Donate

O‘zbekiston: Ixtiro qilingan millatda milliyatchilikning ixtiro qilinishi

Tarjima va Tanqid11/10/25 16:18127

Dekolonizatsiya haqida o‘qiganimizda, ko‘pincha xalqlarning imperiyalarga qarshi kurashini, ommaviy harakatlarni, ozodlik bayrog‘ini ko‘targan qahramonlarni ko‘z oldimizga keltiramiz. Ammo O‘zbekiston va boshqa postsovet respublikalarda tarix boshqacha kechdi. Bu yerda mustaqillik xalq tomonidan pastdan boshlab qo‘lga kiritilmadi — u yuqoridan e’lon qilindi. Davlat milliyatchilik natijasida tug‘ilmadi, aksincha — davlatning o‘zi milliyatchilikni yaratdi: tilni, ramzlarni, tarixiy xotirani shakllantirib, o‘z mavjudligini tushuntirishga harakat qildi.

Hindiston, Indoneziya yoki Jazoirdan farqli o‘laroq, bu yerda milliy g‘oya mustaqillikdan oldin emas, keyin paydo bo‘ldi. O‘zbekistonda anti-mustamlakachilik harakati yoki ozodlik kurashiga asoslangan mif mavjud emas edi. Shu sababli “millat” g‘oyasi kurash natijasi emas, balki boshqaruv loyihasiga aylandi. XX asr boshlarida sun’iy ravishda chizilgan chegaralar va respublikalar qanday yaratilgan bo‘lsa, 1990-yillarda ham yangi davlat o‘z tarixini, qahramonlarini, tilini va yozuvini qaytadan “kashf etishga” majbur bo‘ldi.

O‘zbekiston tajribasining o‘ziga xosligi ham shunda: bu yerda mustaqillik hissiy portlash emas, balki ma’muriy fakt sifatida yuz berdi. Shu bois O‘zbekistondagi milliyatchilik — isyon emas, balki me’morchilikdir; u ommaviy ko‘cha shiori emas, balki davlat qurilishining bir qismidir. Va, ehtimol, shuning uchun ham u bizga bugun tabiiy ko‘rinadi — chunki yuqoridan yaratilgan, uzoq nazorat qilingan va asta sekin singdirilgan hodisa, oxir-oqibat, tabiiy tuyilishi muayyan ma’noda tabiiy.

Tarjimon: Feckro Felix
Tahrirchi: Odilxon Orifjonov
Asl manba: Charles Kurzman (1999) Uzbekistan: The invention of nationalism in an invented nation, Critique: Critical Middle Eastern Studies, 8:15, 77-98.

 

Содержание
  • O‘zbekistonning yaratilishi
  • Milliy qahramonlar
  • Lingvistik milliyatchilik
  • Siyosiy mo‘tadillashtirilgan Islom
  • Buyuk davlat barpo etish
  • Milliyatchilikning monopollashuvi
facebook
facebook

 O‘zbekiston 1991-yilda Sovet Ittifoqidan mustaqillikka erishganidan so‘ng, poytaxt Toshkentdagi metro tizimida qator o‘zgarishlar yuz berdi. Lenin bekati Mustaqillik maydoni deb qayta nomlandi. Komsomol (Kommunistik yoshlar uyushmasi) bekati o‘zbekcha “Yoshlik” deb o‘zgartirildi. Xalqlar do‘stligi bekati o‘z nomini saqlab qoldi, biroq sotsialistik do‘stlikni aks ettiruvchi bezak muhrlar suvoq qilib yopildi. Butun tizim bo‘ylab rus tilidagi yozuvlar ustiga o‘zbek tilidagi yozuvlar tushirildi. Yangi mustaqillikka erishgan davlatda bunday o‘zgarishlarni, shu jumladan, davlat gerbi va bayrog‘ining qayta ishlanishi, milliy aviakompaniya va sayyohlik idorasining tashkil etilishi hamda zamonaviy davlatchilikning boshqa atributlarini kutish tabiiy.

Biroq, millat qurishning[1] bu odatiy bosqichlari bilan bir qatorda, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa sobiq sovet respublikalari bir vaqtning o‘zida milliyatchilik[2] qurishdek murakkabroq va kamroq uchraydigan jarayonga ham kirishgan. Odatda, mustamlakachilikdan ozod bo‘lgan mamlakatlarda bu jarayon mustaqillikdan oldin boshlanadi. Ernest Gellnerning ta’kidlashicha, “Millatlarni milliyatchilik yaratadi, aksi emas”[3]; Erik Xobsbaum ham “milliyatchilik millatlardan oldin paydo bo‘ladi” degan fikrga qo‘shiladi. Misol uchun, Avstriya-Vengriya imperiyasidagi chexlar mustaqillikka erishishdan avval bir necha avlod davomida kurash olib borishgan[4]. Hatto Indoneziya yoki Nigeriya kabi chegaralari xorijliklar tomonidan belgilangan mustamlaka davlatlari ham chet el hukmronligi bekor qilinishidan oldin u yoki bu ko‘rinishdagi milliyatchilik harakatlariga guvoh bo‘lgan. Bu millatlar qadimiy jamoaviy o‘ziga xoslikdan kelib chiqadi, degan primordialistik[5] qarashga qaytishni anglatmaydi. Aksincha, milliy mustaqillik odatda barcha tomonlarning milliyatchilik harakatlariga yon berishi sifatida qaraladi.

O‘zbekiston, boshqa mamlakatlardan farqli o‘laroq, 1991-yilda mustaqillikka erishgunga qadar deyarli hech qanday milliyatchilik harakatiga ega emas edi. Yigirmanchi asrning ko‘plab mustamlakachilikdan ozod bo‘lgan mamlakatlaridan farqli ravishda, O‘zbekistonning tashkil etilishi ham, mustaqillikka erishishi ham milliy harakatlar orqali emas, balki Moskvaning buyrug‘i bilan bo‘lgan. Aslida, bu mavzu bo‘yicha mavjud bo‘lgan kam hajmli ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, bu harakatlarning hech biri O‘zbekiston xalqi orasida katta ko‘lamda qo‘llab-quvvatlanmagan. Natijada, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa sobiq sovet respublikalaridagi milliyatchilik, mustamlakachilikdan ozod bo‘lgan mamlakatlardagi odatdagi milliyatchilikdan ikki jihatga ko‘ra farqli ko‘rinishga kelgan. Birinchidan, milliyatchilik davlatga qarshi emas, balki davlat tomonidan rivojlantirilgan. O‘zbekistondagi milliyatchilik fuqarolik jamiyatidagi elitalar orasida paydo bo‘lib, mustamlaka tuzumiga qarshi yo‘naltirilmagan. Balki mustamlaka tuzumi yaratgan davlat tuzilmasi ichida paydo bo‘lgan va hatto mustamlaka tuzumi tomonidan tayinlangan va unga xizmat qilgan shaxslar tomonidan boshqarilgan. Biroq, bu holat davlatning mustamlakachilikka qarshi milliy harakatlari ko‘proq bo‘lgan mamlakatlardagi kabi milliyatchilik mavzulari bilan shug‘ullanishiga to‘sqinlik qilmagan. Faqatgina boshqa yangi davlatlarda juda ko‘zga tashlanadigan “mustaqillik harakati” mavzusi bundan mustasno.

Ikkinchi farqli jihat Markaziy Osiyoda bu mavzuning (mustaqillik harakati) bo‘lmaganligidir: Markaziy Osiyoning go‘yoki azaliy “milliy” o‘ziga xosliklari va milliy davlatchilikning hozirgi holati o‘rtasida mantiqiy va tarixiy bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Aksariyat yangi davlatlar mustamlakachilarga qarshi kurash va ozodlik uchun milliy harakatlarni ulug‘laydigan bir paytda, O‘zbekiston 1924-yilda tashkil topishidan va 1991-yilda mustaqillikka erishishidan oldingi, avval 1920-yillarning boshida va 1980-yillarning oxirida mavjud bo‘lgan kichik milliy harakatlar xotirasini faol ravishda bostirmoqda. Bu jihatdan O‘zbekistondagi milliyatchilik boshqa yangi mustaqil davlatlardagi mustamlakachilarga qarshi milliyatchiliklardan ko‘ra, ko‘proq sovet davridagi “rasmiy milliyatchilik”[6]ga o‘xshab ketadi.

Ushbu maqolada O‘zbekistonda shakllanayotgan milliyatchilik g‘oyasining asosiy yo‘nalishlari rasmiy manbalar — Prezident Islom Karimovning asarlari, davlat milliy ensiklopediyasi va hukumatning tashviqot lavhalari, davlat amaldorlari va olimlar bilan suhbatlar hamda mustaqil O‘zbekiston haqidagi ilmiy adabiyotlar asosida tahlil qilinadi. Men to‘rtta asosiy yo‘nalishni aniqlagan holda ularni ko‘rib chiqaman: "milliy" qahramonlarni ulug‘lash bilan bog‘liq hududiy milliyatchilik; rasmiy muloqotdan rus tilini asta-sekin siqib chiqarish bilan bog‘liq til milliyatchiligi; davlat nazoratidagi islomiy o‘ziga xoslikni shakllantirish bilan bog‘liq diniy milliyatchilik; va jamiyatda davlat hukmronligini mintaqaviy an’analarga mos deb ko‘rsatishga qaratilgan madaniy milliyatchilik. So‘ngra O‘zbekistondagi mustaqillik harakatlari mavzusining yo‘qligi va bu holatning milliyatchilikni o‘rganish uchun qanday ahamiyatga ega ekanligini tahlil qilaman.

O‘zbekistonning yaratilishi

Markaziy Osiyodagi hozirgi xalqaro chegaralarni belgilovchi chiziqlarning aksariyatini 1924-yilda yangi Sovet Ittifoqining millatlar komissari bo‘lgan Iosif Stalin chizgan. Bu chiziqlar mintaqadagi mavjud milliyatchilik kayfiyatlarini tan olish u yoqda tursin, aksincha, ularni barbod qilishga qaratilgan edi. Bu Stalinning "Markaziy Osiyoda rivojlanayotgan va kuchayib borayotgan milliyatchilik tendensiyalariga qarshi ishonchli to‘siq va yechim"[7] izlashining bir qismi edi. Bu yerda milliyatchilik deganda Turkistonning "millat" deb atalgan umummarkaziy osiyo identikligini targ‘ib qiluvchi panturkiy qo‘zg‘olonlar nazarda tutilgan[8]. Stalin, uning hamkorlari va vorislari umumturkiy milliyatchilik o‘rniga osonroq boshqariladigan milliyatchiliklarni — qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman va o‘zbek milliyatchiliklarini joriy etishga harakat qildilar. Ularning har biriga "milliy" vatan berildi, biroq bu vatanlarning chegaralari shunchalik chigal va aholisi ko‘p millatli ediki, bu hol milliy harakatlar uchun asos bo‘la olmasdi[9].

O‘zbekistondagi mahalliy elitalar yangi "milliy o‘zlik”[10] atrofida tez birlashdi va bu o‘zlikning ifodasi O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining siyosiy va madaniy tashkilotlarida institutsionallashtirildi, xuddi boshqa rasman tan olingan guruhlar sovet milliy siyosati orqali shakllantirilgani kabi[11]. Keyingi ellik yil davomida o‘zbek etnik tuyg‘usi Stalinning tasavvurlarini, ehtimol, haddan tashqari muvaffaqiyat bilan ro‘yobga chiqarganga o‘xshaydi, chunki o‘zbeklik sovet tengsizligini tanqid qilishda boshqa etnik guruhlarga qarshi qo‘yilishi mumkin bo‘lgan va qo‘yilgan o‘zlikka aylandi. 1970-yillarning oxiri va 1980-yillarning boshlariga kelib, chet ellik kuzatuvchilar bu kayfiyat ommaviy mustaqillik harakatiga aylanadimi, degan savolni ko‘tarishdi[12].

Bunday ommaviy harakat yuzaga kelmadi. Aksincha, 1991-yilda Markaziy Osiyo mustaqilligi Moskvadan turib joriy etildi. Avvalgi yili O‘zbekiston Kommunistik partiyasi qisman erkin saylovda deputatlik o‘rinlarining 88 foizini qo‘lga kiritgan edi[13]. 1991-yil 17-martda, Boltiqbo‘yi respublikalari allaqachon Sovet Ittifoqidan ajralib chiqqan bir paytda, O‘zbekiston tobora parchalanib borayotgan ittifoqda qolish uchun 93,7 foiz ovoz berdi[14]. Avgust oyida O‘zbekiston Kommunistik partiyasi rahbari Islom Karimov Sovet Ittifoqining so‘nggi harakatini ifodalagan davlat to‘ntarishiga urinishni qo‘llab-quvvatladi[15]. To‘ntarish barbod bo‘lgach va Sovet tizimining davom etmasligi ayon bo‘lgach, Karimov o‘z yo‘nalishini o‘zgartirdi. Ikki hafta ichida Karimov nazoratidagi O‘zbekiston parlamenti istamayroq bo‘lsa-da, mustaqillik uchun ovoz berdi[16].

Karimov qisqa vaqt ichida vatanparvar bo‘lib qoldi. Mustaqillikdan sakkiz yil o‘tgach, u kutilmagan tarzda O‘zbekiston milliyatchiligi g‘oyasining himoyachisi sifatida mamlakatni boshqarishni davom ettirmoqda. Milliy mafkura hozirda avvalgi sotsialistik mafkurani targ‘ib qilishga bag‘ishlangan o‘sha shiddat va usullar bilan ilgari surilmoqda. Yangi mafkuraning muhim tarkibiy qismlaridan biri bo‘lgan an’analarni qayta kashf etish jarayoni O‘zbekistonda Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga nisbatan ancha ilgarilab ketganga o‘xshaydi. Bu qisman millatning ko‘proq tarixiy merosga ega ekanligi, qisman esa O‘zbekiston ba’zi qo‘shni davlatlarni qamrab olgan iqtisodiy va siyosiy inqirozlardan qutulib qolishga erishgani bilan izohlanadi.

Milliy qahramonlar

“Vatan tuyg‘usi barcha narsalardan ustundir, ” deya e’lon qilinadi O‘zbekiston poytaxti Toshkentdagi ulkan reklama taxtasida. Milliyatchilik shiorlari bitilgan lavhalar butun mamlakat bo‘ylab keng tarqalgan bo‘lib, ularning aksariyatida "vatan" so‘zi uchraydi. Xo‘sh, O‘zbekistonning vatani nimani anglatadi? Bunga javobni mustaqillik yillaridan beri O‘zbekiston mustaqilligining buyuk an’analarini ifodalash uchun tanlangan milliy qahramonlardan topish mumkin.

Milliy qahramon sifatida ulug‘langan ikki hukmdor — Amir Temur (1336-1405, G‘arbda Tamerlan nomi bilan mashhur) va uning nabirasi Ulug‘bek (1394-1449)dir. Ularning ikkalasi ham rasmiy muloqotlarda doimiy ravishda tilga olinadi va har birining Toshkentda o‘z metro bekati mavjud (ilgari Oktyabr inqilobi va O‘zbekiston SSRning 50 yilligi deb nomlangan bekatlar). Ularning har biri mamlakat bo‘ylab Marks va Lenin o‘rnini egallagan, tezda o‘rnatilgan haykallarda aks ettirilgan. Amir Temur maqbarasi 10 so‘mlik pul kupyurasining orqa tomonida tasvirlangan va Amir Temurning 660 yilligi 1996-yil kuzida sovet uslubidagi tantanali marosimda nishonlangan. Ushbu marosimda Karimov va xorijiy davlat arboblari Amir Temurning O‘zbekistonga qo‘shgan hissasi haqidagi qarashlarini baham ko‘rishgan[17].

Mamlakat maktablarida foydalanish uchun tayyorlanayotgan yangi tarix darsliklarida Amir Temur va Ulug‘bek muhim o‘rin egallagan. Bu darsliklar rus markazchiligi va kapitalizmga qarshi sovet matnlari o‘rnini egallaydi. Ushbu matnlarni qayta yozish qo‘mitasiga raislik qilayotgan arxeolog Ahmadali Asqarov Amir Temur shaxsiyati uzoq vaqt mobaynida noto‘g‘ri talqin qilingan, deydi. U qonxo‘r bosqinchi sifatida tasvirlangan bo‘lsa-da, aslida mulohazali va ma’rifatparvar fotih bo‘lgan, degan fikrda. Yangi darsliklarda paydo bo‘lgan qayta ko‘rib chiqilgan talqinga ko‘ra, Amir Temur usmonli dushmanlariga katta hurmat bilan munosabatda bo‘lgan (an’anaviy talqin usmonli hukmdorni qafasda tasvirlar edi); Amir Temur Usmonli va Mo‘g‘ul qo‘shinlarini mag‘lub etish orqali G‘arbiy Yevropa va Rus sivilizatsiyalarini qutqargan (an’anaviy talqinga ko‘ra, bu qutqaruv tasodifiy bo‘lgandi); va Amir Temur o‘z davrining eng buyuk me’moriy yutuqlariga homiylik qilgan (an’anaviy talqin buni uning me’moriy yodgorliklarni vayron qilishi, hatto xotini tomonidan qurilgan masjidga ham, uning sharafiga qurilgani aytilgunga qadar, hujum qilgan degan iddao bilan muvozanatlaydi)[18].

Ulug‘bekning ulug‘lashtirilishi qayta ko‘rib chiqishga u qadar muhtoj emas. Ulug‘bek yulduzlarning aniq joylashuvini kuzatish maqsadida ulkan usturlob qurgan ilg‘or astronom edi. Zamonaviy fanga qarshi bo‘lgan diniy arboblar Ulug‘bekni o‘ldirib, uning rasadxonasini vayron qilganidan so‘ng ham, dunyo astronomlari asrlar davomida uning kuzatuvlariga tayanib keldilar[19].

Qizig‘i shundaki, bu "milliy" qahramonlar aslida o‘zbek emasdi. Amir Temur va Ulug‘bek mo‘g‘ullarning alohida tarmog‘iga mansub edi. Ular turkiy tilning boshqa lahjasida so‘zlashar va yuqori madaniyat ishlarini fors tilida olib borar edilar. Aslida, ular o‘zbeklarga qarshi kurashganlar. Temur ularni mag‘lub etgan; Ulug‘bek esa buni uddalay olmagan. Temur sulolasi shimoldan ko‘chib kelayotgan o‘zbeklarni hozirgi O‘zbekiston deb ataluvchi hududga kiritmaslik uchun bir yarim asr davomida kurashgan. XVI asr boshlarida o‘zbeklar mintaqani nihoyat zabt etganida, mahalliy aholi quvib chiqarilmadi; shu sababdan ikkala guruhni ham hozirgi o‘zbeklarning ajdodlari deb atash o‘rinli bo‘ladi. Biroq, Amir Temur va Ulug‘bek "milliy" qahramon hisoblansa-da, ayni davrdagi o‘zbeklar O‘zbekistonning milliyatchilik mafkurasida ko‘zga tashlanmaydi. Masalan, hozirgi O‘zbekiston hududini egallash jarayonini yakunlagan o‘zbek sarkardasi Muhammad Shayboniy (1451-1510) yangi milliyatchilik panteonida nisbatan kichik o‘rin egallagan. Edvard Olvortning ta’kidlashicha, 1940-yillarda sovet tarixchilari yaqinda tashkil etilgan O‘zbekiston sotsialistik respublikasi uchun xavfsiz tarixni qayta yozishga uringanlarida, Shayboniy unutilishga mahkum etilgan, Amir Temur esa "o‘zbekka aylantirilgan". Sovetlar nuqtayi nazaridan muammo shunda ediki, XIV–XV asrlardagi o‘zbeklar Rossiya uchun ofat bo‘lib, uning podsholarini yengib, yerlarini talon-toroj qilgan edilar. Sovet tarixchilari bu noxush voqealarni qayta ko‘rib chiqish o‘rniga, Amir Temur va uning avlodlarini o‘zbeklar o‘rniga tarixga kiritishni ma’qul ko‘rganlar[20].

O‘zbekistondagi postsovet milliyatchiligi, rus-markazli tarixshunoslikdan qutulishga urinayotgan bo‘lsa-da, o‘sha mafkuraviy an’anaga ergashmoqda. Hukumat mafkurachilari O‘zbekiston xalqi bir necha yil ichida qayta tiklash rejalashtirilgan shayboniylarga hali "tayyor emas"ligini ta’kidlashmoqda[21]. O‘zbeklar Amir Temurni etnik jihatdan o‘zlaridan biri deb talqin qilinuvchi yarim asrlik sovet maqtovlariga chindan ham ishonishadimi-yo‘qmi, noaniq. O‘zbekiston Respublikasining Ensiklopediyasida Amir Temur va uning avlodlariga o‘zbek millati nisbati berilmagan[22]. Ba’zi olimlar Amir Temurning hozirgi mavqei uning ko‘p millatli imperiyani madaniy zo‘ravonliksiz boshqara olganligidan kelib chiqqanini ta’kidlashadi[23]. Oddiyroq izoh shuki, Amir Temur va Ulug‘bek O‘zbekiston valyuta va xalqaro e’tiborni jalb qilishga umid qilayotgan turizm sanoati uchun qulay diqqat markazlaridirlar. Har ikkala hukmdor ham poytaxtlarini Samarqandda qurgan va o‘z yodgorliklarini o‘rnatgan, Samarqandni esa Stalin O‘zbekiston SSRga bergan edi. Ehtimol, jamoatchilik bilan aloqalar nuqtai nazaridan, vatan xalqni emas, balki joyni anglatar. Yangi mafkura o‘zbek milliyatchiligi emas, balki O‘zbekiston milliyatchiligi bo‘lishi mumkin — etnik emas, balki hududiy milliyatchilik, Rojers Brubaker sobiq Ittifoq bo‘ylab kuzatgan ziddiyat[24].

Turizm sohasining foydasiga, O‘zbekiston tarixiy joylarga boy. Stalinning 1924-yildagi chegaralari O‘zbekistonga O‘rta Osiyo yodgorliklarining asosiy qismini, jumladan, O‘rta Osiyosining so‘nggi uch xonligi: Xiva, Buxoro va Qo‘qon poytaxtlarini berdi. Biroq, bu yodgorliklarni milliy meros sifatida o‘zlashtirish uchun O‘zbekiston hukumati ularning milliy chegaralardan tashqaridagi xususiyatlarini e’tibordan chetda qoldirishi kerak. Masalan, Qo‘qonning so‘nggi xonlari etnik jihatdan o‘zbek bo‘lsalar-da, ruslar keyinchalik "O‘zbekiston" deb atagan davlatga sadoqatlari bo‘lmagan. Ularning sadoqati ko‘proq mahalliy xarakterga ega bo‘lib, boshqa o‘zbek xonliklari bilan tez-tez urushar edilar. 1997-yilda Xiva bilan birga "2500 yillik yubileyi"ni nishonlagan Buxoro yanada muammoliroq. Samarqandning 2500 yillik yubileyi 1960-yillarda o‘tkazilgan, aks holda u ham bu tadbirga albatta kiritilgan bo‘lardi. Tarixan Buxoro Eron madaniyatining markazi edi. XX asr boshlarida Buxoroda nashr etilgan dastlabki kitob va gazetalarning ko‘pchiligi O‘rta Osiyoda keng tarqalgan turkiy tillardan farqli o‘laroq, fors tiliga asoslangan tojik tilida edi[25]. Hatto 1990-yillarning oxirlarida ham, O‘zbekistonning boshqa hududlaridan farqli o‘laroq, Buxoroda o‘zini o‘zbek deb hisoblaydiganlarning ko‘pchiligi biroz tojik tilini bilishini aniqladim[26]. Yangi tashkil topgan Tojikiston davlati hatto shaharga nisbatan omadsiz hududiy da’volar ham qilgan. Faqatgina hududiy milliyatchilik O‘zbekistonga Buxoro yubileyini o‘z milliy merosining bir qismi sifatida da’vo qilish imkonini beradi. Shu bilan birga, etnik milliyatchilik hukumatga yangi Ensiklopediyada Buxoro viloyatining atigi 4,0 foizini tojiklar tashkil etishini[27] ta’kidlash imkonini beradi. Bu ko‘rsatkich mamlakat bo‘yicha 4,7 foizlik ulushdan kam (garchi 1989-yilgi Sovet aholini ro‘yxatga olish ko‘rsatkichidagi 3,1 foizdan ko‘proq bo‘lsa-da)[28].

Lingvistik milliyatchilik

"Ey bashar! Bilib qo‘yki, eng katta la’nat — adovatdir; eng buyuk baxt — hamjihatlikdir." Bu yuksak fikr Mir Alisher Navoiy (1441-1501) she’riyatidan olingan bo‘lib, uning Toshkent markazidagi ulkan haykali ustidagi gumbazga naqshlangandir. Navoiyning ishqiy she’riyati shunchalik mashhurki, yangi turmush qurgan juftliklar odatda bu haykal poyiga gul qo‘yishadi — bu sovet davrida paydo bo‘lgan va hozirgi kunlargacha saqlanib qolgan an’anadir.

Navoiy O‘zbekistonning Amir Temur va Ulug‘bek darajasidagi uchinchi buyuk milliy qahramoni sifatida e’tirof etilgan. Ular kabi Navoiyning ham butun mamlakat bo‘ylab haykallari o‘rnatilgan. Garchi sobiq ittifoq davrida nomlangan bo‘lsa-da, uning nomi bilan ataluvchi Toshkent metropoliteni bekati mavjud. Billbordlarda Navoiy she’riyatidan satrlar tez-tez bitiladi, 5 so‘mlik banknotning orqa tomonida esa Navoiyning Toshkentdagi haykali tasvirlangan. Biroq, Navoiyning milliy qahramonlar qatoriga kiritilishi Amir Temur va Ulug‘bek timsol bo‘lgan hududiy milliyatchilik g‘oyasiga zid keladi. Navoiy hozirgi Afg‘onistonning Hirot shahrida tug‘ilib, shu yerda vafot etgan va bugungi O‘zbekiston hududida atigi bir necha yil yashagan. Navoiyning milliy qahramonlar safidagi o‘rni ko‘proq uning o‘zbek tilidagi eng buyuk shoir sifatidagi maqomidan kelib chiqadi.

Amir Temur va Ulug‘bek kabi, Navoiy keysi ham retronimdir[29]. Navoiy o‘zini o‘zbek deb hisoblamagan, chunki bu atama uning davrida faqat ayrim ko‘chmanchi qabilalarga nisbatan ishlatilgan. U o‘zbeklarni yoqtirmagan, hatto bir asarida ularni “qonxo‘r” deb atagan. Navoiyning ajoyib va yangi she’riyati chig‘atoy turkiy tilida yozilgan bo‘lib, bu til o‘zbek tiliga qardosh, ammo undan farq qilardi. Olvortning aytishicha, Navoiyni o‘zbek adabiy merosiga birinchi bo‘lib 1920-yillarda yetakchi o‘zbek olimi Abdurauf Fitrat kiritgan. Uning "O‘zbek adabiyoti namunalari" kitobi umumiy Markaziy Osiyo o‘ziga xosligini yaratish maqsadida o‘zbek va turkiy madaniy yutuqlarni bog‘lashga harakat qilgan. Bu va boshqa Markaziy Osiyo milliyatchiligining ko‘rinishlari uchun sovetlar Fitratni g‘oyaviy jihatdan ishonchsiz deb topib, qatl etganlar. Keyin 1940-yillarda sovetlar fikrlarini o‘zgartirib, Fitratning gipotezasini (obro‘yini emas) qayta tiklab, Navoiy haqida “O‘zbek adabiyotining otasi” nomli kitobni nashr etdilar[30].

O‘zbekistonda postsovet milliyatchiligi shu yo‘nalishda davom etdi. Qizig‘i shundaki, Navoiyning o‘z davridagi o‘zbeklarga bo‘lgan nafratiga qaramay, uning merosi milliyatchilikni shakllantirishning ikkinchi yo‘nalishi: o‘zbek tilini qayta baholash uchun ishlatilmoqda. 1989-yil oxiridan, mustaqillikka erishishdan sal oldin, hukumat muloqotlari rus tilidan o‘zbek tiliga o‘ta boshladi. Ko‘cha belgilari va boshqa rasmiy e’lonlar ham shunday o‘zgardi. O‘zbekistondagi birinchi mustaqil advokatlar uyushmasi bo‘lmish 1997-yil yozida tashkil etilgan O‘zbekiston Advokatlar assotsiatsiyasining nizomlari o‘zbek tilida yozilgan.

Rus tilidan uzilishni ta’kidlash uchun O‘zbekiston hukumati kirill alifbosidan lotin alifbosiga o‘tmoqda. Oddiy so‘zlar yoki mamlakat nomlari orqali lotin harflarini o‘rgatadigan plakatlar sotuvda, masalan, G harfi Gollandiya (Hollandiyaning ruscha talaffuzi) so‘zi bilan o‘rgatiladi. 1997-yil o‘rtalariga kelib, bu o‘zgarish asosan reklama taxtalari va do‘kon peshtoqlariga tatbiq etildi. Ayrim ko‘cha belgilari yangi alifboga o‘tkazilgan, lekin O‘zbekistonda ko‘cha belgilari ko‘p emas. Deyarli barcha gazeta va kitoblar nashrida hali ham kirill alifbosidan foydalanilmoqda.

Biroq O‘zbekistonda hamma ham o‘zbek tilida so‘zlashmaydi. Bir so‘rovga ko‘ra, O‘zbekistondagi ruslarning 5 foizdan kamrog‘i  (ular hali ham aholining deyarli 10 foizini tashkil etadi) o‘zbek tilini mukammal biladi[31]. Boshqa turkiy bo‘lmagan ozchilik millatlar — koreyslar, armanlar va boshqalar ham o‘zbek tilini o‘rganmagan bo‘lishi mumkin. Ko‘plab turkiy xalqlar, ularning tillari o‘zaro tushunarli bo‘lsa-da, millatlararo muloqotda rus tilidan foydalanayotganga o‘xshaydi. Yana bir guruh — bu o‘z ona tilidan ko‘ra rus tilida erkinroq gaplasha oladigan yaxshi ma’lumotli o‘zbeklardir. Oliy ta’lim yaqin vaqtgacha asosan rus tilida olib borilgan; ba’zi oilalar farzandlarini rus tilida tarbiyalagan, chunki Sovet Ittifoqi davrida rus tilini mukammal bilish yuqori lavozimlarga erishish uchun zarur shart hisoblangan. Hatto Prezident Karimov va uning kabineti a’zolaridan ba’zilari o‘z ona tillarini takomillashtirish uchun o‘zbek tili darslarini olishgan[32].

Lingvistik milliyatchilik mafkurasiga ko‘ra, o‘zbek tilida so‘zlashmaydigan o‘zbeklar xoin sifatida qaralishi mumkin. Men boshqa olimlar ham yozib qoldirgan xunuk manzaraning guvohi bo‘ldim: o‘zbek akademigi milliyatchilik maqsadlarida o‘zbekcha gapirib (garchi uning aksariyat asarlari rus tilida bo‘lsa-da), o‘zbek tilini yaxshi bilmagani uchun o‘zbek tarjimonini qattiq tanqid qildi. O‘zbekistondagi o‘zbek bo‘lmagan so‘zlashuvchilar ta’qibga uchramasalar-da, paydo bo‘layotgan milliy o‘ziga xoslik hissidan chetda qolmoqdalar. Masalan, rus advokatlar yangi advokatlar hay’atida ishtirok etish uchun tarjimon yollashlari kerak bo‘ladi; huquq tizimi to‘liq o‘zbek tiliga o‘tkazilsa, ular umuman advokatlik faoliyati bilan shug‘ullana olmaydilar. Biroq O‘zbekistonda rus tilli aholi orasida o‘zbek tilini o‘rganayotganlar kam ko‘rinadi. Kattalar uchun o‘zbek tili ta’limini qo‘llab-quvvatlash infratuzilmasi yetarli emas va ko‘pchilik o‘zbek tilini o‘rganishni xohlamaydi. "Hazillashyapsizmi?" deb javob berdi Toshkentda oliy ma’lumotli bir rus yigit o‘zbek tilini o‘rganishni rejalashtiryapsizmi, degan savolimga. "Yaxshisi, ingliz tilimni takomillashtiraman". Shunga o‘xshash fikrlarni bir nechta rusiyzabon o‘zbeklardan ham eshitdim[33].

Bu o‘jarlik, aftidan, lingvistik milliyatchilik kampaniyasiga putur yetkazadigan darajada keng tarqalgan[34]. Hukumat muloqotlarida rus tilidan o‘zbek tiliga o‘tish 1990-yillarda yakunlanishi kerak edi; hozir bu keyingi o‘n yillikka qoldirildi va O‘zbekistondagi ba’zi odamlar buni kamida bir avlod davomida to‘liq amalga oshirib bo‘lmasligini his qilishmoqda. Buning sababi, lingvistik milliyatchilik mamlakatning ma’lumotli ishchi kuchining katta qismini yo‘qotishi mumkinligi, shu bilan birga “yaqin xorijdagi” ruslar taqdiri bilan faol qiziqadigan, hali ham ta’sirli bo‘lgan Rossiya davlatini bezovta qilishidir. Prezident Karimov o‘zining so‘nggi kitobida o‘zbek etnik o‘zligini targ‘ib qilish bilan birga, aniq ko‘rsatilmagan etnik shovinizm holatlarini qoralagan holda ehtiyotkorona yo‘l tutadi: “Xayriyatki, o‘zbek xalqining yetukligi, donoligi, insonparvarligi va bag‘rikengligi… bu guruhlarning ekstremizm yo‘lidagi maqsadlariga katta to‘siq bo‘ldi”[35].

Siyosiy mo‘tadillashtirilgan Islom

“Vatanni sevmoq iymondandir” degan yana bir shior O‘zbekiston bo‘ylab reklama taxtalarida takrorlanadi. Bu ibora Muhammad payg‘ambarning hadislaridan olingan deb iddao qilinadi, biroq aksariyat Islom ulamolari uni sahih emas deb hisoblaydi[36]. O‘zbekistonni boshqarayotgan sobiq kommunistlarning payg‘ambar so‘zlarini targ‘ib qilishi ajablanarli bo‘lsa-da, ular mafkura qurishga xizmat qiladigan zaif hadisni tanlaganlari e’tiborga molik. Yangi milliyatchilikning katta qismi islom bilan bog‘liq, ammo bu islomning siyosiy jihatdan zaif shaklidir.

Bu yondashuvning markazida “ma’naviyat” tushunchasi turadi. Kommunistik to‘ntarishga urinishni qo‘llab-quvvatlaganidan bir yil o‘tib, Karimov ma’naviyat zarurligi haqida she’riynamo qilib gapirdi: “Inson havo va suv kabi ma’naviyatga muhtoj. Sahroda hayotbaxsh buloqdan chanqog‘ini qondirgan sayyoh singari, insoniyat ham doimiy, ba’zan og‘riqli va mashaqqatli ma’naviy manba izlaydi”[37]. Karimov bu mavzuda gapirishda davom etdi va olimlar 1996-yil o‘rtalaridan boshlab ma’naviyat tushunchasiga e’tibor kuchayganini ta’kidlashdi. Karimovning so‘nggi kitobida ma’naviyatni yangi milliyatchilik bilan bog‘laydigan alohida bob bor: “Biz ma’naviy qadriyatlarimizning tiklanishini milliy o‘zlikni anglashning o‘sishi va xalqning ma’naviy ildizlariga qaytishidan iborat tabiiy jarayon deb hisoblaymiz”[38]. Hozirda o‘rta maktab o‘quvchilari ma’naviyat darslari o‘qiydilar.

Biroq, bu ma’naviyat tushunchasi asrlar davomida teologik munozaralar orqali rivojlangan islomiy ma’naviyat tushunchasi bilan deyarli bog‘liq emas. Islom an’anasida ma’naviyat insonning ichki mohiyatini anglatadi va aynan imon, Allohning kalomini qabul qilish bilan chambarchas bog‘liq. Bugungi O‘zbekistonda esa, aksincha, ma’naviyat ko‘proq inson xulq-atvorining tashqi va ko‘zga ko‘rinadigan jihatlarini ifodalaydi hamda imon bilan emas, balki axloq bilan aloqador. U xuddi Sovet mafkurasi proletariat manfaatlarini kapitalistik shaxsiyatparastlikka qarama-qarshi qo‘ygani kabi, axloqsiz shaxsiy manfaatning ziddi sifatida ishlatiladi. Darhaqiqat, u xuddi shu mafkuraviy maqsadga, ya’ni umumiy manfaat yo‘lida shaxsiy qurbonlikka undash va oqlashga xizmat qilayotganga o‘xshaydi[39].

Karimovning ma’naviyat haqidagi asarlarida islom dini kamdan-kam tilga olinadi, u ham faqat tarixiy meros nuqtayi nazaridan. U o‘z ma’naviyat talqinini Islom tarixidagi eng buyuk allomalar bilan bog‘lashga uringanida, faqat yarim ming yil va undan oldin vafot etgan shaxslarni sanab o‘tadi, keyingi yuz yillardan beri davom etib kelayotgan an’analarni e’tibordan chetda qoldiradi[40]. Ma’naviyatning hozirgi talqini go‘yoki islomiy ildizlardan legitimlik izlaydi, ammo ayni paytda Islomni qadimiy muzey eksponatidek tasvirlaydi. Aftidan, hokimiyat Islomga jonli muqobil mafkura sifatida qaralishidan xavotirda. O‘zbekistonda islomning ham ijtimoiy, ham siyosiy jihatdan kattaroq rol o‘ynashini istagan faol musulmonlar qattiq ta’qib ostiga olingan. O‘zbekistonda taqiqlangan Islom uyg‘onish partiyasi rahbari Abdulla O‘tayev 1992-yilda bedarak yo‘qolgan. Andijon shahrining yetakchi diniy arbobi Abduvali qori Mirzayev 1995-yilda hibsga olingan va o‘shandan beri undan darak yo‘q. Boshqa diniy faollar qamoqda, surgunda yoki qattiq nazorat ostida faoliyat yuritmoqda. Soqolli erkaklar islomga xayrixohlikda gumon qilinib, ta’qib qilinmoqda va qamoqqa olinmoqda[41]. Hukumatning diniy mavzularga ta’sirchanligi shu qadar yuqoriki, yaqinda yuzlab o‘zbekistonlik talabalar diniy ta’sirga tushib qolish iddaosi bilan Turkiyadan chaqirib olindi.

Hukumat qo‘shni Tojikistondagi dahshatli fuqarolar urushini ibrat darsi sifatida ko‘rsatib, islomiy faollikni taqiqlash uchun xavfsizlikka tahdidni ro‘kach qilmoqda. Karimov o‘zining yaqinda o‘zbek tilida chop etilgan kitobida islomiy faollikni tasvirlash uchun inglizcha “fundamentalizm” va “ekstremizm” so‘zlaridan foydalanadi. Prezidentning Din masalalari bo‘yicha kengashi raisi, professor Hamidulla Karomatov shunday deydi: “Amerikaliklar va boshqa g‘arblik do‘stlarimiz bu [islomiy] oqimlarni demokratik deb tasvirlamoqdalar. Biroq bu harakatning asosi demokratik emas edi. Bu davlat va fuqarolik hokimiyati hamda avtoriteti uchun kurash edi”[42].

Hukumat bu kurashni nafaqat ma’naviyatning noislomiy talqinini targ‘ib qilish, balki siyosiy bo‘lmagan islomiy faoliyatlarni qo‘llab-quvvatlash orqali ham olib bormoqda. Makkaga haj qilishni cheklovchi qoidalar yengillashtirilib, vatanni sevish kabi tanlangan islomiy hikmatlar ko‘cha e’lonlariga joylashtirildi[43]. Diniy ahamiyatga ega yodgorliklar va ziyoratgohlar sayyohlik maqsadlari va milliy g‘urur uchun ishga solinmoqda. Yangi davlat gerbida sovet besh qirrali yulduzi o‘rniga islomiy yarim oy va yulduz tasvirlangan. Davlat televideniyesida diniy notiqlarga so‘zga chiqishga ruxsat berilgan, ammo ularning fikrlari, shubhasiz, sinchkovlik bilan tekshiriladi.

Davlatning diniy sohaga eng aniq aralashuvi, ehtimol, Buxoro yaqinidagi Naqshbandiy masjid majmuasini qayta tiklash bo‘ldi. Bu hududda tug‘ilgan Bahouddin Naqshband (1318-1389) bugungi kunda butun Islom dunyosida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan eng yirik va katta ta’sirga ega so‘fiylik tariqatlaridan biriga asos solgan. Karimov qayta tiklash ishlarini qo‘llab-quvvatlash va qayta ochilish marosimida raislik qilish orqali, muxolifat tomonidan ilgari surilgan muqobil islomiy merosga qarshi, aynan shu islomiy e’tiqod va amaliyotlar to‘plamining legtimligini ko‘rsatmoqchi edi. Karomatov tilga olgan hokimiyat uchun kurash, aslida an’analar ustidan hukmronlik qilish uchun ham kurashdir.

Buyuk davlat barpo etish

“O‘zbekiston — kelajagi buyuk davlat”. Bu O‘zbekistondagi eng ko‘p uchraydigan ikkinchi lavha bo‘lib, Coca-Cola reklamalaridan keyingi o‘rinda turadi (aytishlaricha, prezident oilasi Coca-Colaning milliy franshizasiga egalik qiladi). “Buyuk davlat" shiori avtomagistrallar bo‘ylab, maktab binolarida, hatto mamlakatning yarim muxtor Qoraqalpog‘iston hududidagi rasmiy saytlarda qoraqalpoq tiliga tarjima qilingan holda ko‘zga tashlanadi. Bu shiorning eng beg‘araz talqini millatning umumiy farovonligini yuksaltirish istagini ifodalaydi.

Biroq, shiorni boshqacha talqin qilganda, “buyuk davlat” iborasi “Buyuk Serbiya” yoki “Buyuk Isroil” kabi “Buyuk O‘zbekiston” tushunchasini, ya’ni kengayish intilishlarini nazarda tutishi mumkin[44]. Rasmiy ensiklopediyada qayd etilishicha, Tojikistonda 1 milliondan ortiq, Qirg‘izistonda yarim million, Qozog‘iston va Turkmanistonning har birida esa uch yuz mingga yaqin o‘zbek istiqomat qiladi[45]. O‘zbekiston kengayish siyosatini amalga oshirish niyatini deyarli ko‘rsatmagan, biroq davlat televideniyesida o‘zbekchadagi bir qo‘shiq naqoratida aytilganidek, butun Markaziy Osiyo mintaqasi hisoblangan “Turkiston”ga nisbatan madaniy bog‘liqlikning rasman qo‘llab-quvvatlanadigan holatlari mavjud. Hukumatning “Turkiston — bizning umumiy vatanimiz” degan tashviqot-e’loni siyosiy emas, balki madaniy chegaralarni nazarda tutayotganga ko‘rinadi.

“Buyuk davlat” shiorining yana bir xavfli talqini davlat apparatining qudratiga ishora qilishi mumkin. Garchi bu ko‘zda tutilmagan bo‘lsa-da, aniq bashoratga o‘xshaydi. Davlat nafaqat O‘zbekiston hayotining barcha jabhalarida hukmron o‘yinchi bo‘lib qolmoqda, balki shakllanayotgan milliyatchilik mafkurasining ham muhim omili hisoblanadi. Prezident Karimovning mamlakatning postkommunistik mafkurasini belgilab beruvchi “besh tamoyili” davlat hokimiyatiga tayanadi va bu tendensiyani “o‘zbek xalqining muayyan shart-sharoiti, mentaliteti, an’analari va turmush tarzi” asosida oqlaydi[46]. Ayniqsa, shakllanayotgan kapitalistik iqtisodiyot va postkommunistik siyosiy tizimdagi davlatning roli alohida e’tiborga loyiq.

Iqtisodiy sohada Karimov sotsializmdan kapitalizmga o‘tishdagi “shok terapiyasi”ga ochiqdan-ochiq qarshi chiqqan. Uning 1993-yilda chop etilgan risolasida bayon qilingan mo‘tadil yondashuvi an’anaviy tarzda ifodalangan edi.

Bozor iqtisodiyotiga o‘tish yo‘lini tanlovimi, asosan, milliy va tarixiy omillarni, ya’ni xalqimizning an’anaviy turmush tarzi, dunyoqarashi, tafakkuri, urf-odatlari va marosimlarini har tomonlama inobatga olishdan kelib chiqadi. O‘zbekiston xalqi azaldan o‘zining jamoaviy o‘z-o‘zini tashkil etish shakli bilan ajralib turadi, bu esa xalqimizning an’anaviy turmush tarzida chuqur ildiz otgan[47].

"O‘zbek xalqi" iborasi o‘rniga "O‘zbekiston xalqi" degan etnosga asoslanmagan iboraga e’tibor bering. Karimovning ta’kidlashicha, an’ana davlatning iqtisodiyotdagi faol rolini oqlaydi. Darhaqiqat, shu va boshqa sabablarga ko‘ra, Karimov O‘zbekiston iqtisodiyotining yetakchi tarmog‘i bo‘lgan qishloq xo‘jaligini hech qachon xususiylashtirilmaslik kerakligini ta’kidlagan. U shunday yozgan: “Xususiy yerdan foydalanish Markaziy Osiyo musulmon aholisi uchun tarixan begona bo‘lgan. Yerni davlat mulki sifatida saqlab qolish va uni xususiylashtirishdan voz kechish yagona maqsadga muvofiq yechim”[48].

Siyosiy sohada ham islohotlarning sekinligi an’analar bilan izohlanmoqda. 1996-yil avgustda mustaqillikning besh yilligi munosabati bilan so‘zlagan nutqida Karimov siyosiy islohotlar boshqa sohalardagi “islohotlar ko‘lami va samaradorligidan orqada qolayotganini” tan oldi. Muammoning bir qismi, uning ta’kidlashicha, siyosiy institutlar “xalqning milliy o‘ziga xos xususiyatlari va mentalitetiga mos kelishi kerak”ligida edi[49]. Boshqa holatlarda Karimov yanada ochiqroq fikr bildirgan, masalan, 1993-yildagi quyidagi izohida: “Bizga ma’naviy jihatdan begona bo‘lgan G‘arb demokratiyasini qabul qilishimiz shart emas. Biz o‘z milliy demokratiyamizga ega bo‘lamiz”[50]. “Bizning an’analarimiz boshqacha”, degan edi 1993-yilda boshqa bir davlat amaldori jurnalistga. “O‘zbek xalqi juda mehribon, lekin ularga demokratiya kabi narsalarni berish xavfli”[51]. “O‘zbekiston Sharq mamlakati bo‘lgani uchun u boshqacha demokratiyaga ega va G‘arbdan hamma narsani qabul qila olmaydi”, deb tushuntirdi siyosatshunos Sa’dulla Otamuratov 1997-yildagi ma’ruzasida. “Hukumatimiz mamlakatimizga mos keladigan o‘z yo‘lini ishlab chiqmoqda”[52].

O‘zbekiston tarix kitoblarini qayta yozishga mas’ul arxeolog Asqarov bu masalani yanada qat’iyroq bayon etdi. Uning fikricha, Sharq demokratiyasining tarixiy namunasi oqsoqollar kengashi bo‘lib, u raqobatga emas, balki hurmatga asoslangan siyosiy tizimdir, masalan, o‘g‘ilning otasiga, talabaning ustoziga bo‘lgan hurmati kabi. Odamlarga ko‘chaga chiqib, xohlagan narsasini aytishga ruxsat berilmaydi, chunki bu fuqarolar urushiga olib kelishi mumkin[53]. Qo‘shni Tojikistondagi fuqarolar urushi bu borada ko‘p qo‘llaniladigan ibrat bo‘lsa-da, Tojikistondagi muammolar demokratiyaning haddan tashqari ko‘pligi natijasida yuzaga kelgani ehtimoldan yiroq.

O‘zbekiston fuqarolari o‘z hukumatining avtoritarizmni madaniy jihatdan oqlashlariga qo‘shilish-qo‘shilmasligini aniq aytish qiyin. 1993 va 1994-yillarda o‘tkazilgan mustaqil so‘rovlarda respondentlarning yarmidan kamrog‘i erkin matbuot va siyosiy raqobatni muhim deb topgan; 56 foizi siyosiy erkinliklarni iqtisodiy foyda evaziga almashtirishga tayyor edi. Shu bilan birga, respondentlarning 60 foizdan ortig‘i O‘zbekistonning go‘yoki “sharqona” madaniy me’yorlarini ifodalamaydigan fikrlarni bildirgan — odamlar “o‘z siyosiy fikrlarini erkin ifoda eta olishi” va “ularning aytganlari jamiyatdagi keskinlikni kuchaytirsa ham, xohlagan gaplarini ayta olishi” muhimligini ta’kidlagan[54].

To‘g‘ri, O‘zbekiston tarixida demokratik boshqaruv uchun misollar kam uchraydi. Imperatorlar va xonlardan tortib podsholar va siyosiy byurolargacha, bu mintaqa deyarli uzluksiz avtokratlar hukmronligi ostida yashab kelgan. Islohotlarga bo‘lgan bir necha urinishlar qisqa muddatli bo‘ldi. XX asr boshlarida dunyoning ko‘p qismlarida davlat hokimiyatini cheklash tajribalari boshlanganida, yosh faollarning kichik guruhlari yarim mustaqil Buxoro va Xivada konstitutsiyaviy islohotlarga erishishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq ikki oy ichida bu islohotlar reaksion kuchlar tomonidan yo‘qqa chiqarildi va faollar qamoqqa olindi yoki surgun qilindi. Hozirgi milliyatchilik mafkurasi islohotchilarni e’tibordan chetda qoldirib, reaksionerlarga “Sharqona demokratiya” tamg‘asini bosmoqda.

Shu bilan birga, Karimov tarafdorlari va mafkura yaratuvchilari O‘zbekistonning siyosiy institutlari xalqaro standartlarga mosligini ta’kidlashga intilishadi. Ular to‘rtta partiya vakillik qiladigan O‘zbekiston parlamentining demokratik tabiatiga tez-tez ishora qilishadi. Ammo men to‘rtta partiyaning nomini yordamsiz ayta oladigan birorta o‘zbekni uchratmadim. Hatto siyosatshunos olim Sa’dulla Otamuratov ham buni eplolmadi. 1994-yildagi so‘rovnomada ishtirok etganlarning atigi uchdan bir qismi mamlakatdagi bittagina partiyaning nomini to‘g‘ri ayta olgan[55].

Karimovning 1996-yil 29-avgustdagi demokratik islohotlar to‘g‘risidagi nutqida inson huquqlari alohida ta’kidlandi va inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikka chaqirildi[56]. Ammo ertasi kuni Human Rights Watch tashkilotining Toshkentdagi vakili, Buyuk Britaniya fuqarosi qamoqqa olindi. AQSH Davlat departamentining inson huquqlari bo‘yicha yillik hisobotiga ko‘ra, “ikki yuqori lavozimli amaldor uni qo‘rqitib, haqorat qilgan va asossiz ravishda giyohvand moddalar hamda o‘qotar qurollarni noqonuniy saqlashda ayblagan. U tunni sovuq kamerada ichki kiyimda o‘tkazishga majbur bo‘lgan”; keyinroq hukumat bu voqea uchun uzr so‘ragan[57]. Toshkentda men bilan suhbatlashgan ba’zi xorijiy kuzatuvchilar mamlakat asta-sekin demokratlashib borayotganini va mustaqillikdan so‘ng tezda qabul qilingan inson huquqlari tushunchasini amalda qo‘llay boshlaganini ta’kidlashadi. Bunga misol qilib, 1997-yil avgustda tashkil etilgan birinchi mustaqil advokatlar uyushmasini keltirish mumkin. Bu voqea o‘zining birinchi kongressida fuqarolik jamiyatining shakllanishi va huquqiy tizimning professionallashuvi yo‘lidagi qadam sifatida e’lon qilindi. Yana bir misol, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining Toshkentdagi idoralariga inson huquqlari bo‘yicha shikoyatchilarning muntazam tashrif buyurishi; ular endi jazolanishdan qo‘rqmasdan kelishmoqda. Biroq, demokratiya va inson huquqlarini O‘zbekiston milliy tarixiga singdirib talqin qilish uchun ancha mehnat talab etiladi.

Milliyatchilikning monopollashuvi

“Tarix millatning jonli xotirasi sifatida qabul qilinishi lozim, chunki u aslida shunday. Xotirasiz insoniyat haqida so‘z yuritib bo‘lmaganidek, o‘z milliy tarixidan mahrum bo‘lgan millatning ham kelajagi yo‘q”[58]. Ushbu fikrlar ham "milliy" tarix mavjudligini, ham har bir millatning yagona tarixi borligini nazarda tutadi. Birinchi g‘oya zamonaviy milliy o‘ziga xoslikni vaqt o‘tishi bilan ortga qaytaradi, "o‘zbekistonlilik"ni o‘zbeklarning hozirgi milliy qahramonlari bo‘lgan Amir Temur va Ulug‘bek kabi dushmanlariga hamda Xiva va Buxoro xonliklari kabi nodavlat tuzilmalarga qarshi qo‘yadi. Ikkinchi g‘oya esa taqiqlangan islomiy muxolifat tomonidan ilgari surilgan islomiy o‘zlik kabi muqobil milliy tarixlarni rad etishga urinadi. Har ikkala yondashuv ham mustaqillikdan so‘ng milliyatchilik mafkurasini yaratish bo‘yicha davlat loyihasining bir qismidir.

O‘zbekistonda milliyatchilik g‘ayrioddiy davlat tomonidan shakllanganini hisobga olsak, o‘zbek milliyatchiligi mavzulari asosan boshqa mustamlakachilikdan ozod bo‘lgan xalqlarda uchraydigan mavzularga o‘xshashligi e’tiborga molik: bugungi kun maqsadlari uchun ishlatilayotgan yoki qayta qurilayotgan hududiy, etnolingvistik, diniy va siyosiy meroslar aralashmasi. Global milliyatchilik mavzulari bilan bu o‘xshashlik Jon Meyer va uning hamkasblarining zamonaviy dunyo tomonidan "kashf etilgan" faraziy oroldagi jamiyatida yuz beradigan o‘zgarishlar haqidagi bashoratini tasdiqlaydi: u o‘z a’zolarini sanashni, ularni yoshi, jinsi, boyligi, huquqlari va boshqalar bo‘yicha tasniflashni boshlaydi; konstitutsiya, iqtisodiy rejalar qabul qilishga majbur bo‘ladi; aeroport, elektr stansiyalari, asfalt yo‘llar qurishiga to‘g‘ri keladi[59]. O‘zbekiston konstitutsiyalar, iqtisodiy rejalar, elektr stansiyalari va hatto "milliy" institutlar bilan deyarli bir asrlik tajribaga ega. Biroq milliyatchilik masalasida O‘zbekiston Meyerning faraziy oroliga o‘xshaydi. 1990-yillarning boshlarida Karimov rejimi zamonaviy milliylik standartlariga moslashish va o‘z hokimiyatini mustahkamlash maqsadida sovet o‘tmishidan hamda mustamlakachilikdan ozod bo‘lgan boshqa xalqlar tajribasidan olingan elementlardan foydalanib, milliyatchilik mafkurasini shakllantirish yo‘lidan bordi[60].

O‘zbekiston global izomorfizmdan chetlashgan asosiy jihat — bu mustaqillik harakati mavzusining yetishmasligidir. Deyarli barcha mustamlakachilikdan ozod bo‘lgan mamlakatlar mustaqillikka olib kelgan milliy harakatlarni ulug‘lasa-da, O‘zbekistonda bu borada foydalanish mumkin bo‘lgan material kam. Yuqorida ta’kidlanganidek, O‘zbekistonning 1924-yilda tashkil topishi va 1991-yilda mustaqillikka erishishi asosan tashqi omillar tufayli yuz bergan. Biroq, bu muhim voqealardan oldin ham kichik milliy harakatlar mavjud edi. Hozirgi kunda O‘zbekistonda rivojlanayotgan rasmiy milliyatchilik g‘oyasining eng e’tiborli jihati — bu o‘tmishdagi harakatlarning e’tibordan chetda qoldirilishidir. Masalan, 1910-1920-yillarda diniy va siyosiy islohotlar uchun kurashgan, 1930-yillarda kommunistlar tomonidan qatag‘on qilingan olim va siyosatchi Abdurauf Fitrat (1886-1938) postkommunistik O‘zbekistonda milliy qahramon sifatida tan olinmagan. Men Fitratning haykallari yoki pochta markalari, uning xizmatlariga rasmiy e’tiroflarni ko‘rmadim; Toshkentda uning nomi bilan atalgan yagona ko‘cha bir kvartallik tor xiyobondan iborat, xolos. Xuddi shunday, uning butun avlodi — jadidlar ham e’tibordan chetda qolgan. Ularning XX asr boshidagi ilg‘or faoliyati avval eski tuzum (xonliklar va podsho hukumati), keyin esa yangi tuzum (sovetlar) tomonidan ta’qib va qatag‘onga uchragan edi. Ziyolilar jadidlarni o‘rganishni boshlagan va ular haqida ilmiy jurnallarda erkin yozayotgan bo‘lsa-da (bir ma’lumotga ko‘ra, jadidlar yangi maktab darsliklarida yetarli darajada yoritilgan[61]), rasmiy milliyatchilik g‘oyasi ularga kam e’tibor qaratmoqda. Masalan, 1997-yilgi Ensikolpediyada jadidlar haqida deyarli ma’lumot yo‘q: ta’lim islohoti mavzusida bir sahifadan kam, zamonaviy o‘zbek adabiyotining shakllanishi haqida esa uch sahifa berilgan[62]. Ensikolpediyada jadidlarning siyosiy faoliyati, yutuq va kamchiliklari tilga olinmagan. Buning o‘rniga xonliklarning so‘nggi o‘n yilliklari haqida ruslar nuqtai nazaridan yozilgan qisqa ma’lumot va sovetlarning mintaqani bosib olishi haqida maqtovga to‘la hikoya keltirilgan[63].

Yaqin o‘tmishdagi milliy harakatlar yanada shafqatsizroq tarzda yo‘q qilingan. 1980-yillarning oxirida bir guruh ziyolilar Sovet Ittifoqining O‘zbekistonga munosabatiga qarshi norozilik bildirish uchun "Birlik" nomli noqonuniy tashkilotni tuzdilar. Ularning dastlabki e’tiborini tortgan masalalardan biri sovet armiyasidagi o‘zbek askarlarining tushunarsiz o‘limi bo‘lsa-da, harakatning asl maqsadi O‘zbekiston uchun avval avtonomiya, keyinchalik esa mustaqillik edi[64]. "Birlik" faollari qayta qurish davrida O‘zbekiston muammolarini ko‘targan yagona kishilar emas edi, biroq bu noroziliklar sovet siyosatiga qanday ta’sir ko‘rsatgani noaniq. Hatto Karimov va Kommunistik partiyaning boshqa amaldorlari ham Sovet Ittifoqining parchalanishiga qarshi bo‘lsalar-da, mintaqaning Moskvaga nisbatan mavqeini oshirishga intildilar. Kuzatuvchilar, shuningdek, 1970-yillardan boshlab o‘zbek madaniy o‘zligini anglash belgilari kuchayib borayotganini qayd etdilar[65].

Birlik va boshqa namoyishchilar O‘zbekiston milliyatchiligi uchun ilhombaxsh tarixiy asos yaratdilar. Bu esa rasmiy milliyatchilik qarashlarida butunlay e’tiborsiz qoldirilgan. Rasmiy nuqtai nazar Sovet davrining so‘ngida O‘zbekiston SSR kommunistik rahbariyatini xalqning go‘yoki mustaqillik tarafdori bo‘lgan kayfiyati bilan to‘la uyg‘un deb tasvirlaydi[66]. Muammo aniq ko‘rinib turibdi: Karimov kabi sovet davri amaldorlari hokimiyatda qolib, milliyatchilik an’anasini o‘ylab topmoqda. Birlik singari sovet davri muxolifati esa hamon qarshilikda. Mustaqillikdan keyin Birlik tazyiqqa uchradi, uning rahbarlari hibsga olindi, kaltaklandi, tibbiy yordamdan mahrum etildi va surgun qilindi[67]. Bundan tashqari, u o‘z nomining rasmiy "Birlik" harakati tomonidan o‘g‘irlanishi kabi xo‘rlikka ham duchor bo‘ldi. Bu yangi harakat Birlikning o‘tmishi va maqsadidan mahrum etilgan ichki nusxasi edi.

Mustaqil O‘zbekistonda an’analarni kashf etishning bundan-da yorqinroq ramzi bo‘lishi mumkinmi: o‘tmishni zamonaviy siyosiy maqsadlar uchun o‘zlashtirish. O‘zbekistonning rasmiy milliyatchilik siyosatida men ta’kidlashga harakat qilgan barcha mavzular xuddi shu tamoyil asosida amal qiladi: Amir Temur va Ulug‘bek "milliy" qahramonlar sifatida ulug‘lanadi, ular bilan kurashgan haqiqiy o‘zbeklar esa e’tibordan chetda qoldiriladi; Alisher Navoiy o‘zbeklarni yoqtirmasligiga qaramay, o‘zbek til milliyatchiligi xizmatiga safarbar etiladi; Islom ustidan davlat nazoratini qo‘llab-quvvatlash uchun qadimiy misollar keltiriladi, zamonaviy islomiy harakatlar esa bostiriladi; va avtoritar davlat hokimiyatini oqlash maqsadida o‘tmishdagi reaksion siyosiy tuzumlar "Sharq demokratiyalari" deb tavsiflanadi.

 


[1]  Mazkur maqolada ishlatilgan nationalism (milliyatchilik) atamasi shovinizm yoki boshqa xalqlar ustidan ustunlikni targ‘ib qiluvchi agressiv milliyatchilikni anglatmaydi. Muallif uni zamonaviy siyosiy-ideologik jarayon sifatida — millat va milliy ongni davlat siyosati orqali shakllantirish, tarixni qayta talqin qilish, ramzlar, qahramonlar, til va diniy merosni milliy identitetning poydevori sifatida qayta qurish jarayoni (milliyatchilik) ma’nosida qo‘llagan — muharrir izohi.

[2] Shahram Akbarzoda, “O‘zbekistonda millat qurish”, Markaziy Osiyo so‘rovi 15, 1 (1996): 23-32.

Charlz Kurzman Shimoliy Karolina universitetining Chapel Hill kampusida sotsiologiya fanidan dars beradi. U ushbu maqolani tayyorlashda yordam bergan Laura Adams, Debora Barrett, Jon Dann, Ronda Evans, Alan Sodlas, Reuel Henks, Dono Qobilova, Erin Leahey va Ken Palmerga minnatdorchilik bildiradi. Mazkur tadqiqot AQSH Ta’lim vazirligining Fulbright-Hays sayohat-o‘quv dasturi tomonidan moliyalashtirilgan.

[3] Ernest Gellner, "Millatlar va milliyatchilik" (Itaka, Nyu-York: Kornell universiteti nashriyoti, 1983), 55-bet; Erik Xobsbaum, "1780-yildan buyon millatlar va milliyatchilik", 2-nashr (Kembrij: Kembrij universiteti nashriyoti, 1992), 10-bet. Erik Xobsbaun, 1780-yildan beri millatlar va milliyatchilik, 2-nashr. (Kembrij: Kembrij universiteti nashriyoti, 1992), p.

[4] Masalan, Miroslav Xroch tomonidan tasvirlangan bosqichlarga qarang, "Milliy harakatdan to‘liq shakllangan millatgacha: Yevropada millat qurish jarayoni", Joff Eli va Ronald Grigor Syuni tahririda, "Millatga aylanish" (Nyu-York: Oksford universiteti nashriyoti, 1996), 60-77 betlar.

[5] Primordialistik yondashuv — millatlarni qadimiy, tabiiy yoki tug‘ma jamoaviy o‘ziga xosliklardan kelib chiqadi, deb talqin qiluvchi nazariya. Bu qarashga ko‘ra, millatlarning ildizlari chuqur tarixiy va biologik bog‘liqliklarga ega bo‘lib, ular zamonaviy siyosiy yoki ijtimoiy konstruksiyalar emas, balki “azaldan mavjud” birliklar sifatida qaraladi.

[6] Benedikt Anderson, "Xayoliy jamoalar: milliyatchilikning kelib chiqishi va tarqalishi haqida mulohazalar", qayta nashr (London: Verso, 1991), 83-111-betlar.

[7] Iosif Stalin, "Marksizm va millat masalasi" (Nyu-York: Xalqaro nashriyot, 1942), 168-bet

[8] Ingeborg Baldauf, "’Kraevedenie’ va o‘zbek milliy ongi" (Blumington, Indiana: Indiana universiteti, Ichki Osiyo tadqiqotlari instituti, 1992), 13-bet; Serj A. Zenkovskiy, "Rossiyada panturkizm va islom" (Kembrij: Garvard universiteti nashriyoti, 1960), 148-bet. Serj A. Zenkovskiy, Rossiyada panturkizm va islom (Kembrij: Garvard universiteti nashriyoti, 1960), 6-bet.

[9] Bu sovet "millatlari"ning mavjud Markaziy Osiyo milliy o‘ziga xosliklariga munosabati qizg‘in muhokama mavzusiga aylangan. Ba’zi olimlar Sovetlar etnografik tadqiqotlar natijalariga nisbatan sodiq qolishga intilgan, deb hisoblasa, boshqalari Sovetlar mintaqa aholisining e’tirof etilgan o‘ziga xosliklarini e’tiborsiz qoldirgan, deb ta’kidlaydi. Qarang: Ingeborg Baldauf, "O‘zbek millatining shakllanishi haqida ba’zi mulohazalar," Cahiers du monde russe et soviétique 32, I (1991): 79-95; Donald S. Carlisle, "Sovet O‘zbekistoni: davlat va millat tarixiy nuqtai nazardan," Beatrice F. Manz tahriri ostida, Markaziy Osiyo tarixiy nuqtai nazardan (Boulder, Kolorado: Westview Press, 1994), 111-121-betlar; Steven Sabol, "Sovet Markaziy Osiyosining yaratilishi: 1924 yilgi milliy chegaralanish," Markaziy Osiyo tadqiqoti 14, 2 (1995): 225-41; Yuriy Slezkine, "SSSR kommunal kvartira sifatida yoki sotsialistik davlat etnik o‘ziga xoslikni qanday targ‘ib qilgani haqida," Slavyan sharhi 53, 2 (1994): 414-52.

[10] Baldauf, "Kraevedenie".

[11] Filip G. Roder, "Sovet federalizmi va etnik harakatlar," Jahon siyosati 43, 2 (1991): 196-232; Slezkine, "SSSR kommunal kvartira sifatida"; Ronald Grigor Suni, O‘tmishning qasosi: milliyatchilik, inqilob va Sovet Ittifoqining parchalanishi (Stanford, Kaliforniya: Stanford universiteti nashriyoti, 1993).

[12] Nensi Lubin, Sovet Markaziy Osiyosida mehnat va milliyatchilik (Prinston, Nyu-Jersi: Prinston universiteti nashriyoti, 1984), 225-242-betlar; Uilyam Fierman, "Sovet O‘zbekistonida madaniy milliyatchilik," Sovet Ittifoqi 12, 1 (1985): 1-41.

[13] Anatoliy Xazanov, "SSSR dan so‘ng: Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidagi etnik masalalar, milliyatchilik va siyosat" (Madison, Viskonsin: Viskonsin universiteti nashriyoti, 1995), 138-bet.

[14] Izvestiya, 1991-yil 27-mart, 1 va 3-betlar; tarjimasi Current Digest of the Soviet Press nashrida, 43-jild, 13-son (1991-yil 1-may): 23-bet.

[15] Jonatan Grant, "O‘z-o‘zidan yuz bergan dekolonizatsiya", Markaziy Osiyo Tadqiqotlari 13, 1-son (1994): 51-58.

[16] "Faqat [Karimov] "Xo‘sh, qarsaklar qani?" deganidan keyingina xalq deputatlarimiz baqirib, qarsak chala boshlashdi." Tohir Qahhor, "O‘zbek adabiyoti", Jahon adabiyoti bugun 70, 3-son (1996): 612; yana qarang: Marta Brill Olkott, "Markaziy Osiyoning Mustaqillikka sakrashi", International Affairs 71, 3-son (1992): 113.

[17] Laura Adams, "Mustaqillikni nishonlash: O‘zbekistonda san’at, muassasalar va o‘zlik", falsafa doktori dissertatsiyasi, Kaliforniya universiteti Berkli filiali Sotsiologiya fakulteti, 1999; Ken Petersen, "Amir Temurni ulug‘lash", "Markaziy Osiyo monitori" 5-son (1996): 14-15-betlar.

[18] Axmadali Asqarov, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida o‘qigan ma’ruzasi, 1997-yil 28-iyul. Ushbu mavzuning nisbatan xolisroq talqini uchun qarang: Beatris Forbes Manz, "Temurning yuksalishi va hukmronligi" (Kembrij: Kembrij universiteti nashriyoti, 1989).

[19] Oydin Sayili, "Ulug‘bek va Samarqanddagi ilmiy faoliyat haqida G‘iyosiddin Koshiyning maktubi" (Anqara: Turk Tarix Qurumi nashriyoti, 1960).

[20] Edvard A. Olvort, "Zamonaviy o‘zbeklar" (Stenford, Kaliforniya: Guver instituti nashriyoti, 1990), 238-245-betlar.

[21] Laura Adams bilan shaxsiy suhbat, 1998-yil 1-iyul.

[22] O‘zbekiston Respublikasi Ensiklopediyasi (Toshkent: Qomuslar Bosh Tahririyati, 1997)

[23] Kennet Vaysbrod, "O‘zbekiston Temur soyasida," Jahon Siyosat jurnali 14, 2 (1997): 57.

[24] Rojers Brubaker, "Sovet Ittifoqida milliyatchilik va milliy masala "Ittifoq va Sovetlardan keyingi Yevrosiyo," Nazariya va Jamiyat 23, 1 (1994): 47-78.

[25] Vilyam L. Xanavey kichik, "Buxoroda fors tili, vatan va millat," Edvard Olvortning tahririda, Sovet Markaziy Osiyosidagi millatlar masalasi (Nyu-York: Preger, 1973), 143-150-betlar.

[26] Shuningdek, qarang: Lyudmila Chvir, "Markaziy Osiyo tojiklari: o‘zini-o‘zi anglash va etnik o‘ziga xoslik," Vitaliy Naumkin tahriri ostida, Markaziy Osiyoda davlat, din va jamiyat (Reding, Angliya: Itaka Press, 1993), 248-bet; Richard Folts, "O‘zbekiston tojiklari," Markaziy Osiyo tadqiqoti 15, 2 (1996): 213.

[27] Entsiklopediya, 621-bet.

[28] 1989 yilgi SSSR aholini ro‘yxatga olish, ingliz tilidagi CD-ROM nashri (Minneapolisda: East View nashrlari, 1996).

[29] Retronim — mavjud narsaning yangi nomi. Navoiy o‘zini o‘zbek hisoblamagan. Keyinchalik uni o‘zbek deb atab, milliy qahramonlar qatoriga kiritilgan.  [Tarjimon izohi]

[30] Allworth, The Modern Uzbeks, 37, 226-31-betlar.

[31] Valeriy Tishkov, Sovet Ittifoqida va undan keyingi davrda etniklik, milliyatchilik va mojarolar: Yonayotgan ong(Oslo: Xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti; Jeneva: Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ijtimoiy rivojlanish tadqiqotlari instituti; London: SAGE nashriyoti, 1997), 126-bet.

[32] S. Frederik Starr, "Yevroosiyoni barqarorlashtirish," Tashqi siyosat 75, l (1996): 88-bet

[33] Xuddi shunday tendensiya qo‘shni Qozog‘istonda ham kuzatilgan. David D. Laitin, "Postsovet respublikalarida til va milliyatchilik," Postsovet ishlari 12, 1 (1996): 4-24.

[34] Vilyam Fierman, "O‘zbekistonda mustaqillik va til qonunini amalga oshirishning pasayib borayotgan ustuvorligi," Yaakov Roi tahriri ostida, "Musulmon Yevroosiyosi: Ziddiyatli meroslar" (London: Frank Kass, 1995), 205-30-betlar.

[35] Islom Karimov, "O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida" (Toshkent: "O‘zbekiston," 1997), 79-bet. Islom Karimov, O‘zbekislon XXI asr bo‘sag‘asida (Toshkent: "O‘zbekiston," 1997), 79-bet.

[36] Ushbu hadisni Ismoil ibn Muhammad al-Ajluniy al-Jarrihiyning "Kashf al-Xafa" (Bayrut: Dor Ihya at-Turos al-Arabiy, 1968), 1-jild, 413-414-betlardan topib bergani uchun professor Alan Godlasga minnatdorchilik bildiraman. 1-bet.

[37] Islom Karimov, "O‘zbekiston: mustaqillik va taraqqiyot yo‘li" (Toshkent: "O‘zbekiston", 1992), 62-bet.

[38] Karimov, "O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida", 140-bet.

[39] Alan Godlas, "Islom an’analarida va zamonaviy O‘zbekistonda Ma’naviyat va Ma’rifat",  ayyorlanayotgan maqola. Qo‘shni Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi rasmiylar ham xuddi shunday g‘oyalarni targ‘ib qilayotgani aytiladi. Edvard Olvort, "Zamonaviy yetakchilikka ehtiyoj", Edvard Olvort tahriri ostida, "Markaziy Osiyo", 3-nashr (Durham, N.C.: Duke universiteti nashriyoti, 1994), 596-bet.

[40] Karimov, O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida, 140-bet.

[41] Salimjon Ayubov, "Markaziy Osiyoda soqol qo‘yishning ahamiyati," Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi Yangiliklar xizmati 2, 109, 1-qism, 1998-yil 9-iyun; New York Times, 1998-yil 28-yanvar, 4-bet; Washington Post, 1998-yil 27-sentyabr, A31-bet; Human Rights Watch, "O‘zbekiston Respublikasi: Farg‘ona vodiysida qat’iy choralar: o‘zboshimchalik bilan qamoqqa olish va diniy kamsitish," 1998-yil may. http://www.hrw.org/hrw/reports98/uzbekistan.

[42] Hamidulla Karamatov, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida ma’ruza, 1997-yil 30-iyul.

[43] Shu bilan birga, Karamatovning aytishicha, O‘zbekistonda Saudiya Arabistonining islomiy guruhlarga mablag‘ ajratishi taqiqlangan.

[44] Marta Brill Olkott, "O‘zbekiston: Markaziy Osiyoning instinktiv imperialisti," Martha Brill Olkottning Markaziy Osiyoning yangi davlatlari kitobida (Vashington, Kolumbiya okrugi: Amerika Qo‘shma Shtatlari Tinchlik instituti nashriyoti, 1996), 113-137-betlar.

[45] Ensiklopediya, 51-bet.

[46] Islom Karimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov janoblarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 48-sessiyasidagi nutqi (Toshkent: "O‘zbekiston," 1993), 16-bet.

[47]  Islom Karimov, Kelajakni barpo etish: O‘zbekiston — bozor iqtisodiyotiga o‘tishning o‘ziga xos modeli (Toshkent: "O‘zbekiston," 1993), 27-bet.

[48] Karimov, Kelajakni barpo etish, 95-bet.

[49] Islom Karimov, Hozirgi bosqichda demokratik islohotlarni chuqurlashtirishning muhim vazifalari (Toshkent: "O‘zbekiston," 1996), 59-bet.

[50] Xazanov, SSSRdan keyin, 143-bet.

[51] Dilip Hiro, Marks va Muhammad o‘rtasida: Markaziy Osiyoning o‘zgarayotgan qiyofasi (London: HarperCollins, 1994), 187-bet.

[52]  Sadulla Otamuratov, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetidagi ma’ruzasi, 1997-yil, 2-avgust.

[53] Asqarov ma’ruzasi, 1997-yil 28-iyul.

[54] Nensi Lubin, Markaziy osiyoliklar baholaydi (Vashington, Kolumbiya okrugi: Amerika Qo‘shma Shtatlari Tinchlik instituti, 1995), 4-5-betlar; Amerika Qo‘shma Shtatlari Axborot agentligi (USIA), "O‘zbekistonda demokratiya haqida turli fikrlar" (Vashington, Kolumbiya okrugi: USIA Tadqiqot va ommaviy axborot vositalari reaksiyasi bo‘limi, Fikrlar tahlili M-89-95, 1995-yil 15-iyun), 4-7-betlar.

[55] Uilyam Firman, "O‘zbekistonda siyosiy rivojlanish: Demokratlashtirish?" Karen Davisha va Bryus Perrot tahriri ostida, Markaziy Osiyo va Kavkazda ziddiyat, bo‘linish va o‘zgarish (Kembrij: Kembrij universiteti nashriyoti, 1997), 398-bet.

[56] Karimov, Hozirgi bosqichda, 60-61-betlar.

[57] Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat departamenti, O‘zbekistonning 1996-yildagi inson huquqlari amaliyoti to‘g‘risidagi hisobot (Vashington, Kolumbiya okrugi: AQSH Davlat departamenti, Demokratiya, inson huquqlari va mehnat byurosi, 1997-yil 30-yanvar).

[58] Karimov, "O‘zbekiston: mustaqillik va taraqqiyot yo‘li", 62-bet.

[59] Jon V. Meyer, Jon Boli, Jorj M. Tomas va Fransisko O. Ramires, "Jahon jamiyati va milliy davlat", "Amerika sotsiologiya jurnali" 103-son, 1-qism (1997): 144-81-betlar.

[60] milliyatchilik mafkurasining bu o‘zlashtirilishining tarixiy parallellari haqida Liah Greenfeldning "milliyatchilik: Zamonaviylikka besh yo‘l" (Kembrij: Garvard universiteti nashriyoti, 1992) asarida ko‘ring.

[61] Ken Petersen, "Tarixni qayta yozish: Postsovet O‘zbekistonida jadidchilik tafakkuri," Markaziy Osiyo Monitori 4 (1996): 23 — 30-betlar

[62] Ensiklopediya, 376-77, 525-27-betlar.

[63]  O‘sha joyda, 156-68-betlar.

[64] Masalan, Birlik kongressining The Independent gazetasida 1990-yil 28-mayda, 6-betda yoritilishiga qarang.

[65] Jeyms Kritchlou, "O‘zbekistonda milliyatchilik" (Boulder, Kolorado: Vestvyu Press, 1991); Firman, "Madaniy milliyatchilik".

[66] Ensiklopediya, 184-187-betlar.

[67] Firman, "Siyosiy rivojlanish," 392-bet; Ahmad Rashid, "Markaziy Osiyoning qayta yuksalishi" (Karachi: Oksford universiteti nashriyoti va London: Zed Books, 1994), 79-bet. Ahmad Rashid, Markaziy Osiyoning qayta tiklanishi (Karachi: Oksford universiteti nashriyoti; va London: Zed Books, 1994), 6-bet.

Author

Comment
Share

Building solidarity beyond borders. Everybody can contribute

Syg.ma is a community-run multilingual media platform and translocal archive.
Since 2014, researchers, artists, collectives, and cultural institutions have been publishing their work here

About