2006-yildan boshlab o‘zbekistonliklarga 30 kunlik vizasiz kirish va keyin ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati berilgan bo‘lib, bu muddat 2018-yil noyabr oyida 90 kungacha uzaytirilgan.[15]

Turkiya Oila, Mehnat va Ijtimoiy Xizmatlar vazirligi ma’lumotlari garchi Turkiyadagi  mehnat va doimiy migrantlarning faqat kichik qismini qamrab olsa-da, genderga xos migratsiya oqimlaridagi ayrim sezilarli tendensiyalarni ko‘rsatadi. 2011–2019 yillar oralig‘ida ro‘yxatdan o‘tgan migrantlar bo‘yicha mamlakatlar va gender kesimidagi ma’lumotlarning ko‘rsatishicha, Turkmaniston, O‘zbekiston, Rossiya, Gruziya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Ukraina, Moldova, Belarus va Armaniston kabi mamlakatlardan kelgan ayollar erkaklardan ko‘proq.[16] Qizig’i, bularning barchasi postsovet davlatlaridir. Dedeoğlu qayd etishicha, ozarbayjonliklar orasida boshqa postsovet mamlakatlaridan farqli ravishda ko‘proq oilaviy yoki erkaklar ustun bo‘lgan migratsiya oqimi kuzatiladi. O‘zbek yoki boshqa turkiy tilli migrantlardan farqli o‘laroq, ozarbayjonlik migrantlar turklar sifatida qabul qilinadi, bu esa ularga faqat turklar ishlashi mumkin bo‘lgan rasmiy ish turlarida ishlash imkonini beradi.[17] 2022-yilning birinchi choragida Turkiyada 76 476 nafar O‘zbekistonlik migrant ro‘yxatdan o‘tgan. 2022-yil may oyiga kelib, 1000 dan ortiq o‘zbekistonliklar ruxsatnomasiz holatda ushlanib, jarimaga tortilgan. Turkiyadagi o‘zbeklar va boshqa millionlab migrantlar — ro‘yxatdan o‘tganlarning soni ro‘yxatdan o‘tmagan (norasmiy) migrantlar soniga qaraganda ancha kam.[18]

1-rasm. Gender bo‘yicha ish ruxsatnomalari soni (2011–2019). Manba: Turkiya Oila, Mehnat va Ijtimoiy Xizmatlar vazirligi

Shunga qaramay, Turkiyaga postsovet mamlakatlaridan kelayotgan migrantlarning gender nisbatiga oid ma’lumotlar e’tiborga loyiq: O‘zbekiston va boshqa postsovet davlatlaridan Turkiyaga yo‘nalgan mehnat migratsiyasi asosan ayollar ustun bo‘lgan (feminizatsiyalashgan) oqim hisoblanadi.

O‘zbek mehnat migrantlarining ta’rifi

Mehnat migranti deganda yangi mamlakatga rasmiy yoki norasmiy tarzda ishlash va doimiy yashash, maqsadli daromad topish hamda vataniga qaytish rejalari bilan ketadiganlar tushuniladi. Gender migratsiya oqimlarini shakllantiradi: masalan, AQShdagi meksikalik ayol migrantlar odatda migrant turmush o’rtog’iga "bog’langan" migrantlar; Tailand yoki Filippindan Fors ko‘rfazi arab mamlakatlariga kelgan ayol migrantlar ko‘pincha “maqsadli daromad topuvchi” ishchilar bo‘lib, aniq ishlar uchun yollanadi va pul jo‘natish orqali oilasini qo‘llab-quvvatlash uchun ishlaydi[19] Ko‘plab genderlashgan migratsiya oqimlari o‘rganilganda vizaviy rejimlar migratsiya uchun to‘siqlarni keltirib chiqaradi. Natijada Meksika–AQSh misolida norasmiy migratsiya yuzaga keladi, Fors ko‘rfazi mamlakatlari holatida esa migratsiya qat’iy tartibga solingan va vositachilar orqali amalga oshiriladigan oqimlar shaklida bo’ladi[20] Migratsiya bo‘yicha tadqiqotlarga ko‘ra, viza rejimlari ushbu oqimlarni shakllantiradi: ba’zi hollarda yollangan ishchilarga vaqtincha, lekin qayta uzaytirilishi mumkin bo‘lgan vizalar beriladi, boshqa hollarda esa Turkiyaning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlaridagi kabi viza to‘siqlari past darajada saqlanadi. Ushbu loyiha doirasida suhbatlashilgan migrantlar odatda Turkiyaga mehnat brokerlari yordamisiz borganlar, ishni asosan oila a’zolari yoki tanish-bilishlar orqali topganlar. Ular oilasini O‘zbekistonda qoldirib, bir necha oy yoki hatto yillar davomida xorijda ishlash uchun ketishgan, vaqti-vaqti bilan vatanga qisqa muddatga qaytib, so‘ngra yana ketgan. Ishlash uchun ketganlar nuqtayi nazaridan aylanma migratsiya shartnoma asosidagi migratsiyadan farq qiladi. U “tartibga solinmagan yoki nisbatan kamroq tartibga solingan, majburiy bo‘lmagan harakatlanish” bo‘lib, umumiy chegaralar va davlatlararo kelishuvlar orqali shakllangan yagona iqtisodiy hudud tomonidan osonlashtiriladi.[21] O’zbekistondagi gender me’yorlari Qosimova[22] Tojikiston uchun tasvirlagani yoki Teke-Lloyd[23] Armanistonda ko’rsatganiga o’xshash bo’lib, yolg’iz sayohat qiladigan ayollar axloqsizlikda gumonlanadi. Qiz boladan u kelin bo’lguniga qadar ota-onasi bilan yashashi kutiladi va kelin kuyovning uyiga ko’chib, bir nechta farzandli bo’lgunga qadar harakatlanishi cheklovda bo’ladigan muhitga moslashishi kutiladi. Ona bo’lgach, u patriarxal tartibga kamroq bo‘ysunishi mumkin. Qosimova suhbatlashgan, ishlah uchun yolg‘iz migratsiya qilgan respondentlar bevalik yoki ajrim tufayli patriarxal nazorat va himoya tizimidan tashqarida bo‘lgan yoki erta nikoh bosqichidan keyingi davrga yetgan edilar.[24] Teke-Lloyd suhbatlashgan respondentlar — Turkiyada parvarish bilan shug‘ullangan arman ayollarning barchasi yoshi katta bo‘lib, ko‘pchiligi buvilar edi. Ular tadqiqotchining e’tiborini uy xo‘jaliklari ichidagi “kelishuvlar”ga qaratdi, ya’ni kim migratsiya qilishi kerakligi masalasi “turli nikoh holatlari, onalik davri va yoshga bog‘liq gender me’yorlar” bilan bog‘liq edi. Bu doirada yoshi kattaroq ayollar o‘z migratsiyasini ko‘pincha oiladagi yosh ayollarning iffatini saqlab qolish vositasi sifatida tasavvur qilgan.[25] Sergey Abashin O‘zbekistonlik ayollarining Rossiyaga migratsiyasidagi tanlovlarida o‘xshash cheklovlar mavjudligini qayd etadi: “ayol migrantlar ulushining pastligi, ayolning uydan ketishi o‘zining ham, unga yaqin bo‘lganlarning obro‘siga ham to’g’ri kelmasligi”  bilan izohlanadi.[26]

Tadqiqot metodlari

Tadqiqotchi Shoiraxon Nurdinova, O’zbekiston fuqarosi va Turkiyada Iqtisodiyot fanlari bo’yicha doktorlik darajasini olgan, Turkiyadagi o’zbek migrantlar va ularning baxtiyorligiga bag’ishlangan avvalgi tadqiqotga asoslanib, bu safar Istanbulda va Eskisehirda o’n nafar erkak va o’n sakkiz ayol o’zbek migrant bilan jami yigirma sakkiz intervyu o’tkazdi. Suhbatlar 15 dan 35 daqiqagacha davom etib, yozib olindi va kafe kabi jamoat joylarida yoki migrantlarning ish joylarida, jumladan, ba’zilarining uy xizmatida ishlagan uylarda o’tkazildi. Suhbatdoshlar tadqiqotchiga ularning so’zlari va fikrlaridan foydalanishga og’zaki rozilik bildirishdi. Tadqiqotchi respondentlarni “qorto’pi” usulida, Turkiyadagi o’zbek vatandoshlari bilan dastlabki aloqalar keyingi suhbatlarga bog’lash metodi orqali topdi. Tadqiqotchi ish va jamoat joylarida kuzatish orqali turli sohalarda ishlayotgan o‘zbek migrantlarining boy hikoyalarini to‘plab, ularning ish izlash jarayonlarini, uy xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan harakatlarini hamda kasbiy va shaxsiy intilishlarini kuzatib borgan. Avvalgi intervyular natijasida berilgan tavsiyalar Turkiyada o‘zlari mavjudligini beqaror deb his qiladigan migrantlar orasida ishonchni mustahkamlashga yordam bergan. Ushbu tavsiyalar tadqiqotchini ko‘proq “ko‘zdan yiroq” va asosan uy ishlari yoki kichik ish joylarida ishlaydigan ayol migrantlarga olib borgan. Suhbatlar o’zbek tilida o’tkazilib, yozib olindi. Nurdinova matnlarni inglizchaga tarjima qilib, tayyorladi. Nurdinova va tadqiqot yordamchisi matnlarni Nvivo 12.0 dasturida tahlil qilib, gender, yosh, oilaviy ahvoli, ta’lim va ish turi bo’yicha tasniflab, migratsiya motivlari, Turkiyadagi ish tajribalari, avvalgi migratsiya tajribalari, daromad maqsadlari, Turkiyadagi qo’llab-quvvatlash tarmoqlari va vatanga qaytish niyatlari bo’yicha muhokamalarni kodlashtirdi.[27] Respondentlarning yoshi 15 dan 50 gacha bo’lib, aksariyati 30 va 40 yoshlarda edi. Ular orasida o’n nafari parvarish sohasidagi ayollardir, ular turmush qurgan va farzandli,  maqsadli daromad topuvchilar; oilasi bilan ko’chib kelmagan va Turkiyada ijtimoiy jihatdan mahalliy jamiyatga singib ketmagan.

Migratsiya, tartibga solish va genderlashgan ko’rinmaslik

Mehnat migratsiyasining “Yangi iqtisodiyoti”ni (New Economics of Labour Migration) asoslab bergan muhim tadqiqotda Massey va hammualliflari[28]ga ko’ra, an’anaviy yondashuvlar, neoklassik nazariya hamda “itaruvchi-tortuvchi omillar” doirasi  1980-yillardan boshlab shakllana boshlagan migratsiya namunalarini yetarlicha tushuntirib bermadi. Yanada murakkab tahlillar boshqa omillar qatorida uy xo’jaligi strategiyalari, segmentlangan mehnat bozorlari, genderga e’tibor qaratadi. Respondentlar nima uchun Turkiyani tanladi? Bunga javob sifatida ular Turkiya mehnat bozori haqidagi bilimlari, do’st yoki qarindoshlar tarmog’i, turk madaniyatiga yaqinlik hissi, Turkiyaning Islomga yondashuvi va cheklovlar haqidagi bilimlarini ta’kidladilar. Aylanma migrantlar foydali bilimlarga ega bo’lib, bu ularga ish qidirish, migratsiya va xarajatlarni minimallashtirish imkonini beradi.[29] 28 nafar respondentdan 18 nafari Turkiyaga bir necha bor migratsiya qilgan yoki avval Rossiyada ishlagandan keyin Turkiyaga ishlash uchun kelgan. Qolgan 10 nafari esa yoki birinchi marta migratsiya qilayotganlar yoki Turkiyada doimiy qolishni rejalashtirganlar edi. Migrantlarning aksariyati aylanma migrantlar, ular orasida Turkiyada doimiy qolishni istaganlar ham bor, ayrimlari yashash yoki ish ruxsatnomasi rasmiylashtirmagan. Respondentlar bilan o‘tkazilgan suhbatlar natijalariga ko’ra, Turkiyaning uy-joy va mehnatni tartibga solish siyosati oilaviy migratsiya uchun individual migratsiyaga qaraganda qiyinroq bo‘lgan.

Turkiyada ish ruxsatnomasi olishni xohlovchi migrantlar to’siqlarga duch keladi. Ish beruvchilar xodim ish ruxsatnomasi uchun ariza berishlari kerak va ish beruvchi ko’rsatgan maosh xorijlik ishchining malakasiga mos bo’lishi lozim. Uy  yoki parvarish ishida band chet elliklar uchun oylik maosh kamida eng kam ish haqining 1,5 baravar yuqori to’lanishi kerak.[30] Ish beruvchilar ham, chet el ishchilar ham ish ruxsatnomasidan qochishadi, chunki ruxsatnoma ish beruvchi xarajatlarini oshiradi va tartibga solingan yuqori ish haqi mehnat migrantini kamroq pul uchun, ruxsatnomasiz ishlashga rozi bo’lganlarga qaraganda ish imkoniyatlarini pasayishiga olib kelishi mumkin. Respondentlar orasida ba’zilari ish ruxsatnomasini olishni xohlamasliklari ularni muayyan ish beruvchiga bog’lab qo’yish bilan izohlangan: "Yangi xo’jayinim menga 3 yillik ish ruxsatnomasini bermoqchi. Lekin xohlamayman. Chunki uni olsam, xohlaganimda bu ishdan ketish huquqim bo’lmaydi" (ayol, 43). Ko’plab migrantlar Turkiyada rasmiy ruxsatnomalarsiz hayot kechiradi, bu esa ma’lum xavf-xatarlarni keltirib chiqaradi. Biroq ular ruxsatnoma olish ish joyini o‘zgartirish imkoniyatini cheklab qo‘yishini ta’kidlashadi. Parvarishlash sohasidagi o’zbek ayol migrant shunday dedi: "Xo’jayinim (erkak va uning xotini) ishga ketishdan oldin meni ichkarida qulflardi va Istanbulda, ayniqsa chet elliklar uchun tashqariga chiqish xavfli ekanini, ko’chalarda otib tashlashlari mumkinligini aytishardi. Menga uyda turk tilini o’rganishim mumkinligi, yashash joyi va ovqat borligini ta’kidlashardi. Ikkita bolalari bor edi: biri uch yashar va men ko’chib kelganda tug’ilgan chaqaloq. Men enaga edim, lekin uylarni tozalab, kir yuvib, ovqat pishirish ham bo’ynimda edi. Ular pasportimni olib qo’ydi. Telefonda gaplashishimga ruxsat bermasdi. Yashagan manzilimni bilmasdim. 7 oy ishladim, lekin menga 1 lira ham to’lashmadi" (ayol, 37). Bu ayol ish ruxsatnomasini tuzoq sifatida ko‘rgan,  zo‘ravon yoki yomon munosabatdagi ish beruvchi bilan qolishga majbur qilgan. Ish beruvchisining ogohlantirishi ma’lum darajada asosli edi: ko‘chada politsiya migrantdan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar va yashash ruxsatnomasini ko‘rsatishni talab qilishi mumkin, agar ular bo‘lmasa, migrant tovlamachilik yoki deportatsiyaga duch kelishi ehtimoli bor edi. Ruxsatnoma xarajatlari va yomon ish sharoitiga “bog‘lanib qolish” kabi muammolar qarshisida ko‘plab respondentlar hujjatsiz yashash bilan bog‘liq riskni tanlagan: “Hozir yashash ruxsatnomamning muddati o’tgan.” (21 yoshli ayol).

Turkiyadagi migratsiya bo‘yicha tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, vizasiz rejim va moslashuvchan viza qoidalari norasmiy migratsiya bilan o’zaro bog‘liqdir. Shuningdek, 1970-yillardan buyon Turkiyaga aynan norasmiy migratsiya ustun bo‘lib kelgan.[31] Turkiyada O‘zbekiston fuqarolariga berilgan mehnat ruxsatnomalarining soni kamligi O‘zbekistondan noqonuniy mehnat migratsiyasi yuqori darajada ekanini ko‘rsatadigan tadqiqotlarga zid keladi. Zarur hujjatlarsiz Turkiyada yashab ishlayotgan migrantlar mamlakatni tark etayotganida jarimaga tortiladi, biroq o‘zbek migrantlari bunday jarimani qonuniy ishlash bilan bog‘liq xarajatlardan kamroq deb hisoblashadi. Buni 35 yoshli ayol respondent ham ta’kidlagan: “Turkiyaga ilk kelganimda yashash ruxsatnomam bor edi. Uni uzaytirish uchun murojaat qilganimda rad etildi, O‘zbekistonga qaytayotganimda jarimaga tortildim. Keyin yana yashash ruxsatnomasi uchun murojaat qildim. Hozir esa yashash ruxsatnomam bor.” Jarima yoki to‘lovlarni to‘lamagan migrantlar deportatsiya qilinishi mumkin, biroq deportatsiya ularning Turkiyaga qayta kelish imkoniyatini butunlay cheklamaydi.

Turkiyaning ro’yxatdan o’tish tizimi O’zbekistondan Turkiyaga  birgalikda yoki oilaviy norasmiy migratsiyani cheklaydi. Respondentlardan biri, bozorda ishlaydigan o’zbek o’smir 12 yoshida uning ota-onasi Turkiyaga ko’chib kelganini ta’kidlaydi.  Uning so’zlariga ko’ra, "Toshkentda dindor odamlarga bosim o’tkazilgan." U Turkiyada maktabga bormadi: "Turkiyada yashash ruxsatnomam yo’q va yashash ruxsatnomasisiz maktabga bora olmayman" (erkak, 15, umumiy ovqatlanish). Respondent migrantlarning aksariyati Turkiyada yashash joylarini ro’yxatdan o’tkazishmagan edi. Turkiya qonuniga ko‘ra “Turkiyadagi barcha bolalar, shu jumladan chet elliklar ham boshlang‘ich va o‘rta ta’lim olish huquqiga ega” bo‘lsa-da, norasmiy migrantlar uchun farzandlarini maktabda ro‘yxatdan o‘tkazish qiyin, chunki bu ota-onalarning ruxsatnomasi yo‘qligini oshkor qilishi, jarima yoki hatto deportatsiya xavfini tug‘diradi.[32] Shu sababli, Turkiyadagi o‘zbek mehnat migrantining umumiy profili oilasi bilan ko‘chib keladigan emas, balki O‘zbekistondagi oilasini ta’minlash uchun yolg‘iz kelgan erkak yoki ayoldir.

Namunamizdagi respondentlarning aksariyati ro‘yxatdan o‘tmagan bo’lsa-da, faqat bittasi qo‘lga tushib, jarimaga tortilgan. Norasmiy migrantlar,  intervyu o’tkazgan ko‘plab respondentlarimiz singari, ro‘yxatdan o‘tmaganliklari sababli ijtimoiy ma’lumot yig‘uvchilar uchun “ko‘rinmas” bo‘lib qoladi. Bundan tashqari, bu “ko‘rinmaslik” genderga bog‘liq: o‘zbek ayol migrantlar omma ko’zidan yiroq ish joylarini afzal ko’rishadi. Intervyular erkaklar va ayollarning Turkiyani vaqtinchalik mehnat migratsiyasi manzili sifatida tanlash sabablarini farqlash imkonini beradi. Ba’zi ayollar (28 nafar respondentdan 18 tasi) Turkiyani Rossiyaga qaraganda ish topish uchun yaxshiroq joy deb hisoblaydi, bu quyidagi xususiyatlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin: ular ko‘pincha o’rta yoshli, ona, yolg‘iz migratsiya qiladigan ayollar bo‘lib, ular topadigan ish turlari ham asosan turk uy xo‘jaliklarida parvarishlash ishlari hisoblanadi.

Mehnat bozoridagi bo‘shliqlar va mamnuniyat

Moldovadan Istanbulga parvarish uchun kelgan Gagauz ayollarini o’rganadigan antropolog Leyla Keoughning tadqiqoti Istanbulga qishloqdan kelgan turk ayollarini yollashdan ko’ra sobiq sovet ayollarini yollashga o’tishiga ishora qiladi. Bu chet elliklar uchun past mavqeli ish o’rinlarini yaratadigan mehnat bozorining gender segmentatsiyasini aks ettiradi: “Bandlik agentlari mahalliy ishchilar ma’lum ishlarni, ayniqsa nogiron yoki kasal keksaga qarashga rozi bo‘lmasligini ta’kidlashdi, mahalliy aholi chet elliklar qabul qiladigan ish haqiga rozi bo‘lishmaydi”. Keough intervyularida Moldovalik migrantlarni ishga olgan ish beruvchilar Gagauz ayollarini “migrant uy xizmatchilarining eng yaxshisi” deb hisoblashgan: ular “qoloq” turk qishloq ayoli bilan taqqoslaganda mehnatkash, o‘qimishli, tozakor va zamonavi.[33] 28 nafar o’zbek migrant bilan o’tkazilgan tadqiqotimizda ayollarning aksariyati parvarish ishida, ba’zi ayollar fabrikada ishlagan, ayollar va erkaklar umumiy ovqatlanish sektorida ishlagan, erkaklar esa yuk tashish, ortish-tushirish yoki boshqa og’ir ishlarda band bo’lgan. Deyarli barchasi turklarning past darajali deb hisoblaydigan va migrantlarning ko’pchiligi o’z vatanida qabul qilmagan ishlarni bajargan. Natijalarimiz mehnat bozorining segmentatsiyasi haqidagi umumiy xulosalarni qo‘llab-quvvatlaydi: o‘zbek migrantlari enaga, parvarish qiluvchi, ofitsiant va farrosh kabi ijtimoiy jihatdan “belgilangan” ishlarda band bo‘lishadi. Bu ishlar odatda barqaror bo‘lmagan mehnat sharoitlari, past ish haqi (garchi bu uyda topiladigan daromaddan yuqoriroq bo‘lsa-da), mehnat xavfsizligining pastligi hamda hech qanday huquqiy talab qo‘yish imkonining deyarli yo‘qligi bilan tavsiflanadi.[34]

Mehnat migrantlari migratsiyada mavqe yo’qotilishidan xabardor. O’zbek respondentlar Turkiyaga "migrant" sifatida emas, balki shunchaki "ish topish uchun" kelganini ta’kidlaganlar. Ularning tadqiqotchining ifodalash uslubiga bergan javoblari “migrant” so‘zi salbiy ma’nolarni anglatishini, ya’ni maqomning doimiy ravishda pasayishini nazarda tutishini ko‘rsatadi.[35]

Takroriy migrantlar tajribalari tufayli ish sharoitlari, ish haqi, xavfsizlik va madaniyatga asoslanib qabul qiluvchi mamlakatlarni solishtirish imkoniga ega bo’lishadi. Garchi Turkiyadagi ishlari ijtimoiy mavqelariga mos bo‘lmasa-da, ayol respondentlar Turkiya ish topish uchun Rossiyaga qaraganda yaxshiroq ekanligi va ish beruvchilar tomonidan qadrlanishlarini ta’kidlashgan. Ular o‘zini yolg‘iz migrant ona sifatida tasvirlab, Turkiyadagi  ishlari,  odatda turk xonadonlarida parvarish ishlarini  qadrlanishini aytishdi. “Ajrashganman. O’zbekistonda ikki bolam bor, erim bolalarni mendan oldi. Turkiyaga yolg’iz keldim" (ayol, 31, ajrashgan, ishchi). "Bu yerda ayol qadri borligini ko’rdim. O’zbekistonda qaynonaga yoqishga harakat qilamiz… lekin Turkiyada qaynonalar o’g'illari haqida qayg’urganliklari sababli kelinlarga yaxshi munosabatda bo’lishga harakat qiladi" (ayol, 38, oilali, parvarish ishi). Turkiyadagi 30 yoki 40 yoshli o’zbek ayollar sobiq eri yoki noqulay oilaviy vaziyatlarni turk oilalarida parvarish ishidagi ijobiy tajribalar bilan taqqoslashadi. Bu yerda ular farzand tarbiyasi yoki pedagoglik ko‘nikmalari uchun qadr topib,   qarorlarni mustaqil qabul qilish erkinligini topganlar: "Migratsiyadan o’rganganim shuki, o’zbek ayollarining hayoti qashshoq va hurmatdan mahrummiz… Bu yerda men Yevropa hayotini va ayollar huquqlarini ko’rdim. Oilam menga Turkiyaga kelishga ruxsat bermadi, bir yil ruxsat so’radim. O’zbekistonda menga uylanmoqchi bo’lgan erkaklar shunchaki maoshim uchun meni xohlashdi" (ayol, 35, turmushga chiqmagan, parvarish ishi).

Erkak respondentlar Turkiyani tanlashda  Rossiyadan deportatsiya kabi umumiy sababni aytishdi: “Men Rossiyada bir yil ruxsatnomasiz yashadim, shuning uchun deportatsiya qilindim. Keyin Turkiyaga keldim” (erkak, 20 yosh). Yana bir migrant shunday dedi: “2015-yilda Rossiyadan deportatsiya bo’ldim. Bir necha oy qishloqda yashadim va Qozog‘istonga ketdim. Qozog‘istonda novvoyxonada ishladim, lekin ish sharoitlari juda og’ir edi, kuniga 20–21 soat ishlardik. Keyin Turkiyaga keldim” (erkak, 26 yosh). Ayollarning o‘n besh nafari 29–49 yoshlarda bo’lib, aksariyati oilali yoki ajrashgan, ikki kishidan tashqari barchasi uyiga qaytishni rejalashtirayotgan, maqsadli daromad topuvchi migrantlar hisoblanadi. Aksariyati O‘zbekistondagi eri, farzandlari, ota-onasi yoki opa-ukalarini qo‘llab-quvvatlash uchun chet elda ishlayotganini tushuntirdi. “Erimning sog‘lig‘ida muammolar bor, ukam shu yerda bo‘lgani sababli Turkiyaga yolg‘iz kelishga qaror qildim”, dedi avtomobil halokatida jarohatlangan eridan keyin besh farzandini boqayotgan parvarish ishlaridagi 37 yoshli ayol. Boshqa bir migrant ayol ham farzandlari va nogiron erini boqishi kerakligini aytib, shunday dedi: “O‘zbekistonda kafeyim bor edi va ketishni xohlamagandim, lekin topgan daromadim erimning dori-darmoni va ro’zg’or uchun yetarli emas edi, uyimni ham bitira olmadim. Olti yil oldin Turkiyaga yolg‘iz keldim, ammo hozir Turkiyada ukam va uning oilasi bilan yashayman” (ayol, 37 yosh).

Ijtimoiy maqom hisobga olinmaganda, O‘zbekistondagidan ko‘proq daromad topsalar, Turkiyada qiyin paytlarda yordam beradigan qarindoshlari bo‘lsa va ish beruvchilari ularga yaxshi munosabatda bo‘lsa, o‘zbek ayollari Turkiyadagi ishlaridan mamnun. Ayol respondent O‘zbekistonda o‘qituvchi sifatida oyiga 100 dollar maosh olgan, ammo Turkiyada nufuzi pastroq bo‘lgan enagalik ishida oyiga 400–500 dollar ishlab topadi: “Maoshimning yuz foizini O‘zbekistonga yuboraman” (ayol, 43 yosh). O‘zbekistonda to‘qimachilik sohasida ishlaydigan ayol Turkiyada ham shu sohada ish topgan va O‘zbekistonda uyni qurish uchun pul jamg‘arishni maqsad qilgan: “O‘zbekistonda maoshim taxminan 100 dollar edi, ammo Turkiyada 400–600 AQSh dollari olaman” (ayol, 31 yosh, ajrashgan, ishchi). 35 yoshida Turkiyaga yolg‘iz borgan ayolga birinchi parvarish ishini topishda qo‘shnisi yordam bergan. U hozirgi ishi haqida shunday dedi: “Maoshim ehtiyojlarimga yetadi, keksa ayol bilan birga ovqatlanaman, shuning uchun oziq-ovqat yoki ijara uchun pul to‘lamayman. Ish beruvchim kiyim-kechak ham olib beradi” (ayol, 37 yosh, parvarish ishi). Polshada parvarish ishlarini bajaradigan ukrain ayollari singari,[36] Turkiyadagi maqsadli daromad topuvchi o‘zbek migrant ayollar avval kafe, fabrika yoki dam olish maskanlarida mavsumiy yoki qisqa muddatli ishlarda ishlab, keyinchalik barqarorlik va yashab ishlash sharoitini ta’minlaydigan parvarish ishlari orqali ko‘proq pul jo‘natish imkonini berganini aytishgan.

Maoshdan qoniqqan respondent ayollar O‘zbekistondagi oilaviy maqsadlariga erishgach,  Turkiyada uzoq muddat qolmay, investitsiya qilmay, kelajakda vatanga qaytish ehtimoli eng yuqori bo‘lgan guruh edi. 11 yil davomida bir necha bor migratsiya qilgan bir ayol avval Turkiyada to‘qimachilik ishlarida, Rossiyada esa uy xo‘jaligi ishlarida ishlagan va keyinchalik O‘zbekistonda to‘qimachilik ustaxonasini ochish uchun pul jamg‘arish maqsadida yana Turkiyaga qaytgan. Daromad topish uchun qayta-qayta ko‘chib yurgani sababli u Turkiyaga investitsiya qilmagan va O‘zbekistondan olti oydan ortiq uzoqda bo‘la olmasligini aytgan. “O‘zbekistonda oilam, ota-onam bor. Uy qurmoqchiman. Farzandlarim baxtli bo‘lishini xohlayman, ” deydi u (ayol, 37 yosh, ishchi).

Blochning “uy ishlarini yoqimsiz deb hisoblagan” migrant respondentlaridan farqli ravishda,[37] ushbu tadqiqotdagi o‘zbek ayollari parvarish (bolalar va keksalar parvarishi) sohasidagi ishlarini avvalgi ish tajribalariga nisbatan Turkiyada ish beruvchilar tomonidan qadrlanadi va talab yuqori, deb qabul qilishgan. Turkiyadagi bandliklarini izohlashda o‘zbek ayollari O‘zbekistondagi ta’lim va ish tajribalariga tayanishgan.

Muhokama: Mehmon-ishchi modeli va genderlashgan migratsiya

Rossiyada mehnat migrantlari bilan suhbatlashgan Brednikova maqsadli daromad topuvchi migrant "mehmon ishchi" modelini boshqa mehnat migrantlarning niyatlaridan ajratib ko’rsatadi: “mehmon-ishchilar mezbon jamiyatga faol integratsiyalashuvga yo‘naltirilmagan”, balki jamg‘arish bo‘yicha aniq rejalar bilan harakat qiladi, chet elda ishlab yurgan paytda zavq va dam olishni keyinga suradi va har qanday yordamni asosan o‘z vatandoshlari bo‘lgan boshqa mehmon-ishchilar tarmoqlaridan oladi.[38] Agadjanian va hammualliflari Moskva shahridagi Markaziy Osiyolik migrant ayollar bo‘yicha so‘rovnomaga asoslangan tadqiqotida aksariyat Moskvaga oila a’zolari bilan birga ko‘chib kelganini va biznesga sarmoya kiritayotganini aniqlagan.[39] Hofmannning Rossiyadagi tojik, gruzin, ukrain va boshqa mehnat migrantlarini taqqoslagan tadqiqotida barcha holatlarda migrant ayollar asosan “turmush o‘rtoqlariga ergashuvchi” bo‘lib, migrant erkaklar ortidan borishadi.[40] Turkiyaga oilaviy migratsiya yoki oilani birlashtirishni qiyinlashtiradigan byurokratik muammolar migrantlar orasida yangi uy izlayotganlardan ko‘ra, “mehmon-ishchi” modeliga amal qiladiganlarni ko‘proq jalb qiladi.

O’rta yoshli, yolg’iz migrant o’zbek ayollari O’zbekistondagi farzandlariga yordam yuborayotgan onalar, yoki ota-ona, aka-ukalariga pul yuborayotgan qizlar yoki singil/opalar sifatida tasvirlanadi. Ularning migratsiya strategiyalari va maqsadlari maqsadli daromad topuvchi erkaklar bilan bir xil. Turkiyaga takror kelgan va bozor yoki savdoda ishlagan erkak o’g'lining ta’limi uchun pul yuborish va Toshkentda kvartira sotib olish uchun jamg’arishini aytdi (erkak, 33, bozor). Boshqa erkak Turkiyada ishlab, O’zbekistonda uy va to’y uchun daromad topish haqida o’xshash hikoyani so’zlab, Rossiyaga ishlaganligi va keyin Turkiyaga kelganligini ta’kidladi: "Turkiyada kamroq topaman, lekin ishim unchalik og’ir emas. Turkiyada musulmon madaniyati, hurmat bor, lekin Rossiyada bizni yoqtirishmaydi" (erkak, 42, bozor). 15 yoshida mehnat migratsiyasini boshlagan erkak Rossiyada payvandchi, Turkiyada boshqa og‘ir ishlarda ishlagan hamda O‘zbekistondagi rafiqasi va o‘g‘illariga pul yuborgan (erkak, 26 yosh, ishchi). Yana bir erkak o‘smirligidan Rossiyada ishlagan, deportatsiya qilingan, Qozog‘istonda ishlagan va so’ngra Turkiyaga kelib oshpazlikni boshlagan;  O‘zbekistonda to‘y qilish uchun pul jamg‘arayotgan edi (erkak, 26 yosh, oshpaz). Respondent erkaklarning ko‘pchiligi ayollar bilan taqqoslanganda Turkiyani tanlashdan oldin Rossiyada ishlagan, ayollardan farqli ravishda, erkaklarning hech biri parvarish ishlarida band emas edi.

Maqsadli daromad topuvchi o’zbek ayollar maqsadli daromad topuvchi o’zbek erkaklar bilan bir xil maqsadlarga ega: ular uyda topganlaridan ko’proq pul topish uchun Turkiyaga borishadi, oilasini qo’llab-quvvatlash, uy yoki biznes uchun pul jamg’arishadi.[41] Biroq gender ko’chuvchanlikka ta’sir ko’rsatadi: Markaziy Osiyoda ijtimoiy munosabatlar yosh ayollarning turmush qurib, farzand tarbiyasi uchun uyda qolishi kerakligini ta’kidlaydi va migratsiya ayollarning nomusiga shubha tug’diradi.[42] Respondent erkak mehnat migrantlaridan biri bu masalada o’z fikrini bildirdi: "Ko’plab o’zbek ayollar Turkiyaga kelgach, bir kun bir turk erkak bilan, ertasiga boshqasi bilan vaqt o’tkazishadi. Ular o’zbek xalqini uyatga qo’yadi. Bu juda keng tarqalgan. Ish uchun Turkiyaga keladigan o’zbek ayollar ajrashgan ayollar. Qiyinchilikka duch kelganda, ular fohishalik kabi yengil yo’llarni izlaydi" (erkak, 26, savdo). Parvarish ishlarida ishlash turk nazorat idoralari nazarida “ko’rinmaslik” strategiyasidan ham ko‘proq ahamiyatga ega; bu yolg‘iz migrant ayollarni qoralaydigan boshqa Markaziy Osiyolik migrantlarning g’iybatidan qochishning genderga xos usuli ham bo‘lishi mumkin.

E’tiborlisi, yolg’iz maqsadli daromad topuvchi o’zbek ayollar va erkaklar Turkiyada ishlash qarorlari haqida turlicha gapirishdi. Ayollar chet ellik ishchi sifatidagi noodatiy ijtimoiy maqomini mehnatga layoqatsiz eri yoki yolg’iz farzand sifatida oilasini boqishga majburlikdan migratsiyaga ruxsat olishga uringanligini aytishdi. Aksincha, erkaklar daromad maqsadlarini erkaklik normalari sifatida  uyda oilani boqayotgan ota; uylanmoqchi bo’lgan yigit  sifatida ko’rsatishdi.

Boshqa modellar: migrant, sarguzashtparast

Garchi gender “mehmon ishchi” modeli bo’yicha ayrim migrantlarning turli tajribalarni shakllantirgan bo‘lsa-da, maqsadli daromad topishni ko‘zlagan erkaklar va ayollar o‘xshash migratsiya hikoyalar va o‘xshash niyatlarni bildirganlar. Tadqiqotimizdagi oilasi bilan Turkiyaga kelgan migrantlar “O’zbekistondagi oilasini ta’minlash”dan boshqa  maqsadlarni ko’zlagan va Turkiyada qolish  ehtimoli ancha yuqori edi. Ular Turkiyaga maqsadli ravishda ko‘chib kelgan migrantlar bo’lib, ayrimlari norasmiy yo‘llar bilan kelgan bo‘lishiga qaramay, migrantlik maqomini qonuniylashtirishni rejalashtirgan edi. Brednikovaning ta’biri bilan aytganda, dastlab mehnat migrantlari bo‘lib ko‘ringan kishilar “o‘z uyini qura boshlaganda, oilasini ko‘chirib kelganda yoki yangi joyda oila yaratganda … vatani bilan aloqalar kamayib” “migrantlik modeli” namoyon bo‘ladi.[43] Tadqiqotimizda Turkiyada biznesini yo‘lga qo‘ygan yoki professional faoliyat boshlagan erkaklar ham, ayollar ham mavjud.

 

Respondent ayol ko’p mamlakatlarda oilaviy migratsiya qilib, Turkiyaga sayyoh sifatida kelgan, ammo qolishga qaror qilgan. U ingliz tili o’qituvchisi sifatida Turkiyada 11 yil yashagach, shunday dedi: "O’zbekistonga pul yubormayman." Farzandlari Turkiyada ta’lim olgan,  endi O’zbekistonga qaytishni o’ylamaydi. Boshqalar kabi migratsiyaga mafkuraviy sabab ko’rsatgan: "Migratsiyaning ijobiy jihati diniy erkinlik deb ishonaman" (ayol, 42, o’qituvchi). Respondent erkak O’zbekistonda fuqarolik olishda qiyinchiliklarga duch kelganligi va biznesi ta’qib qilinganligi sababli O’zbekistondan Turkiyaga kelganini tushuntirdi. Turkiya restoran ochish imkonini bergani, bir necha yil yashagach turk fuqaroligini olganligini aytdi. “Biz hech qachon pul topish uchun ko‘chib kelmaganmiz. Bobolarimiz boy va tadbirkor bo‘lgan … Turkiyaga ko‘chib kelganimizda, hayot uchun kerak bo‘lgan hamma narsani sotib oldik”. Shunga qaramay, u O‘zbekistondagi o‘g‘liga pul yuborib turadi, Turkiyaga katta sarmoya kiritgan bo‘lsa-da, O‘zbekistonga “tajribalarimizni vatanimizda yoyish uchun” qaytishiga ishonadi (erkak, 48 yosh, biznes egasi). Moddiy va madaniy kapitalga ega holda Turkiyaga ko‘chib kelganlarning maqsadlari daromad topish uchun kelgan migrantlarning maqsadlaridan farq qilib, umumiy jihatga ega emas edi va ular  qaytishni rejalashtirmagan edilar.

Tadqiqotdagi turizm yoki ta’lim uchun Turkiyaga borib, ish topib qolib ketgan yosh yigit-qizlar Brednikova ta’riflagan "sarguzashtparast modeli"[44]ga mos keladi. Ba’zilari uchun orzu qilingan sarguzasht turk turmush o’rtog’i topishni va Turkiyada qolishni o’z ichiga oldi. "O’qishni xohladim, chunki akam Turkiyada o’qiydi. Keyin u meni ta’lim uchun Turkiyaga chaqirdi." Bu yosh qiz universitetga kirish imtihonlaridan o’tolmagach, norasmiy mehnat migranti sifatida ishlay boshlagan va akasi daromadlarini olgan. U akasining nazoratidan qochish yo’lini topdi: "Turk odamlarini yaxshi ko’raman. Men turk yigit bilan unashtirildim" (ayol, 21). Ba’zi yosh migrantlar Turkiyaga ishlashga kelgach, keyinchalik ta’limga yuzlanadilar: “Universitetga kirishga tayyorlanyapman. Men enagalik qilayotgan bolaning xolasi universitetda ishlaydi va universitetga tayyorlanishimda yordam beryapti” (ayol, 24 yosh). Rossiyada ishlagan va keyinchalik Turkiyadagi bozorda mehnat qilayotgan yosh yigit bir nechta maqsadlar, Turkiyada arxitektura bo’yicha institutga o‘qishga kirish va O‘zbekistonda do‘kon ochish uchun pul yig‘ishni rejalashtirgan (erkak, 24 yosh).

Pul topish uchun Turkiyaga kelgan yosh ayol migratsiyaning ijobiy jihatlarini quyidagicha tushuntirgan: “Men ko‘p narsani o‘rganyapman, yangi til, dunyoga boshqacha qarash. Fikrlashim o‘zgardi: yangi muhitga duch keldim, yangi odamlar va yangi do‘stlar orttirdim. Mustaqil bo‘ldim, oilamdan uzoqda yashay olaman … boshida men Yevropaga borib, G‘arb dunyosida o‘qib ishlayman va O‘zbekistonga qaytmayman deb o‘ylagandim, lekin vaqt o‘tishi bilan bu fikrim o‘zgardi” (ayol, 24 yosh). Yosh respondentlar uchun Turkiyaga migratsiya oilani ta’minlash maqsadlaridan ko‘ra, shaxsiy rivojlanish va sarguzasht bilan bog‘liq bo’lib, maqsadli daromad topuvchi erkak va ayollar oilani ta’minlashga qaratilgan maqsadlaridan farq qiladi.

Xulosa

Nima uchun o’zbek ayollari Turkiyani tanlaydi? Ularning "Turkiya — ayollar uchun" degan qarashlari migratsiya qaroridan va tanlangan manzilni ongli ravishda tanlaganidan mamnun bo‘lganliklarini ko‘rsatadi. O’zbek ayollar erkaklarga qaraganda mehnat migratsiyada ko’p ishtirok etadi, ammo Turkiya statistik ma’lumotlari shuni ko’rsatadiki, nafaqat o’zbek ayollar, balki boshqa sobiq sovet mamlakatlaridan kelgan ayollar soni erkaklar bilan solishtirganda ko’p. Turkiyani migratsiya uchun tanlash Turkiyaga boshqa joylardan keladigan genderlashgan oqimlarga  zid tendensiyadir. Yolg‘iz migrant o‘zbek ayollari Turkiyada ish topishlariga yordam bergan ijtimoiy kapitalga ega bo’lib, bu mehnat bozori yo‘nalishlari ularning tan olinish va maqomlarini to‘liq qondirmagan bo‘lsa-da, daromad topish maqsadlarini qanoatlantirgan. Mazkur tadqiqot Turkiyada ishlayotgan o‘zbekistonlik migrantlar bilan migratsiya hikoyalari asosidagi intervyular orqali Markaziy Osiyodagi gender va migratsiya oid ilm-fanga hissa qo‘shadi. “Qor to‘pi” usuli respondentlarni topishda jamoat ko‘zidan “chetda” ishlaydigan ayollarning ovozlari eshitib, O‘zbekistonning genderlashgan migratsiya oqimlariga oid to‘liq bo‘lmagan tasavvurimizni kengaytirdi.

Turkiyaning viza talab qilmasligi O’zbekiston fuqarolari uchun aviachiptaga yetarlicha puli bo’lganda 90 kunlik muddatdan oshib, norasmiy migrantga aylanishni nisbatan osonlashtiradi. O’zbek ayollari uchun gender me’yorlari “ko’rinmas” tarzda parvarish ishi yoki tikuvchilikda ish topishga rag’batlantiradi. Ish beruvchisi suiiste’mol qilmasa va daromadi ularga O’zbekistondagi oilaviy maqsadlarga erishish imkonini bersa, ular tanlagan mehnat bozoridagi (ish) yo‘nalishlardan mamnun ekanliklarini bildirishgan. Migrant ayollar O’zbekistonning gender me’yorlariga bilvosita qarshi chiqayotganliklarini tan olishadi, biroq Turkiyada uy ishlarni tanlashlari ularni boshqa migrantlarning tanqidiy qarashlaridan “chetda” tutib, migratsiya ularning obro‘siga mos kelmaydigan ayrim xavflarni kamaytirgan bo‘lishi mumkin.

Tadqiqotdagi maqsadli daromad topuvchi migrantlar bir maqsadga erishgach, keyingisini belgilab, xorijda uzoqroq qolishi yoki takroriy migratsiyaga kelishi mumkin.[45] Pul topish maqsadidagi yolg’iz migrantlar O’zbekistonga qaytish niyatida yakdil bo’lib, bu masalada ayollar va erkaklar o’rtasida farq yo’q. Qaytish niyatlaridagi hal qiluvchi farq yakka maqsadli daromadchilar va “bog’langan” migrantlar o’rtasida yuzaga keladi. Turmush o’rtog’i va farzandlari bilan Turkiyaga kelgan o’zbek erkaklar yoki ayollar Turkiyada uzoqroq yoki doimiy kelajakka doir maqsadlarni ifodalaydi: bolalarini Turkiyada o’qitish, biznes boshlash va kasbiy faoliyatni rivojlantirish. Bu natijalar mehnat migratsiyasini tahlil qilishga oid yangi iqtisodiy yondashuv doirasidagi avvalgi tadqiqotlar xulosalariga mos keladi va shuni ko‘rsatadiki, “uyda turmush o‘rtog‘i va farzandlarning bo‘lishi daromad maqsadini kechiktirmay,  tezroq erishish uchun ko‘proq mehnat qilish rag‘batini oshiradi”.[46]

Uyda qolgan oilalariga bo’lgan maqsadlar va mehnat bozorining genderga asoslangan segmentatsiyasi maqsadli daromad topuvchi o’zbek ayollarini Turkiyada parvarish ishiga jalb etib,  ularni vatanga qaytish ehtimoli eng yuqori bo‘lgan  migrantlar qatoriga kiritadi.

  


[1] Sophie Roche, Domesticating Youth: Youth Bulges and Their Socio-Political Implications in Tajikistan (New York: Berghahn Books, 2014); Madeleine Reeves, “Migration, Masculinity, and Transformations of Social Space in the Sokh Valley, Uzbekistan, ” in Migration and Social Upheaval as the Face of Globalization in Central Asia (Leiden: Brill, 2013), 307–31, https://doi.org/10.1163/9789004249509_020

[2] Sergei Abashin, “Vozvrashchenie domoi: Semeinye i migratsionnye stsenarii v Uzbekistane,“ Ab Imperio, no. 3 (2015): 125–65.

[3] Heaven Crawley and Jessica Hagen-Zanker, “Deciding Where to Go: Policies, People and Perceptions Shaping Destination Preferences, ” International Migration 57, no. 1 (2019): 20–35, https://doi.org/10.1111/imig.12537

[4] Arthur Grimes and Dennis Wesselbaum, “Moving towards Happiness? , ” International Migration 57, no. 3 (2019): 20–40, https://doi.org/10.1111/imig.12546

[5] Shoirakhon Nurdinova, “Socio-Economic Factors Affecting Uzbek Labor Migrants in Turkey, ” in Eurasia on the Move: Interdisciplinary Approaches to a Dynamic Migration Region (Washington, DC: George Washington University, Central Asia Program, 2018), 119–27.

[6] Alisher Ilkhamov, “Labour Migration and the Ritual Economy of the Uzbek Extended Family, ” in “Mobility and Identity in Central Asia, ” special issue Zeitschrift für Ethnologie 138, no. 2 (2013): 259–84.

[7] Natalia Zotova and Jeffrey H. Cohen, “Left Behind? Russia’s Entry Bars and Gender Relations in Tajikistan, ” Nationalities Papers 48, no. 4 (2020): 675–89, https://doi. org/10.1017/nps.2019.111; https://doi.org/10.1080/15387216.2017.1280690; Luisa Piart, “Transition, Migration, Capitalism: Female Uzbek Shuttle Traders in Istanbul, ” in Migration and Social Upheaval as the Face of Globalization in Central Asia, ed. Marlène Laruelle (Leiden: Brill, 2013), 333–54, https://doi.org/10.1163/9789004249509_021

[8] Agadjanian, Gorina, and Menjívar, “Economic Incorporation.”

[9] Hofmann, “Who Goes to Russia?.”

[10] Piart, “Transition, Migration, Capitalism.”

[11] Hélène Thibault, “Labour Migration, Sex, and Polygyny: Negotiating Patriarchy in Tajikistan, ” Ethnic and Racial Studies 41, no. 15 (2018): 2809–26, https://doi.org/10.1 080/01419870.2017.1400086; Zotova and Cohen, “Left Behind?.”

[12] Sofia Kasymova, “Tadzhikskie zhenshchiny v trudovoi migratsii: Vynuzhdennaia taktika vyzhivaniia ili vybor svobodnykh zhenshchin? , ” Ethnographic Review, no. 4 (2012): 78.

[13] Andrew C. Kuchins, Jeffrey Mankoff, and Oliver Backes, Central Asia in a Reconnecting Eurasia: Uzbekistan’s Evolving Foreign Economic and Security Interests (New York: Rowman & Littlefield, 2015); Susan Thieme, “Coming Home? Patterns and Characteristics of Return Migration in Kyrgyzstan, ” International Migration 52, no. 5 (2014): 127–43, https://doi.org/10.1111/j.1468-2435.2011.00724.x; Richard Pomfret, “The Central Asian Economies in the Twenty-First Century, ” in The Central Asian Economies in the Twenty-First Century: Paving a New Silk Road (Princeton, NJ: Princeton University Press, 2019).

[14] Elena Tiuriukanova, Zhenshchiny-migranty iz stran SNG v Rossii (Moscow: MAKS Press, 2011).

[15] Resmi Gazete, “Karar Sayisi 317, ” 10 November 2018, http://www.resmigazete.gov.tr/ eskiler/2018/11/20181111-2.pdf.

[16] Ministry of Family, Labor, and Social Services of Türkiye, “Yabancıların Çalışma İzinleri” (2019), https://www.csgb.gov.tr/istatistikler/calisma-hayati-istatistikleri/ resmi-istatistik-programi/yabancilarin-calisma-izinleri/

[17] Saniye Dedeoğlu, “Türkiye’de Göçmenlerin Sosyal Dişlanmasi: İstanbul Hazir-Giyim Sanayinde Çalişan Azerbaycanli Göçmen Kadinlar Örneği, ” Ankara Üniversitesi SBF Dergisi 66, no. 1 (1 January 2011): 27–48, https://doi.org/10.1501/ SBFder_0000002193.

[18] H. Deniz Genç, “Responding to Irregular Migration: High Potential of Local Governments in Turkey, ” International Migration 56, no. 3 (2018): 73–87, https://doi. org/10.1111/imig.12424

[19] Rhacel Salazar Parreñas, “Migrant Filipina Domestic Workers and the International Division of Reproductive Labor, ” Gender & Society 14, no. 4 (2000): 560–80, https://doi.org/10.1177/089124300014004005

[20] Peter Loebach and Kim Korinek, “Crossing Borders, Crossing Seas: The Philippines, Gender and the Bounding of Cumulative Causation, ” International Migration 54, no. 1 (2016): 137–51, https://doi.org/10.1111/imig.12022; M. Rezaul Islam and Stefan Cojocaru, “Migrant Domestic Workers in Asia: Transnational Variations and Policy Concerns, ” International Migration 54, no. 1 (2016): 48–63, https://doi. org/10.1111/imig.12201;

[21] Anna Triandafyllidou, “Circular Migration: Introductory Remarks, ” in Circular Migration between Europe and Its Neighbourhood: Choice or Necessity, ed. Triandafyllidou (Oxford: Oxford University Press, 2013), 6.

[22] Kasymova, “Tadzhikskie zhenshchiny v trudovoi migratsii.”

[23] Fatma Armagan Teke Lloyd, “Intersectional Power Dynamics and Extended Households: Elderly and Widowed Women’s International Migration from Armenia, ” Gender, Place & Culture 26, no. 3 (2019): 362–83, https://doi.org/10.1080/09663 69X.2018.1518315

[24] Kasymova, “Tadzhikskie zhenshchiny v trudovoi migratsii.”

[25] Teke Lloyd, “Intersectional Power Dynamics, ” 13–14.

[26] Sergei Abashin, “Vozvrashchenie domoi: Semeinye i migratsionnye stsenarii v Uzbekistane, ” Ab Imperio, no. 3 (2015): 146, https://doi.org/10.1353/imp.2015.0064

[27]Nurdinovaning ma’lumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish ishlari 2019-yilda Indiana Universitetining Ijtimoiy fanlar tadqiqot markazi (Social Science Research Commons) tomonidan berilgan boshlang‘ich grant (seed grant) hisobidan qo‘llab-quvvatlangan. Qo‘shimcha tadqiqot yordami Shahlo Seidmetova tomonidan Indiana Universitetining Markaziy Osiyo mintaqasi tillari markazi (CelCAR) ko‘magida ta’minlangan.

[28] Douglas S. Massey et al., Worlds in Motion: Understanding International Migration at the End of the Millennium (Oxford: Clarendon Press, 1999)

[29] Amelie F. Constant, Olga Nottmeyer, and Klaus F. Zimmermann, “The Economics of Circular Migration, ” in International Handbook on the Economics of Migration, ed. Constant and Zimmermann (Cheltenham, UK: Edward Elgar Publishing, 2013), 55–74.

[30] Ministry of Family, Labor, and Social Services of Turkey (2018), Assessment Criteria for Work Permit, https://birim.ailevecalisma.gov.tr/uigm/contents/calismaizni/ izindegerlendirmekriterleri/.

[31] Taner Akpinar, “Türkiye’ye Yönelik Kaçak Işgücü Göçü, ” Ankara Üniversitesi SBF Dergisi 65, no. 03 (2010): 1–22; Ayşe Emel Akalın, “Türkiye’de Göçmen Ev Işçilerinin Çalışma Koşulları, ” in Sosyal İnsan Hakları Ulusal Sempozyumu VI Bildiriler (Istanbul: Türkiye Petrol Kimya Lastik İşçileri Sendikası, 2014); Derya Demirdizen, “Türkiye’de Ev Hizmetlerinde Çalışan Göçmen Kadınlar: Yeni Düzenlemelerle Yarı Köle Emeğine Doğru Mu? , ” Calisma ve Toplum 38, no. 3 (2013); Genç, “Responding to Irregular Migration.”

[32] Tuba Bircan and Ulaş Sunata, “Educational Assessment of Syrian Refugees in Turkey, ” Migration Letters 12, no. 3 (2015): 228, https://doi.org/10.33182/ml.v12i3.276

[33] Leyla J. Keough, Worker-Mothers on the Margins of Europe: Gender and Migration between Moldova and Istanbul (Bloomington: Indiana University Press, 2016).

[34] Douglas S. Massey et al., “Theories of International Migration: A Review and Appraisal, ” Population and Development Review 19, no. 3 (1993): 431–66, https://doi. org/10.2307/2938462

[35] Saskia Bonjour and Sébastien Chauvin, “Social Class, Migration Policy and Migrant Strategies: An Introduction, ” International Migration 56, no. 4 (2018): 5–18, https://doi.org/10.1111/imig.12469

[36] Francesca Alice Vianello, “A Transnational Double Presence: Circular Migration between Ukraine and Italy, ” in Circular Migration between Europe and Its Neighbourhood: Choice or Necessity, ed. Anna Triandafyllidou (Oxford: Oxford University Press, 2013), 187–210, https://doi.org/10.1093/acprof:oso/9780199674510.003.0009

[37] Alexia Bloch, Sex, Love, and Migration: Postsocialism, Modernity, and Intimacy from Istanbul to the Arctic (Ithaca, NY: Cornell University Press, 2017), 29.

[38] Ol´ga E. Brednikova, “(Non-) Return: Can Migrants Become Former Migrants? , ” Anthropology & Archeology of Eurasia 56, no. 3–4 (2017): 298–320, https://doi.org/10.10 80/10611959.2017.1450549.

[39] Agadjanian, Gorina, and Menjívar, “Economic Incorporation.”

[40] Hofmann, “Who Goes to Russia?.”

[41] Ilkhamov, “Labour Migration.”

[42] Reeves, “Migration, Masculinity”; Ilkhamov, “Labour Migration, ” 147.

[43] Brednikova, “(Non-) Return, ” 302.

[44] O’sha manba. 304

[45] O’sha manba. 303.

[46] Constant A., Massey D.S. Return Migration by German Guestworkers: Neoclassical versus New Economic Theories // International Migration. 2002. Vol. 40. № 4. 5–38.

Author

Comment
Share

Building solidarity beyond borders. Everybody can contribute

Syg.ma is a community-run multilingual media platform and translocal archive.
Since 2014, researchers, artists, collectives, and cultural institutions have been publishing their work here

About