Donate
Society and Politics

O‘zbekistondagi zamonaviy to‘ylar: marosimlarning “yuqoridan” va “pastdan” o‘zgarishi 

Tarjima va Tanqid05/07/26 10:26195


Tarjimon nomidan so’zboshi

Ushbu tarjima Tommazo Trevisanining O‘zbekistondagi zamonaviy to‘y marosimlari va ularning jamiyatdagi o‘rni haqidagi chuqur tadqiqotini o‘zbek kitobxonlariga yetkazish maqsadida tayyorlandi. Matnda mustaqillik yillarida to‘ylarning nafaqat quvonchli tadbir, balki ijtimoiy-iqtisodiy tafovutlar va siyosiy nazorat to‘qnashadigan murakkab maydonga aylangani atroflicha yoritilgan. Muallif marosimlarning "yuqoridan" — davlatning cheklovchi qarorlari va "pastdan" — bozor iqtisodiyoti hamda mehnat migratsiyasi ta’sirida o‘zgarishini tahlil qiladi. Ayniqsa, an’anaviy mahalla tushunchasining davlat nazoratidagi bo‘g‘inga aylanishi va bu holatning to‘y o‘tkazish tartibiga ta’siri matnning markaziy mavzularidan biridir. Tadqiqotda dabdaba va isrofgarchilikka qarshi kurash shunchaki iqtisodiy tejamkorlik emas, balki avtoritar boshqaruvning jamiyatning eng nozik qatlamlariga kirib borish usuli sifatida talqin etiladi. Farg‘ona vodiysida o‘tkazilgan dala kuzatuvlari orqali oddiy odamlarning or-nomus va "zamonaviy" bo‘lish istagi yo‘lidagi ichki kechinmalari hamda ziddiyatlari mahorat bilan ochib berilgan. To‘ylarning "yosharishi" va undagi jamoaviy ruhning zaiflashib borayotgani haqidagi fikrlar kitobxonni bugungi ijtimoiy o‘zgarishlar haqida jiddiy mushohada yuritishga chorlaydi.

Yillik mavzuyimiz — farq uchun bu matn o‘ziga xos empirik keys sifatida qiziq. Unda to‘y shunday nuqta sifatida ko‘rinadiki, bu yerda moddiy farqlar — daromaddagi, resurslarga egalikdagi, mehnat muhojirligi, davlat nazoratiga nisbatan mavqedagi tafovutlar — iqtisodiy bo‘lib qolmaydi, balki boshqa registrga o‘tkazilib, «madaniylik», «zamonaviylik» yoki «oqillik»dagi farq oʻlaroq o‘qila boshlaydi. Trevizani boy va kambag‘al to‘ylar o‘rtasidagi jarlik axloq va did tilida — «zamonaviy» bilan «qoloq», «oqil» bilan «isrofgar» qarshi qo‘yilishi orqali — qanday gapirilishini, bu tarjimada esa davlat ham, bozor ham, jamoaning o‘zi ham ishtirok etishini ko‘rsatadi. Shu tariqa matn kengroq savolni ko‘rib chiqishga imkon beradi: mulkiy tengsizlik qanday qilib ramziy o‘lchovlar kasb etadi va qaysi sharoitlarda u iqtisodiy sifatida idrok etilmay, madaniy yoki axloqiy tartibdagi farq bo‘lib ko‘rina boshlaydi. Tarjimon sifatida ushbu ilmiy ish o‘zbek to‘ylari atrofidagi bahslarga yangicha, antropologik nigoh bilan qarashga yordam berishiga ishonaman.

Tarjimon: Muhammad Dovud

Tahrirchi: Maxfiratbegim Azizi

Asl manba: Tommaso Trevisani (2016) Modern weddings in Uzbekistan: ritual change from ‘above’ and from ‘below’, Central Asian Survey, 35:1, 61-75.

https://mytashkent.uz/2011/01/22/svadba-rustama-bazarova/
https://mytashkent.uz/2011/01/22/svadba-rustama-bazarova/

O‘zbekistondagi zamonaviy to‘ylar: marosimlarning “yuqoridan” va “pastdan” o‘zgarishi 


Tommaso Trevisani

Tübingen universiteti, “Tahdid ostidagi tartib — inqiroz yoqasidagi jamiyatlar” hamkorlikdagi tadqiqot markazi, Tübingen, Germaniya va Maks Plank nomidagi Ijtimoiy antropologiya instituti, Halle, Germaniya 


Mustaqillikning yangi sharoitida O‘zbekistondagi to‘y marosimlari kuchayib borayotgan ijtimoiy-iqtisodiy tafovutlar sababli tobora xilma-xillashib bormoqda. Marosim xarajatlarini jilovlashga qaratilgan so‘nggi davlat chora-tadbirlari isrofgarchilikka qarshi uzoq yillik tanqid an’anasi izidan bormoqda, biroq bu choralar “oqilona” marosimlarni joriy etishdek o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga to‘liq erisha olmayapti. Farg‘ona vodiysida o‘tkazilgan dala tadqiqotlariga asoslangan ushbu maqola bir tomondan, turmush tarzining o‘zgarishi va yangi iste’mol ko‘rinishlaridan kelib chiqayotgan mahalliy amaliyotlardagi ziddiyatlarni, boshqa tomondan esa, marosim xarajatlari hamda ijtimoiy qutblanishni cheklashni maqsad qilgan, shu bilan birga, siyosatning asl mohiyatiga putur yetkazuvchi zamonaviy to‘y idealini targ‘ib etayotgan ikkilamchi davlat siyosatini muhokama qilish orqali “ortiqcha marosim xarajatlari” atrofidagi bahslarga yangicha nigoh bilan qarashga undaydi.


Kalit so‘zlar: Nikoh marosimlari; O‘zbekiston; jamiyatdagi aloqalarning uzilishi; ijtimoiy tengsizlik; avtoritarizm; mahalla 

Содержание
  • To‘ylar va mahalla
  • To‘y marosimlarini “zamonaviylashtirish” 
  • Davlat va to‘y
  • Davlat chora-tadbirlarining amalda qo‘llanilishi
  • Oddiy dabdaba 
  • Xulosalar 

O‘zbekistonda odamlar an’anaviy tarzda o‘zlarining musulmoncha hayotiy marosimlari (to‘y) uchun salmoqli hissiy va iqtisodiy mablag‘ sarflaydilar. Nikoh to‘ylari bir necha kun davom etib, katta ziyofatlar va mehmondo‘stlik namoyishlarini, shuningdek, kelin-kuyov oilalari o‘rtasidagi murakkab muzokaralar va oldi-berdilarni o‘z ichiga oladi. Bunday to‘ylar qarindosh-urug‘lar va mahalla-ko‘yning keng ko‘lamli yordami va ishtirokini talab etadi. Ammo bugungi kunda yangi iste’mol odatlari, iqtisodiy qutblanish va avtoritar davlatning marosim xarajatlarini tartibga solishga bo‘lgan qayta-qayta urinishlari natijasida to‘y marosimlari o‘zgarib bormoqda. Buning oqibatida odamlar to‘y marosimlarini o‘zbek jamoalarining marosim hayoti asosida yotgan ijtimoiy hamjihatlik g‘oyasiga tahdid soluvchi yangi ziddiyatlar maydoni sifatida his qila boshladi. Bu ziddiyatlar bir tomondan “pastdan”, ya’ni jamiyat ichidagi bozor munosabatlari ta’sirida yuzaga kelayotgan o‘zgarishlar tufayli, ayni vaqtda “yuqoridan”, ya’ni hukumat tomonidan marosim amaliyotiga oid o‘rnatilgan qarashlar va ko‘rsatmalar orqali paydo bo‘lmoqda. Shu nuqtayi nazardan, men avtoritar davlat va bozor marosimiy (va ijtimoiy) o‘zgarishlarga qanday qilib o‘ziga xos va bir-birini to‘ldiruvchi yo‘llar bilan hissa qo‘shayotganini muhokama qilaman.

Mening to‘ylarga e’tibor qaratishimga 2009-yilning bahor-yoz oylarida Farg‘ona vodiysining diniy konservatizmi va bu holatning davlatni tashvishga solishi bilan tanilgan Namangan viloyatidagi dala tadqiqotlari chog‘ida duch kelgan o‘ziga xos sharoitlar sabab bo‘ldi (Trevisani 2014, 244–246). Dala tadqiqotlari uchun sharoit cheklanganiga qaramay, avvalgi tashriflarimdan tanish bo‘lgan kishilar yordamida to‘ylarga borish imkoniga ega bo‘ldim. Hukumatning islomiy tahdid haqidagi tasavvuridan kelib chiqqan qo‘rquv va qatag‘on muhiti sharoitida to‘y marosimlari rasmiylar va hamkasblar uchun mos va maqbul tadqiqot mavzusi bo‘lib, ko‘plab suhbatdoshlarim hayotida markaziy o‘rin tutardi. 

To‘y marosimlaridagi so‘nggi tendensiyalarni to‘yning o‘zi va uning qanday o‘tkazilishi lozimligi haqidagi munozaralarning tarixan qanday o‘zgarganligi nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqish kerak. Shu jihatdan, O‘zbekistonda dabdabali marosim xarajatlariga qarshi davlat tanqidi mustaqillikdan ancha avval boshlangan. Sotsialistik zamonaviylikdagi “o‘tmish sarqitlari” bo‘lmish an’anaviylikka qarshi kurash haqidagi sovet ritorikasi postsovet davridagi marosim xarajatlarining “oqilonaligi” to‘g‘risidagi bahslarda ham o‘z aks-sadosini topadi (Abashin 1999; Ilkhamov 2013; Koroteyeva va Makarova 1998; Poliakov 1992, 87 va keyingilari). O‘zbekistonning milliy madaniyatini tiklash borasidagi antisovet ruhidagi bayonotlariga qaramasdan, mustaqillik rasmiy tushunchalarga zid deb topilgan “qoloq urf-odatlar”ga nisbatan rasmiy munosabatni o‘zgartirmadi. Sovet va postsovet siyosiy ritorikasi marosim hayotiga qarshi bir xil modernistik qarashga ega. Bu yerda va Markaziy Osiyoning boshqa joylarida sovet tajribasi tugashi bilan nikoh marosimlari markaziy hukumatlar gegemonlik o‘rnatishga, mahalliy jamoalar esa madaniy muxtoriyatni saqlab qolishga urinayotgan kurash maydoniga aylandi (Roche va Hohmann 2011).

O‘z o‘tmishi va bugunidagi ko‘rinishida, marosim xarajatlarining oqilonaligi borasidagi bu mahalliy to‘y mojarolari nikoh marosimlarini modernizatsiya qilishni bahs va qarshilikning madaniy dinamikasi maydoni sifatida ko‘ruvchi kengroq antropologik munozaralarga hamohangdir (Kendall 1996; Schrauwers 2000). Butun dunyo bo‘ylab son-sanoqsiz manbalarda muhokama qilinganidek (Endres 2011; Kendall 1996; Malarney 2002; Schrauwers 2000), marosimlardagi isrofgarchilikni tanqid qilish an’anaviy jamiyatlar bilan munosabatlarda rivojlanish dasturiga ega bo‘lgan modernizatsiyalashayotgan davlatlarga xos xususiyatdir. O‘zbekiston ham bundan mustasno emas. Biroq hukumatning marosimlar dinamikasini qattiq nazoratga olishga qaratilgan so‘nggi urinishlari o‘z shiddati bilan kishini ajablantiradi.

Davlatning marosim amaliyotini “xonakilashtirish”ga bo‘lgan qat’iyatini O‘zbekistonning postsovet davridagi mafkuraviy va siyosiy qayta yo‘nalishi bilan bog‘liq holda ko‘rib chiqish lozim. Davlat “yuksak ma’naviyat” ta’limotida targ‘ib qilinganidek, madaniy o‘ziga xoslikning mohiyatiga asoslangan millatchilikni qabul qildi (Rasanayagam 2011; Kendzior 2014). U o‘ziga namuna qilib olmoqchi bo‘lgan model — jadal modernizatsiyalashayotgan, biroq nodemokratik va qadriyatlari jihatidan konservativ bo‘lgan Sharqiy Osiyo “yo‘lbarslari”ning Yevroosiyo variantidir. Agar ikkinchi model iqtisodiy o‘sish hisobiga ta’minlanib (va qonuniylashtirilib), rivojlanishni yuzaga keltirsa hamda ijtimoiy e’tiqod va amaliyotlarni modernizatsiya qilsa, O‘zbekiston bu borada hamon ortda qolmoqda. Barqaror o‘sish o‘rniga, postsotsialistik yigirma yil ijtimoiy tengsizlikni va qishloq bilan shahar o‘rtasidagi tafovutni yanada chuqurlashtirdi (Kosmarski 2011). Rasmiy modernizatsiya diskurslarini davlat hokimiyatining xalq farovonligi borasidagi umidlarini oqlay olmaganini yashirishga va o‘zini qonuniylashtirishga qaratilgan urinishning bir qismi sifatida talqin qilish kerak.

Rasmiylarning marosimlarni tartibga solishga bo‘lgan e’tiborining ortishi ayni shu holatlarning oqibatidir. O‘zbekistonda marosimlarga ta’rif berish davlat uchun hayotiy zaruratga aylandi. Muxolifat va siyosiy bahslar yo‘qligi sharoitida hokimiyat egalari jamiyatning xonadon, mahalla-ko‘y, e’tiqod va urf-odatlar kabi eng nozik qatlamlarida o‘z o‘rnini mustahkamlashga intilmoqda. Rasmiy mafkura va hayotiy tajriba o‘rtasidagi, “davlatning O‘zbekistonni qanday tasvirlashi bilan ko‘plab o‘zbeklar uni qanday his qilishi o‘rtasidagi nomutanosiblik” (Kendzior 2014, 226) ustidagi kurash marosimlar sohasiga ham kirib keldi. Davlatning “oqilona bo‘lmagan” marosim xarajatlarini tanqid qilishida (Abashin 1999) “dabdabali marosimlar” taraqqiyot va zamonaviylikka to‘siq sifatida ko‘rsatilib, ularning jamiyatni beqarorlashtiruvchi oqibatlari uchun qoralanadi. Ayni paytda, haddan tashqari tijoratlashtirish va yangi bozor munosabatlari “asl” milliy-madaniy an’analarga G‘arb tahdidi sifatida baholanib, ularni cheklovchi qoidalar orqali jilovlab turish zarurati uqtiriladi.

Nikoh to‘ylarini modernizatsiya qilishga oid adabiyotlarda ta’kidlanishicha, nikoh amaliyoti va to‘y marosimlaridagi zamonaviy individualizm o‘zining turli madaniy-mahalliy ifodalari bilan birga xususiy an’analar va umuminsoniy zamonaviylik o‘rtasidagi dialektikadan kelib chiqadi (Edwards 1990; Hart 2007). Garchi bu O‘zbekiston uchun ham to‘g‘ri bo‘lsa-da, to‘y masalasini ko‘rib chiqishda kundalik marosimlar qay yo‘sinda davlatning mafkuraviy manfaatlariga tobora ko‘proq tortilayotgani sharoitini ham hisobga olish lozim. Shu bois, to‘ydagi ziddiyatlarga e’tiborni avtoritarizmni ichkaridan tadqiq etish, repressiv rejimda yashash tajribasini anglash mashqi bilan birga olib borish kerak. Nikoh amaliyotida zamonaviy individualizmning yuksalishini ta’kidlaydigan aksariyat adabiyotlardan farqli o‘laroq, O‘zbekistonda odamlarning zamonaviy to‘ylar haqidagi shaxsiy “hikoya-tasavvurlari” (Rofel 1999, 13) rasman targ‘ib qilinayotgan aksil-narrativ bilan cheklanadi. Shu jihatdan, to‘y o‘tkazish uslublarining o‘zgarishi marosimlarning avtoritar boshqaruv usullaridagi ahamiyatini o‘rganish uchun samarali maydonga aylanishi mumkin (Wedeen 1999). Shu nuqtayi nazardan, men bozor va avtoritar loyiha qanday qilib hamjihatlikda jamoatchilik va uning marosimlarini yemirayotganini ko‘rsatib beraman: avvalo, yangi bozorning to‘ylar va mahallaga ta’sirini muhokama qilish orqali; so‘ngra, davlat tomonidan qabul qilingan chora-tadbirlarni ko‘rib chiqish orqali; nihoyat, aniq bir misol tahlili orqali marosimiy millatchilik oddiy to‘ylarda keltirib chiqaradigan ziddiyat va qarama-qarshiliklarga e’tibor qarataman.

To‘ylar va mahalla

O‘zbekistondagi nikoh marosimlari boshqa musulmon jamiyatlaridagi marosimlar bilan ko‘p o‘xshash jihatlarga ega (Eickelman 2002, 158; Kehl-Bodrogi 2008, 99ff.; Tapper 1999 [1991]). Ular ayollar marosimchiligi doirasiga kiradi (Kandiyoti va Azimova 2004; Kehl-Bodrogi, 2008) va ikki shaxsning emas, balki kelin-kuyovning katta oilalari zimmasidagi tashvish deb hisoblanadi. Ziyofatlar bir necha kun davom etadi va turli bosqichlarda ko‘p sonli mehmonlarga dasturxon yoziladi, raqs, qo‘shiq va sovg‘a almashish kabi udumlar bajariladi. Marosimlar yosh, jins va qarindoshlik darajasiga ko‘ra farqlanadi va ko‘pincha bir vaqtning o‘zida turli joylarda o‘tkaziladi.

To‘ylar kuyov va kelin oilalari o‘rtasidagi murakkab muzokaralar va o‘zaro kelishuvlarni o‘z ichiga oladi. Muzokaralarning dastlabki bosqichi fotiha to‘yi bilan yakunlanadi, undan so‘ng kuyov va kelin tomonlarida alohida-alohida o‘tkaziladigan to‘yoldi bazmlari boshlanadi. To‘y kunidan avval fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organida (FXDYO) nikoh qayd etiladi. To‘y kuni esa an’anaviy taom — osh (palov) katta jamoatchilikka, ya’ni taklif etilgan mehmonlarga tortiladi. Nikoh marosimi (islomiy nikoh udumi), kuyov va uning navkarlarining kelin xonadoniga tashrifi, kelinning kuyovning ota uyiga kelishi, yosh kelin-kuyovning ziyoratgohlarga borishi hamda musiqa jo‘rligidagi bayram ziyofati to‘y kunidagi asosiy bosqichlar hisoblanadi. Nikohdan keyingi rasm-rusumlar va yig‘inlar kelinning yangi oila a’zolari bilan tanishuvi uchun xizmat qiladi. To‘ydan bir necha kun o‘tgach, yangi qurilgan oilalarning ota-onalari bir-birlarini mehmonga chaqirib, quda-andachilik munosabatlarini o‘rnatadilar.

Mahalliy tushunchalarga ko‘ra, to‘yning ko‘ngildagidek o‘tishi mahalla, ya’ni an’anaviy qo‘ni-qo‘shnichilik va masjid jamoasining qo‘llab-quvvatlashi va ishtirokiga bog‘liq bo‘lishi kerak (Rasanayagam 2011, 53). Biroq, postsovet yillarida hukumat siyosati tufayli uning qadri tobora oshirilib, rasmiylashtirildi va amalda davlatning mahalla darajasidagi bo‘g‘iniga aylantirildi: tayinlangan rais, kotib, biriktirilgan posbon va turli vazifalarni bajaruvchi mahalla qo‘mitasidan iborat mahalla idorasi vujudga keldi (Massicard and Trevisani 2003; Rasanayagam 2011, 51). An’anaga ko‘ra, mahallada to‘y marosimi rejalashtirilsa, odamlar qo‘shnilar oldida kuchli ma’naviy majburiyat his qiladi va takliflarga taklif bilan javob qaytarish, yordam berish hamda marosimda qatnashish kutiladi. To‘y kabi marosimlarni birgalikda o‘tkazish orqali mahalla ideallashtirilgan, ijtimoiy va ma’naviy jihatdan jipslashgan makonga, ya’ni “madaniy zaxira”ga (Liu 2012, 108ff.) aylanadi. Hukumat norasmiy mahallani institutsional va ramziy jihatdan o‘zlashtirish orqali o‘zining mafkuraviy legitimligi (va ijtimoiy nazorati) uchun undan keng foydalanadi. Davlatning mahalliy bo‘g‘ini sifatida mahalla gibrid vazifalarni bajaradi. U FHDYOning mahalliy ma’muriy vazifalarini qamrab oladi, axloq va tartibni nazorat qiladi, shuningdek, kam ta’minlanganlarga nafaqa to‘lash va to‘ylariga moddiy yordam ko‘rsatish uchun cheklangan byudjetni boshqaradi (Kamp 2004). Keyingi paytlarda yuklatilgan yana bir vazifa — bu to‘y marosimlarining an’analar haqidagi rasmiy qarashlarga mos o‘tkazilishini ta’minlashdir.

To‘y qilish odamlarning o‘z qadr-qimmatini his etishi uchun o‘ta muhim va bu “jamoatchilik e’tirofi uchun to‘lanadigan a’zolik badali” kabidir (Ilkhamov 2013, 280). Odamlar to‘ylarini munosib nishonlash uchun yillar davomida pul yig‘adi, biroq bugungi kunda tobora ko‘payib borayotgan kambag‘allar umuman pul jamg‘ara olmayapti. Ular uchun mahalla idorasining yordami vaqtinchalik yengillik xolos. Shu sababli, odamlar yo qarz olib, yo marosim xarajatlarini qisqartirib yoki xarajatlarni qoplashning muqobil yo‘llarini topib, asosan Rossiyaga mehnat migratsiyasiga ketish orqali to‘ylarini o‘tkazmoqda (Ilkhamov 2013). Asosan yosh yigitlar muhojirlikka ketib, ortga pul jo‘natayotgani bois, pirovardida ular o‘z to‘ylarini moliyalashtiradigan va yangi uy qurish uchun zarur mablag‘ni jamg‘aradigan kishilarga aylandilar. Shu tariqa, ota-onalar va farzandlar o‘rtasidagi an’anaviy rollar taqsimoti o‘zgarib, so‘nggi paytlarda resurslarni nazorat qilishda sezilarli o‘zgarish yuz berdi. Farg‘ona vodiysining Qirg‘izistonga qarashli qismidagi tadqiqotlariga asoslanib, Rivz (2012) mehnat migratsiyasi to‘ylarni moliyalashtirishning asosiy manbasiga aylanganini hamda marosimlar va mehnat migratsiyasi dinamikasi bir-birini qanday kuchaytirishi va o‘zaro chambarchas bog‘liqligini ko‘rsatib bergan. Uning bu dalilini Namangan viloyatiga ham tatbiq etish mumkin. Biroq, o‘tmishda ijtimoiy tengsizliklar odamlarning o‘zaro ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va yordam berishning “gorizontal” tarmoqlarida ishtirok etishi orqali yumshatilgan bo‘lsa (Werner 1998), bugungi kunda mahalliy me’yorlar bo‘yicha munosib to‘y deb hisoblanadigan marosimni o‘tkazishga qurbi yetadiganlar va qurbi yetmaydiganlar o‘rtasida tafovut yuzaga keldi.

To‘y marosimlarini “zamonaviylashtirish” 

To‘y haqida gap ketganda, ko‘pchilik marosimda yuz berayotgan o‘zgarishlarni “zamonaviylashtirish” deb ta’riflab, hukumatning rasmiy nuqtai nazarini takrorladi. Mahalliy aholining kuzatuvlariga ko‘ra, bugungi kunda kelin va kuyov o‘z to‘ylarida tobora muhim rol o‘ynayotgani, umuman, nikohda oila va mahalla ahamiyatining pasayib borayotgani ta’kidlanadi. Bunday qarashlar katta avlodning nazoratni boy berayotgani, avlodlararo boylik taqsimoti qayta ko‘rib chiqilayotgani va ideal nikoh haqidagi global tasavvurlarning ommalashayotganini aks ettiradi. O‘tmishda biror oila boshqa xonadon bilan quda bo‘lishni istasa, turmushga chiqish yoshidagi qizni so‘rab-surishtirish uchun sovchi yuborgan, shundan so‘ng qizning ota-onasi o‘z qarindosh-urug‘lari bilan maslahat qilgan. Hozirgi kunda esa kelin-kuyovning ota-onasi farzandlari bilan maslahatlashgach, darhol rozilik berib, sovchilarning o‘rni va ahamiyatini o‘zgartirib yubormoqda. Kimni taklif qilish, qanday taom tayyorlash, qaysi urf-odatlarga amal qilish kabi masalalar avvallari faqat ota-onalar tomonidan hal etilgan bo‘lsa, endilikda yoshlar ham ota-onalarning tanlov va qarorlarida faolroq qatnashmoqda.

Bugungi to‘y marosimlari iste’mol madaniyatidagi o‘zgarishlarni aks ettirgan holda, hal etilishi lozim bo‘lgan bir qator yangi masalalarni kun tartibiga olib chiqdi. Bayram dasturxonida odatda bo‘ladigan an’anaviy taomlardan tashqari, bugungi kunda to‘y dasturxonidan bifshteks kabi “zamonaviy taomlar” ham o‘rin olmoqda. Mustaqillikdan so‘ng dabdabali marosimlar uchun hashamatli maskanlarni taklif qiluvchi to‘yxonalar paydo bo‘la boshladi. Odamlar endilikda asosan joy ijarasi va xizmat haqi uchun to‘lovni amalga oshirib, oziq-ovqat masalasini alohida hal qiladigan bo‘ldi. To‘y san’atkorlari va videooperatorlik esa daromadli kasblarga aylandi. Videolar nafaqat zo‘r ishtiyoq bilan tomosha qilinib, muhokama qilinadi, balki ular to‘yning o‘ziga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Chunki endi to‘ylar keyinchalik namoyish etish uchun imkon qadar ko‘proq mehmon va duolarni yozib olishga bo‘lgan keng tarqalgan talabga moslashtirilmoqda. Ekzotik mevalar yoki gullar kabi yangi, suratbop bezak buyumlari paydo bo‘ldi. Kir yuvish mashinasi singari yangi iste’mol mollari esa kuyov va kelin oilalari o‘rtasidagi sovg‘a almashish marosimlarida bir paytlar jihozning muhim qismi hisoblangan ko‘rpacha kabi an’anaviy tuhfalar o‘rnini egalladi. An’anaga ko‘ra, to‘yda ishtirok etish mehmonlar va “xizmatda” bo‘lgan mezbonlar o‘rtasidagi qat’iy chegarani anglatar edi. Bu qarindoshlik burchi to‘yxonalarda keraksiz bo‘lib qoldi. Bunday joylarda va boshqa yerlarda ham odamlar endi avvalgidek katta davra bo‘lib (jamoa bo‘lib) o‘tirmaydilar, balki alohida stollarda va kichikroq guruhlarga bo‘linib o‘tirishadi.

Garchi odamlarning to‘ylardagi o‘zgarishlar haqidagi fikrlari ko‘pincha urf-odatlar va ijtimoiy munosabatlarning zamonaviylashuvi va individuallashuvi bilan bog‘liq bo‘lsa-da, dala tadqiqotlarim davomida men bu jarayonga zid dalillarga duch keldim. Ko‘pchilik asosan to‘y o‘tkazish xarajatlari ortib borayotganidan nolar edi. Pop tumanida (Namangan viloyati) iste’foga chiqqan bir o‘qituvchining aytishicha, uning qishlog‘idagi to‘y marosimlarida deyarli hech narsa o‘zgarmagan. “Urf-odatlar o‘sha-o‘sha, lekin xarajatlar o‘sib boryapti”. Bu, albatta, urf-odatlar (customs) umuman o‘zgarmaydi degani emas, biroq odamlarni eng ko‘p nima tashvishga solayotganini ko‘rsatadi. O‘sha qishloqda bir oilaning to‘y o‘tkazishi uchun zarur deb hisoblangan o‘rtacha mablag‘ni (mening dala tadqiqotim vaqtida taxminan 1600 AQSH dollari) to‘plash odamlar uchun o‘ta qiyin bo‘lib qolgandi. To‘y xarajati va oila daromadi o‘rtasidagi nisbat sezilarli darajada o‘zgarmaganga o‘xshaydi. Asosiy farq shundaki, hozirgi o‘rtacha daromadga o‘tmishdagiga qaraganda kamroq narsa sotib olish mumkin. Qo‘shnilar ham ovqat pishirib, ham o‘zlari taom olib kelib, katta hissa qo‘shgan o‘tmishdan farqli o‘laroq, bugungi kunda to‘y endi odamlar to‘kin-sochin ovqatlanadigan marosim bo‘lmay qoldi.

Odamlar zaruriyatga ijodkorona moslashadi. Umuman olganda, pulni tejash maqsadida to‘yni bir nechta qimmatbaho buyumlar namoyishi atrofida qayta uyushtirish va turli marosimlarni birlashtirish (masalan, ikki aka-ukaning to‘yi yoki to‘y bilan sunnat to‘yini birga o‘tkazish) tamoyili kuzatilmoqda. Agar o‘tmishda qo‘shnilar to‘y o‘tkazishda so‘zsiz yordam berib, ishtirok etishgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning ko‘magi ancha susaygan. Har kim o‘z to‘yini ijtimoiy muhit nazaridan muvaffaqiyatli o‘tkazishga urinadi, biroq ko‘pchilikning, ayniqsa, so‘nggi paytlarda bunga kuchi yetmayapti. Shu jihatdan, kambag‘allarning to‘yi yanada tarqoq tus olgan: mahallada avvalgi mezonlarga ko‘ra “to‘y deb to‘la hisoblanmaydigan” bo‘lib qoldi.

Men ana shunday bir to‘yga bordim. Kuyov — yigirma yoshlar atrofidagi mardikor, kelin esa undan yoshroq, ikkalasi ham yetim edi. Ularning to‘yidagi asosiy xarajatlarni mahalla qo‘mitasi o‘z zimmasiga olgan edi. Tanishim Abror kinoya bilan “yuz vatli to‘y” deb atagan bu bazmda kechki ziyofat xususiy hovlidagi bitta lampochka va magnitofondan taralayotgan musiqa atrofida o‘tardi. Biz to‘yga yetib borganimizda, baland texno musiqa sadolari ostida raqsga tushayotgan yoshlar olomoni barchaning diqqat markazida edi. Bir necha ko‘cha sotuvchisi yo‘l-yo‘lakay kirganlarga pista, sigaret va pechenye sotardi. To‘y o‘zining “tartibsiz” muhiti bilan nikoh oqshomidan ko‘ra ko‘proq ochiq havodagi tungi klubni eslatardi. Xonadonning kichkina mehmonxonasida kuyovning amakisi mezbonlik qilar, mahalla ahlining kamligidan va to‘yda bir necha soat avval yegulik tugab qolganidan hijolatda ekani sezilib turardi.

Garchi ijtimoiy tengsizlik va qashshoqlik kuchaygan bo‘lsa-da, odamlar qo‘shnilarining “to‘y yaxshi bo‘lmapti” degan gapiga qolishdan ko‘ra, imkoniyatlaridan ortiq dabdabali to‘ylar qilishni afzal ko‘radi. Biroq tanishlarimning aytishicha, “to‘yga o‘xshamagan” to‘ylar soni ortib bormoqda. Odamlarning aytishicha, to‘y endi butun jamoatchilikning emas, balki asosan yaqin qarindoshlar, sinfdoshlar hamda kelin-kuyovning do‘stlari qiziqishini tortadigan bo‘lib qolgan. Shu nuqtayi nazardan, to‘ylarning “yosharishi” shahar va qishloqlardagi nikoh marosimlariga singib ketgan e’tiborga molik bir holatdir.

Keksalar yoshlarning to‘ydan musiqa tinglash, raqsga tushish yoki noz-karashma qilish uchun foydalanayotganidan norozi bo‘lib, “to‘y diskoteka emas”, deya tanqid qiladi. Yoshlar esa, o‘z navbatida, kattalarning davrasida o‘zlarini noqulay his qilib, tortinadi. Sovet davridagi “komsomol to‘yi” (yoki “qizil to‘y”)ning qoldig‘i bo‘lgan kechki bazm yoshlarga ko‘proq yoqishi tushunarli bo‘lsa-da, mahalla oqsoqollari, erkaklar va o‘rta yoshli qo‘shnilarning to‘yda ishtirok etishining an’anaviy shakli bo‘lgan tonggi oshga qiziqish ham ancha pasaygan. Uch farzandning otasi Alisher bu holatni shunday izohlaydi:

Odamlar o‘z ishi bilan ovora, charchagan yoki ularda rag‘bat yo‘q. Mana, masalan, meni oling. Agar yaqin qarindoshimning to‘yi bo‘lsa, borishim kerak deb hisoblayman, bo‘lmasa bormayman. Hozir hammaning o‘ziga yarasha tashvishi bor.

Ayrimlarda to‘yga borganda sovg‘a sifatida beriladigan to‘yona puli bo‘lmasligi mumkin. Ko‘pchilik, Alisher kabi, qo‘shnichilik oqibatining yo‘qolib borayotganidan afsuslanadi va shu bois rasmiy nutqlarda ko‘p ishlatiladigan mubolag‘a — to‘yni asl o‘zbeklikning yorqin ifodasi deb bilishga endi unchalik ishonmaydi. Qarindoshining to‘yiga meni taklif qilgan bir universitet o‘qituvchisining so‘zlari jamoatchilikdan ko‘ngil qolishning yorqin misoli bo‘ldi. Marosim obro‘sining tushib ketganidan, mast erkaklarning ko‘pligidan va hamqishloqlarining surbetligidan ezilgan o‘qituvchi: “urf-odatimiz, to‘ylarimiz ichidan chiriyapti”, — deya bu holatga “zamonaviylashuv” sababchimi yoki qashshoqlikmi, degan savolni ochiq qoldirdi.

Tirikchilik manbalarining o‘zgarishi bilan odamlarning o‘z yashash joyiga bog‘liqligi ham zaiflashdi. Sotsialistik tuzumdan o‘tish davrining ilk bosqichlarida ham juda muhim bo‘lgan, to‘ylar atrofidagi aloqalarda aks etgan o‘zaro manfaatdorlik iqtisodiyoti (Werner 1998) bugungi kunga kelib deyarli yo‘qqa chiqdi. Jamoatchilikning parchalanish jarayoni hukumat tomonidan yaqinda amalga oshirilgan shaharsozlikdagi buzilishlar va ko‘chirishlar tufayli yanada kuchaymoqda. O‘zbekistonning hamma joyida eski mahallalarni buzib, o‘rniga yangi mavzelar qurish orqali shaharlar qiyofasi o‘zgartirilmoqda (Trevisani 2014, 255). Jamoatchilik va marosimlarning “yo‘qolishi”ni “yuqoridan” ham, “pastdan” ham nazar tashlab tushunish lozim bo‘lgan jarayondir. Shu paytgacha men turmush tarzi, iste’mol odatlari va qo‘shnichilik munosabatlaridagi o‘zgarishlarga e’tibor qaratgan bo‘lsam, keyingi bo‘limlarda davlatning bu boradagi ziddiyatli o‘rniga to‘xtalib o‘taman.

Davlat va to‘y

Davlat yoki ziyolilar tomonidan targ‘ib qilingan munosib marosim o‘tkazish andozalari bilan kundalik marosim amaliyoti o‘rtasidagi ziddiyatlar XX asr davomida to‘yga xos doimiy xususiyat bo‘lib kelgan (Kamp 2007). Hali sovetlarning “eskikka qarshi kurashi”dan avval ham, Turkistonning chor Rossiyasi pul iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi nikoh narxini oshirib yuborgan bir paytda, jadid islohotchi mualliflari nikoh xarajatlarini isloh qilish zarurligini ta’kidlaganlar (Kamp 2006, 44–46). Keyinroq, Markaziy Osiyo bolsheviklari sovet qadriyatlari va an’anaviy amaliyotlar uyg‘unlashgan yangi marosimlarni joriy etish orqali an’anaviy urf-odatlarga barham berish maqsadida marosim xarajatlariga qarshi xuddi shunday dalillarni keltirganlar (Kamp 2007, 113). Dastlabki sovet iqtisodiy tejamkorligi davrida marosimlardagi dabdaba va ko‘z-ko‘z qilish kamaygan bo‘lsa-da, avvaldan mavjud bo‘lgan tasavvurlar bilan sovetcha munosib to‘y obrazi o‘rtasidagi ziddiyat o‘z kuchini yo‘qotmadi. 1929-yilda fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish idoralarida nikohni qayd etish majburiy qilib qo‘yildi va “yangi sovetcha nikoh shakli” joriy etildi; bunda “an’anaviy marosim susayib, o‘zgargan” edi (Bacon 1966 [1980], 170). Urushdan keyingi iqtisodiy tejamkorlik yillaridan so‘ng amaldorlarning marosimchilik va dindorlikka bo‘lgan shubhasi asta-sekin yumshadi. So‘nggi sovet davrida O‘zbekistondagi jamoaviy marosimlar to‘laqonli gibrid xususiyat kasb etdi: hayotiy bosqich marosimlari “ko‘pincha diniy marosimlar bilan parallel ravishda kechadigan sovet va an’anaviy unsurlar qorishmasiga” aylanib qoldi (Chylinski 1991, 169). Bu davrga kelib, to‘y qilish sovet tuzumiga qarshi chiqmagan holda o‘z “madaniy musulmonligini” namoyon etish hamda oila va jamiyat oldidagi an’anaviy burchlarni ado etish usuliga aylandi (Khalid 2007).

So‘nggi sotsialistik yillarda Markaziy Osiyo tub aholisining nisbiy farovonligi oshishi bilan bir vaqtda marosim xarajatlari ham misli ko‘rilmagan darajada o‘sa boshladi (Koroteyeva va Makarova 1998). To‘ylarda yuzlab mehmonlarga dabdabali sovg‘alar berish va mo‘l-ko‘l dasturxon yozish odati yoyilib, bu holat sovet hokimiyatini xavotirga solgan raqobatli manmanlik iste’molchiligini keltirib chiqardi. Sotsialistik zamonaviylik nuqtayi nazaridan garchi “oqilona bo‘lmasa-da”, sotsialistik taqchillik iqtisodiyoti sharoitida isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilgan marosim xarajatlari mansab, obro‘ va moddiy rag‘batga erishishni ko‘zlovchi ijtimoiy aloqalarga kiritilgan mantiqiy sarmoya edi (Ledeneva 1998). Sovet hokimiyat iyerarxiyasining qayta tiklanishi “manipulyatsiya qilinadigan resurslar” (Humphrey 1998) aylanishiga asoslangan sovg‘a iqtisodiyoti bilan chambarchas va til biriktirgan holda bog‘lanib qolganligi sababli, uni jilovlashga qaratilgan rasmiy sa’y-harakatlar deyarli samarasiz bo‘lib qoldi (Koroteyeva va Makarova 1998).

Mustaqillikdan so‘ng marosimlardagi jonlanish dastlab hech qanday cheklovlarsiz yanada rivojlandi. Endi davlat islomiy urf-odat va amaliyotlarga nafaqat yo‘l qo‘yib, balki ruxsat ham berganligi sababli, o‘z an’analarini “qayta kashf etish” istagi va marosimlarni jamoatchilik oldida ochiq o‘tkazishga bo‘lgan xohish bunga turtki bo‘ldi. Yangi pul oqimining paydo bo‘lishi yanada yaxshiroq to‘y o‘tkazish borasidagi raqobatni kuchaytirgani sari, dabdabali marosimlar uyushtirish mahallada obro‘ qozonish uchun ijtimoiy majburiyatga aylanib, ko‘pchilikni qarzga botirdi va tobora tengsizlashib borayotgan jamiyatlarning ijtimoiy jipsligiga putur yetkazdi (Arifxanova va Zununova 2006; Kandiyoti 1998; Kandiyoti va Azimova 2004).

Postsotsialistik davlatning jamoaviy marosimlarga nisbatan siyosatida 1990-yillarning oxiriga xos bo‘lgan xarajatlarni shunchaki cheklash tendensiyasidan 2004-yildan keyingi davrga kelib to‘yga nisbatan og‘irroq, mafkuraviy yuklangan aralashuvga o‘tildi. Bu davrda ijtimoiy konservatizmni mustahkamlash va madaniy o‘ziga xoslikni targ‘ib qilish davlat ritorikasida yanada yaqqolroq ko‘zga tashlandi. Hukumatning marosimlarni jilovlash choralari 1998-yilda, hukumat “ma’naviy tanazzulga yuz tutgan elita”ga qarshi xalq noroziligidan xabardor bo‘lgach boshlandi va Davlat soliq qo‘mitasining yuqori martabali amaldori o‘g‘liga o‘ta dabdabali to‘y qilgani uchun prezident tomonidan omma oldida tanqid qilinganidan so‘ng to‘yga e’tibor kuchaytirildi (Abashin 1999). Prezidentning to‘y haqidagi farmoni tobora “dabdabali” tantanalar uchun qilinayotgan “nosog‘lom raqobat”ni qoralab, yangicha ohang belgiladi. Oradan bir necha kun o‘tib, davlat nazoratidagi diniy idora — O‘zbekiston musulmonlari idorasining ikkita fatvosi rasmiy pozitsiyani mustahkamladi. Davlat nazoratidagi ommaviy axborot vositalari hamda ta’lim va oila masalalari bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar namunali to‘y va uni tashkil etish haqidagi rasmiy qarashlarni targ‘ib qildi. Keyinchalik qabul qilingan farmonlar ishtirokchilar soni va to‘y xarajatlarini cheklab qo‘ydi.

1998-yilgi farmondan buyon “dabdabali to‘y”ga qarshi tanbehlar vaqti-vaqti bilan qayta kuchga kiritib kelinmoqda. Shu jihatdan, to‘y tantanalari viloyatlarga qaraganda ancha qimmat bo‘lgan Toshkentda 2012-yilda katta shov-shuvga sabab bo‘lgan to‘ylar ustidan nazoratning kuchaytirilishi (Kjuka 2012; Sartpaev 2012) ko‘p jihatdan 2009-yilda Namanganda kuzatilgan vaziyat tufayli kutilgan edi. Bu yerda amalga oshirilgan chora-tadbirlar quyidagilarni o‘z ichiga olgan: mehmonlar sonini cheklash, tantanalarning davomiyligini qat’iy vaqt oralig‘i bilan belgilash, barcha jalb etilgan mutaxassislarning (imomlar, san’atkorlar, suratkashlar, to‘yxona egalari, oshpazlar, avtomobil ijarasi va boshqalar) kasbiy litsenziyaga ega ekanligi va soliq to‘layotganini aniqlashga qaratilgan tekshiruvlar, nikoh qayd etilganini tasdiqlovchi nazoratlar hamda nikohni qayd etishdan oldin kelin-kuyovni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish (kelin-kuyovning sog‘lig‘i va iffatini aniqlash orqali ajrim sabablarining oldini olish chorasi). Mahalla qo‘mitasi to‘yni nazorat qiluvchi mas’ul organga aylandi. U haddan tashqari katta, uzoq davom etgan yoki dabdabali marosimlarga jarima solish yoxud ularni to‘xtatib qo‘yish vakolatiga ega bo‘ldi. Biroq, men ko‘rsatib berganimdek, an’analar sofligini asrash va xarajatlarni jilovlashga qaratilgan da’vatlar na izchil, na bir tekisda amalga oshirilgan.

Davlat chora-tadbirlarining amalda qo‘llanilishi

Namangan viloyatida bir necha yildan buyon to‘ylar haqida mahalla qo‘mitasiga bir necha kun oldin xabar berilishi shart. Mahalla qo‘mitasi oilaning iqtisodiy ahvolidan kelib chiqib, agar oilaning qurbi yetmaydi deb hisoblasa, to‘y ko‘lamini qisqartirishga majburlashi mumkin. Mahalla miqyosida oilaviy sharoitni mahalla ko‘zidan yashirish qiyin va rasmiylar odamlarni ko‘ndirish yo‘llarini topadi. Oilalar davlat tomonidan tayinlangan mahalla rahbarlariga bo‘ysunishdan boshqa chora topolmaydi. Mahalla vakillari bu choralarni oilalarning qarzga botishining oldini olish uchun zarur deb biladi va o‘z aralashuvini “to‘ylardagi keraksiz dabdababozlik bizning an’anamiz emas, balki asl urf-odatlarimizdan xavfli og‘ishdir” deya oqlaydi. 

Men borgan qishloqlardan birida to‘ydan bir kun oldin mahalla-ko‘y erkaklarini maslahatlashish va bo‘lajak to‘y haqida qarorlar qabul qilish bahonasida chaqirib beriladigan an’anaviy maslahat oshi mahalla qo‘mitasi raisining qaroridan so‘ng o‘tkazilmaydigan bo‘ldi (boshqa hududlarda u hamon to‘y marosimlarining ajralmas qismi edi). To‘y haqidagi dastlabki etnografik manbalarda alohida tilga olingan sunnat to‘yi endilikda mustaqil o‘tkazilmayapti. U yo nikoh to‘yi doirasida nishonlanadi, yo bo‘lmasa, an’anaviy “beshik to‘yi” bilan birga o‘g‘il-qizlar uchun o‘tkaziladigan kichikroq aqiqa to‘yiga qo‘shib yuborilgan va hozirda faqat xonadon doirasida o‘tkazilmoqda.

Mahalla mas’ullari oilaning daromadi va mavqeyiga qarab qancha qozon osh damlanishini belgilab bergani sababli, hatto ko‘chada o‘tkaziladigan to‘ylarda ham kechki ziyofat endi butun jamoaga tortilmaydi. Faqat bir necha tanlangan aziz mehmonlargagina to‘y egasining — odatda to‘y bo‘layotgan xonadon boshlig‘ining — uyidagi alohida xonada to‘liq xizmat ko‘rsatiladi. Sahardan shomgacha kuyovnavkar oldidagi tomoshadan bahra olayotgan 300–400 kishilik olomon (asosan ayollar va yigitlar) hech qanday dasturxonsiz musiqa sadolari ostida raqsga tushadi, kursilarda o‘tiradi yoki tik turadi. Davlatning xarajatlarni cheklash choralari 1990-yillardagi to‘ylarga qaraganda bu yerda ma’lum darajada samara bergan.

Nazariy jihatdan, tartibga solish kambag‘allar uchun mahallada yuzini saqlab qolish imkoniyati sifatida ko‘riladi. Amalda esa choralar tanlab qo‘llaniladi va ular marosim xarajatlarini kamdan-kam cheklaydi. Qimmatbaho to‘yga qurbi yetadiganlar mahalla nazaridan chetroqda, qahvaxonalarda, tor doiradagi mehmonlar ishtirokida dabdabali to‘ylar uyushtiradi yoki qonunni chetlab o‘tish yo‘llarini topadi. Shunday qilib, vaqti-vaqti bilan o‘tkazib turiladigan kampaniyalarni hisobga olmaganda, kundalik hayotda xarajatlarni me’yorida qilish haqidagi rasmiy chaqiriqlar o‘z ma’nosini yo‘qotmoqda va davlatning marosimlarni cheklashga doir ritorikasi boshqacha qilishga imkoni yo‘qlarning obro‘sini himoya qilishga ojizlik qilmoqda.

Cheklovlarga qaramay, to‘ylarda nikoh kortijidagi mashinalar soni, kuyov va kelin oilalari o‘rtasidagi nikohdan keyingi sovg‘a-salomlar, limuzinlar, kelinlik liboslari yoki professional fotosurat studiyalarini ijaraga olish kabi o‘zini ko‘z-ko‘z qilishga asoslangan raqobatning yangi shakllari paydo bo‘ldi. Shuningdek, maktab bitiruvchilarining “so‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri (bu sovet an’anasi mehmonlar chaqirib, bayramona dasturxon yozib, sovg‘alar ulashib, to‘yga o‘xshatib o‘tkazilishi bilan butunlay “o‘zbeklashtirilgan”), talabalarning universitetdagi bitiruv imtihoni munosabati bilan nishonlaydigan “diplom to‘yi” yoki sobiq hojilar guruh bo‘lib, har oylik yig‘inlarda o‘z haj safarlarini dabdabali ziyofat bilan xotirlaydigan “hoji yig‘ini” kabi yangi va qimmatbaho marosimlar ham urfga kirdi. Bularning barchasi marosimiy dabdaba va isrofgarchilikka bo‘lgan qiziqish so‘nmaganidan dalolat beradi. Ommaviy axborot vositalarida bu kabi odatlarga qarshi tanqidiy-nasihatomuz ruhdagi maqolalar e’lon qilinadi va ularni jilovlash maqsadida maxsus qarorlar qabul qilinadi. Biroq to‘ylardagi dabdababozlikka qarshi qonunlarning bir izchil qo‘llanilmasligi va ommaviy axborot vositalaridagi navbatdagi targ‘ibot kampaniyalari jamiyat miqyosida marosimlardagi tafovutlarni bartaraf etishdek e’lon qilingan maqsadga aslida erishish ko‘zda tutilmaganini ko‘rsatadi. Boylar osonlikcha chetlab o‘tadigan qoidalar kambag‘allar orasida qat’iy qo‘llanib kelmoqda.

Yangi tartiblar marosimlarni ixchamlashtirish o‘rniga, to‘ylarning ijtimoiy tabaqalanishini yanada kuchaytirmoqda, zero, tartibga solishning mohiyati (va uning notekis qo‘llanilishi) boy va kambag‘al, shahar va qishloq, marosimiy iste’molning “zamonaviy” va “qoloq” uslublari o‘rtasida tezda mustahkamlanib borayotgan ijtimoiy-iqtisodiy chegaralar bo‘ylab jamoalarning bo‘linib ketishini amalda qo‘llab-quvvatlaydi. Rivojlanib borayotgan to‘y xizmatlari sanoati qurbi yetadigan iste’molchilarning ehtiyojlarini qondirib, yangi ish o‘rinlari yaratmoqda va hukumat ma’qullagan zamonaviylikning ilg‘or hayot tarzini targ‘ib qilmoqda. Biroq, bir tomondan, an’anaviy to‘ylarning “oqilona bo‘lmagan” xarajatlariga qarshi choralar ko‘rayotgan, boshqa tomondan esa, o‘rta sinfga xos bo‘lgan yangi, “zamonaviy va madaniyatli” to‘y iste’molchiligini qo‘llab-quvvatlayotgan hukumat ishlarida izchillik yo‘q. Bir tarafdan, davlat o‘z nutqida marosimlarni tartibga solish orqali ijtimoiy tengsizlikni kamaytirishga urinadi. Boshqa tarafdan esa, kambag‘allar uchun marosimiy birxillikni majburan joriy qilib, ayrimlarning qoidalarni chetlab o‘tishiga va boshqalardan ko‘ra “zamonaviyroq” bo‘lishiga imkon berish bilan yanada kattaroq tengsizlikni yuzaga keltirmoqda. Natijada marosimlar jamoaviy ruhini yo‘qotib, yanada noteng bo‘lib qoldi.

Rasmiy ritorikadan olingan “odamlar dabdabali to‘ylarga pulni isrof qiladi” qabilidagi fikrlarga ko‘pchilik ishonsa-da, bu da’volar izoh talab qiladi. Hukumat nutqi jamiyatda keng tarqalgan qashshoqlik va marosimlardagi me’yorni e’tibordan chetda qoldiradi. Boshqa tomondan, marosimlar bilan bog‘liq dabdabali ziyofatlar va obro‘ uchun qilinadigan harakatlar o‘tmishda ham to‘yning bir qismi bo‘lgan, hozir ham shunday, biroq bugungi kunda marosimiy iste’moldagi notekislik kuchayib bormoqda. O‘tmishda marosimiy ratsionallikning “instrumental” (ijtimoiy kapital va aloqalarni to‘plashga qaratilgan) hamda “jamoaviy” (ko‘proq ijtimoiy o‘zaro manfaatdorlik va birdamlikka yo‘naltirilgan) turlari muayyan siyosiy-iqtisodiy tizim (rejali iqtisodiyot, sotsialistik taqchillik va qayta taqsimlash) tufayli rivojlangan bo‘lsa, endilikda ular oilalar va shaxslarga ko‘proq bosim o‘tkazadigan siyosiy-iqtisodiy tuzilma oldida o‘z o‘rnini boy bermoqda. Biroq O‘zbekistonning bozor iqtisodiyotiga “chala” o‘tish sharoitida iste’molchilikka asoslangan marosimiy modernizatsiya hali yakuniga yetmagan jarayondir. O‘tmishdagidek, odamlar hamon marosimlarga pul “sarflashni” istaydi, ammo hozir, hatto bir-birlaridan (Burdye, 1987) “boshqacha” sarflash orqali ajralib turishni xohlaganlarida ham, bu farq oldindan belgilangan chegaralardan chiqmasligi kerak. Mavjud ajralib turish imkoniyatlarida davlat noqulay bir rolni o‘ynamoqda. Quyida Dilshodning to‘yi misolida ko‘rsatib berganimdek, marosimlardagi tengsizlik avtoritar boshqaruvning o‘ziga xos xususiyatiga aylanib, u zamonaviylikdan bahramand bo‘lish imkoniyati notekis va cheklangan yangi ijtimoiy tartibni qonuniylashtirishga xizmat qilmoqda.

Oddiy dabdaba 

Dilshod 2009-yil iyun oyida 28 yoshida Yangiqo‘rg‘on tumanidagi o‘z qishlog‘ida uylandi. U 2008-yilgi moliyaviy inqiroz tufayli chet eldagi faoliyatini keskin to‘xtatishga majbur bo‘lgan ko‘plab mehnat muhojirlaridan biridir. U Rossiyada vaqti-vaqti bilan o‘tkazgan sakkiz yil davomida turli ishlarni qildi va mehnat migrantlari iyerarxiyasining turli pog‘onalariga ko‘tarildi. Yaxshi yillarda Moskvaning nufuzli mavzesida liftchi bo‘lib ishlab, oyiga 1000 AQSH dollari topgan va hatto ko‘plab qishloqdoshlarini ish bilan ta’minlashga ham muvaffaq bo‘lgan edi. 2009-yil boshida vataniga qaytgach, Moskvadagi ishiga qaytishni kutib, vodiyning ikki shahar markazi o‘rtasida qatnaydigan yo‘nalishli taksida vaqtinchalik haydovchilik qilib yurdi. U kuniga 3-5 AQSh dollari sof daromad topardi, bu daromad katta sinf o‘qituvchisinikiga teng edi. Uning 51 yoshli otasi ham xuddi shu ishni qiladi (sovet davrida u hozirda yopilib ketgan go‘sht kombinatida ishlagan), biroq o‘g‘lidan sal ko‘proq pul topadi, chunki Dilshodning jo‘natgan pullari evaziga o‘zi haydaydigan mashinani sotib olgan. Sovet davrida deyarli har bir voyaga yetgan erkak davlatdan maosh olgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning qishlog‘ida har 10 erkakdan atigi ikki yoki uch nafari rasmiy davlat sektoridan daromad (maosh yoki pensiya) oladi. Dilshod va otasi kabi qolganlarning bari muhojir, savdogar, dehqon yoki haydovchi bo‘lib ishlaydi. Oilaviy byudjet rasmiy daromad hisobiga ta’minlanadimi, yo‘qmi, bundan qat’i nazar, tirikchilik qilish uchun barcha oilalar mana shu daromad keltirishi mumkin bo‘lgan mashg‘ulotlarning bir nechtasi bilan shug‘ullanadi.

Dilshodning rafiqasi Go‘zaloy 50 kilometr naridagi shaharchada yashovchi, onasi tarafidan qarindoshi bo‘lgan 22 yoshli xolavachchasidir. O‘zbeklarning patrilineal oilalarida “o‘g‘illar qoladi, qizlar esa doim ketadi” degan qoida bo‘lgani uchun, ota tomondan qarindoshlar (amakivachchalar) o‘rtasidagi nikoh odatiy hol emas. Ammo onaning singlisining qiziga uylanish na shov-shuvli va na ayniqsa orzu qilinadigan holat sanaladi. Nikohlar hanuzgacha asosan ota-onalar tomonidan uyushtiriladi. Biroq, bu borada ham o‘zgarishlar ro‘y bermoqda: yoshlar an’anaviy ravishda uyat hissi bilan bog‘liq bo‘lgan bu masalada ota-onalariga nisbatan tobora ko‘proq dadillik ko‘rsatib, o‘z talablarini bildiryapti. Namangan chekkasidagi boshqa bir qishloqda menga qishloqdagilar yaqindan boshlab shahar bilan “qiz oldi-berdi” qila boshlaganini aytishdi. Biroq buning sababi yoshlarning ota-ona tashabbusiga ko‘ra emas, balki yuqori sinflarda, istirohat bog‘ida, to‘ylarda o‘zaro noz-karashma qilayotgani edi. Yosh juftliklar turmush qurishdan oldin uchrashib, bir-birlarini bilib olishni boshlaydi va ota-onalaridan to‘ylarini shunga muvofiq tashkil etishni so‘raydi. Ota-onalar farzandlari bilan maslahatlashadi. Agar o‘g‘ilning unashtirilgan qizi yoki o‘zi yoqtirgan qizi bo‘lmasa, ular o‘zlari munosib nomzod izlashga tushadi. Kelishuvga erishishdan oldin ikki oila bir-birining obro‘sini qo‘shnilardan yashirincha surishtirib, puxta o‘rganib chiqadi. Dilshod va Go‘zaloyning nikohi ham ota-ona roziligi bilan tanlov asosida qurilgan, ya’ni ular bir-birlarini son-sanoqsiz oilaviy tadbirlarda ko‘rib bilishgan va turmush qurish uchun taklif qilingan nomzodlarni ko‘rib chiqish o‘rniga, o‘zlari ota-onalaridan ruxsat so‘rashgan.

Namanganda erkaklar uchun uylanishning maqbul yoshi ayollarniki bilan bir xil (18-20 yosh), garchi ular tobora kechroq uylanayotgan bo‘lsa ham. Ko‘pincha, Dilshod kabi, ular to‘y xarajatlarini o‘zlari to‘lashga majbur bo‘lishadi, chunki tobora ko‘proq ota-onalarning bunga qurbi yetmayapti. Agar kuyovning ota-onasi yetarli mablag‘ga ega bo‘lsa, erta uylantirish afzal ko‘riladi. Ammo bugungi kunda, mustaqillikning ilk yillaridan farqli o‘laroq, 30 yoshli erkaklarning marosim uchun zarur pulni yig‘ish maqsadida bir necha yil xorijda ishlab kelib, o‘zlaridan yoshroq qizlarga uylanishi kam uchraydigan holat emas. 

Dilshodning o‘z to‘yi borasidagi istak va xavotirlarida, shubhasiz, o‘z qishlog‘i me’yorlarida munosib to‘y hisoblanadigan marosimni o‘tkaza olmaslik qo‘rquvi ustunlik qilardi. Biroq, Agar o‘g‘ilning kuyovi yoki o‘ziga yoqadigan qizi bo‘lmasa, o‘zlari munosib nomzod izlay boshlaydilar. Ikki oila kelishuvga erishishdan oldin qo‘shnilardan bilvosita so‘rash orqali bir-birining obro‘sini sinchiklab o‘rganadi. moddiy qiyinchiliklarga qaramay, Dilshodning to‘yini o‘z qishlog‘i uchun “me’yoridagi dabdabali” deb hisoblash mumkin edi. Uning ota-onasi, aka-ukalari va qarindoshlari, o‘zining (va otasining) do‘stlari hamda sobiq sinfdoshlari tayyorgarlikning har bir bosqichida madadkor bo‘lib, kuyov va uning oilasiga yaqinligiga yarasha yordam berishdi. An’anaga ko‘ra, Dilshodning otasi qudalariga qalin to‘ladi. Menga bu sovg‘ani “qoloq” bir bitim (“kelinni sotib olish”) sifatida emas, balki kelinning oilasiga ko‘rsatilgan hurmat sifatida tushunishimni so‘rashdi.6 Ammo to‘y xarajatlarining eng katta qismini, ya’ni kuyov tomoni qilgan umumiy sarf-xarajatning qariyb 70 foizini Dilshodning o‘zi qoplashiga to‘g‘ri keldi.

Dilshod va Go‘zaloy to‘y marosimidan bir necha kun oldin fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish idorasida (ZAGSda) uchrashib, nikohlarini qayd ettirishdi. Go‘zaloyning sepi va mebellari unashtiruvdan so‘ng kuyovning ota hovlisida yangi qurilgan ikki xonali uyga olib kelindi. To‘y kunlari davomida ikki xonadonda o‘tgan turli ziyofatlar uchun jami 200 kilogrammga yaqin guruch damlandi. Kelinlik libosi, go‘zallik saloni, sep va mebel xarajatlarini Go‘zaloyning savdogar otasi qopladi, u shuningdek, nikoh marosimini o‘tkazish uchun bir e’tiborli mulla xizmatini ham tashkillashtirdi. Boshqa to‘ylarda rasman ro‘yxatdan o‘tgan imom barcha zarur hujjatlarni ko‘rib chiqqandan keyingina nikoh o‘qib, diniy va fuqarolik huquq va burchlarini tushuntirardi. Bu to‘ydagi keksa mulla esa eski, “o‘zicha o‘qigan” toifadan edi. Mulla marosimni o‘tkazib, er-xotinning huquq va majburiyatlarini e’lon qildi, shu bilan birga, gender segregatsiyasi (ayollar va erkaklarni ajratish) borasida konservativ qarashlarni bildirdi, vaholanki, na Go‘zaloyning, na Dilshodning oilasi bunday qoidalarga amalda rioya qilmasdi. Go‘zalloyning sepi va jihozlari unashtiruvdan so‘ng kuyovning ota-onasining uyida yangi qurilgan ikki xonali xonadonga olib kelindi. To‘y kunlari ikki xonadondagi turli taomlarda jami 200 kilogrammga yaqin guruch pishirilgan. To‘y libosi, go‘zallik saloni, sep va mebellar Guzaloyning savdogar otasi tomonidan to‘langan, shuningdek, nikoh marosimini o‘tkazish uchun hurmatli mullaning xizmatini tashkil qilgan. Boshqa to‘ylarda ro‘yxatdan o‘tgan imom barcha zarur hujjatlarni ko‘rib chiqqandan keyingina nikoh o‘qib, diniy va fuqarolik huquq va burchlarini tushuntirgan. Bu bilan na Guzaloy, na Dilshod oilalari amaliyotga tatbiq etmagan jinslar segregatsiyasiga nisbatan konservativ qarashlarni bildirgan. Belgilangan mahr miqdori 250 000 so‘m bo‘lib, u zargarlik buyumlari ko‘rinishida berilishi kerak edi. Kuyov o‘sha kuni mablag‘i yo‘qligi sababli uni kelinga keyinroq topshirishga va’da berdi. Dilshod mahr va’dasidan tashqari suratkashlar, qishlog‘idagi kechki ziyofat, to‘y kortaji uchun mashinalar ijarasi hamda nikoh marosimidan so‘ng kelin-kuyov do‘stlari va tengdoshlari bilan muzqaymoq yeyishga borgan Namangan mikrorayonidagi yangi ochilgan kafening xarajatlarini ham qopladi. Dilshodning singlisi bu “dabdabaliroq” xarajatlar choponlar va boshqa “keraksiz an’anaviy sovg‘alar”dan afzal ko‘rilganini tushuntirdi.

To‘y kuni qilingan shuncha xarajatga qaramay, Dilshod bazmga juda kam pul sarfladim, deb xavotirda edi. Kechki ziyofatda odamlar mahalla qo‘mitasining ko‘rsatmasiga binoan yaqin atrofdagi maktabdan olib kelingan va rangli dasturxonlar bilan yopilgan bo‘sh stollarda o‘tirishardi. Ular jonli ijro o‘rniga didjey qo‘ygan musiqaga raqsga tushishdi. To‘y kortaji bor-yo‘g‘i sakkizta mashinadan iborat edi. Yaqinda chiqqan qonunga ko‘ra, mashinalar soni ko‘pi bilan 10 ta bo‘lishi kerak, ammo odamlar qarindoshlari va qudalarini lol qoldirish uchun mashina sonini ko‘paytirishni o‘zlariga or-nomus ishi deb bilishadi. Yollangan haydovchilardan birining aytishicha, “15 ta mashina — oddiy hol, ba’zilarda hatto 40 ta bo‘ladi”.

Garchi u o‘z e’tiqodi va to‘yining musulmoncha o‘tayotganiga shubha qilmasa-da, dindorlarcha to‘y o‘tkazish, ya’ni spirtli ichimliklarsiz, jonli ijrosiz, “g‘arbcha” sovg‘alar va ko‘ngilxushliklarsiz, “kelin-kuyov omma oldida birga o‘tirmaydigan” taqvodor va kamxarj to‘y Dilshodga ma’qul kelmasdi. Uning nazaricha, kurash, sozanda-yu xonandalar va ot poygasi kabi an’anaviy tomoshalar zamonaviy to‘y uchun qanchalik eskirgan va o‘rinsiz bo‘lsa, har qanday dabdabadan xoli “diniy” (ya’ni dindorlarcha) to‘y ham uning qishlog‘i, tengdoshlari va qarindoshlari uchun “gap” bo‘lmasdi.

Diniy ekstremizmda ayblanishdan umumiy qo‘rquv muhitida (Rasanayagam 2006) Makbrayen (2006) tilga olgan islomiy to‘y notiqlariga Namanganda yo‘l qo‘yilmasdi. Biroq, 2009-yili bir nechta to‘yda men shunga o‘xshash, aslida esa “hukumatparast to‘y notig‘i” vazifasini bajaruvchi kishiga duch keldim. U to‘y ahliga hukumatning bu masaladagi rasmiy nuqtayi nazarini aks ettiruvchi nutqlar so‘zlardi. Dilshodning to‘yida bu vazifani qishloqning ko‘zga ko‘ringan farzandi, shahar hokimiyatida ishlaydigan mahalliy amaldor o‘z zimmasiga oldi. U o‘zining uzun nutqida yangi kelin-kuyovning vatanparvarlik burchlarini sanab o‘tdi, uzoq duolar qildi va haligacha amalda bo‘lgan ommabop urf-odatlarning qadimiy kelib chiqishini tushuntirdi. Bundan bir necha hafta avval men o‘sha kishining viloyat markazida universitet dekanining to‘yida so‘zlagan boshqa bir nutqini eshitgandim. O‘sha safar u ziyofatning dabdabasini va mezbonning saxiyligini maqtgan bo‘lsa, Dilshodning to‘yida isrofgarchilikni qoralab, tejamkorlikni yoqlab chiqdi. O‘shanda u shaharliklarga marosimlarni qanday o‘tkazish haqida uzoq tushuntirishlar berib o‘tirmagan bo‘lsa, Dilshodning to‘yida qishloq ahli o‘z an’analari aslida qanday bo‘lganini va qanday bo‘lishi kerakligini eshitib oldi. Ba’zilar uchun bunday siyosiy ohang to‘y nutqiga yarashmasdi, lekin ko‘pchilik bu obro‘li shaharlikning tashrifidan mamnun edi, chunki bu qishloq to‘yining martabasini oshirardi.

Dilshod ulardan emasdi. Amaldorning nutqidan so‘ng kechki ziyofat davom etdi: boshlovchi to‘y mehmonlarini navbatma-navbat duo qilish va raqsga tushish uchun chaqirardi. Nihoyat, bazm oxirlab qolganda, kelin-kuyovning o‘zi ham raqsga tushish uchun o‘rnidan turdi. Mahalliy amaldor bu “yangi odat”ga aralashib, kelinning omma oldida raqsga tushishini o‘zbek to‘yiga nomunosib deb baland ovozda tanqid qildi. Dilshod raqsni davom ettirishda qat’iy turib oldi; amaldorning tarafdorlari va Dilshodning yonini oluvchilar o‘rtasida janjal kelib chiqdi. O‘sha obro‘li zotning qistovi bilan mahalla qo‘mitasi vakili chiroq va musiqani o‘chirishni buyurgach, to‘y bazmi muddatidan oldin yakunlandi.

Antropologlar nikoh va to‘y marosimlarining zamonaviylashuvini amaliyotlarning global miqyosda standartlashuvi va rasmiy yaqinlashuvi, turmush o‘rtoq tanlash va his-tuyg‘ularda individuallik hamda refleksivlikka moyillikning kuchayishi, shuningdek, madaniy o‘zgaruvchanlikning saqlanib qolishi, ayniqsa, qarindoshlik va qadriyatlar borasida (Hart 2007; Kendall 2014) muhokama qilib keladilar. O‘zbekistonda ham to‘y marosimlarining o‘zgarishi, o‘ziga xos jihatlari bilan, dunyoning boshqa joylaridagi kabi bir xil yo‘nalishda kechayotganga o‘xshaydi: tijoratlashtirish va iste’molchilik orqali "an’anaviy"likdan "zamonaviy"likka o‘tish, o‘rnatilgan gender munosabatlarining qayta ko‘rib chiqilishi, ramziy-marosimiy boylikning yo‘qolishi va an’analardan ko‘ngil sovishi, oldindan kelishilgan nikohlar o‘rnini o‘zaro rozilikka asoslangan nikohlarning egallashi, ijtimoiy mavqeni belgilash usuli sifatida "o‘rta sinfga aylanish" va iste’molga intilish.

Biroq, Dilshodning to‘yi shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi yillarda to‘y marosimi o‘zgargan, hatto "zamonaviylashgan" bo‘lsa-da, uning to‘y marosimi misolida "zamonaviy" bo‘lish ko‘proq individualist, iste’molchi va refleksiv bo‘lishni anglatmaydi, aksincha, zamon bilan hamnafas bo‘lish va dunyo bilan bog‘lanish istagini ifodalaydi. Agar Dilshodning bu intilishini mustaqillik davridagi yangi mahrumlik va marginallik sharoitlaridan kelib chiqqan deb qarash mumkin bo‘lsa, uning zamiridagi tan olinish va qabul qilinish istagi sovet davrining so‘nggi yillaridagi to‘ylarni misli ko‘rilmagan dabdabalarga undagan dinamikadan unchalik farq qilmaydi. Koroteyeva va Makarova (1998, 583) ta’kidlaganidek, "o‘zbeklar zamonaviy sivilizatsiyaga daxldor ekanliklariga ishonch hosil qilgandagina an’ana ongli qadriyatga aylandi". Shu kabi, bugungi "marosimiy dabdaba" ham individualizm ifodasidan ko‘ra, obro‘-e’tibor, ijtimoiy mavqe va tirikchilik uchun tobora qiyinlashib borayotgan kurashlarda o‘z o‘rni va yuzini saqlab qolish maqsadida zamon bilan hamnafas bo‘lishga urinishdir. Pyer Burdye (Bourdieu 1987) ma’nosidagi farqlanish uchun kurashdan ko‘ra, Dilshodning harakati o‘zining munosib (zamonaviy) to‘y haqidagi tasavvurlarini amalga oshirishiga davlatning aralashuviga qarshi qaratilgan, o‘z jamoasi doirasidagi shaxsiy "tan olinish uchun kurash"dir (Honneth 1992).

Xulosalar 

Ushbu maqolada men, bir tomondan, marosim amaliyotining mahalliy darajadagi rivojlanishini, ikkinchi tomondan esa, davlatning marosimlar hayotini (cheklovchi) qoidalar orqali o‘z nazoratiga olishini ko‘rib chiqdim. Yalchin-Xekmanning (2001) Ozarbayjon misolida aniqlagan holatlariga o‘xshab, men ham marosimlardagi iste’mol shakllarining xilma-xillashib borayotganini, tantanalarning ijtimoiy farqlanish ko‘rsatkichlariga aylanib, ijtimoiy tabaqalanish haqidagi tasavvurlarning kuchayganini aks ettirayotganini hamda orzudagi to‘y qanday bo‘lishi kerakligi haqidagi turli qarashlarning o‘zaro to‘qnashishi va bir-biriga qo‘shilib ketishini kuzatdim. Bugungi kunda an’anaviylikka qarshi (sotsialistik) merosi kuchli bo‘lgan boshqa jamiyatlar singari, o‘zbeklar ham "o‘z to‘y orzularini ro‘yobga chiqarishga" intilmoqdalar (Ma 2006). Biroq, O‘zbekistonda avtoritarizm sharoitidagi marosimlar hayotining muhim bir jihati shundaki, ham davlat, ham bozor o‘ziga xos yo‘llar bilan odamlarning marosimlar sohasidagi intilishlariga erishishlariga to‘sqinlik qilmoqda.

Sotsializmning barham topishi va bozor iqtisodiyotining joriy etilishi bilan O‘zbekistondagi xalq marosimlari va dindorlik, aslida, Sovet Ittifoqining faol sovetlashtirish siyosati davridagidan ko‘ra tezroq va keskinroq o‘zgarayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida fikrlar bildirilgan (Kandiyoti 2002, 245; Kandiyoti va Azimova 2004). Bu nuqtai nazarga ko‘ra, O‘zbekistondagi marosimlar hayotining "Islomga nisbatan rasmiy cheklovlar tufayli emas, balki jamiyatni bo‘sh vaqt va iste’molning yanada individualistik shakllari foydasiga yemirishga olib keladigan uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar tufayli barbod bo‘lish ehtimoli ko‘proq" (Kandiyoti va Azimova 2004, 343). Davlat qatag‘onlari yoki islomchilarning marosimlar dabdabasini tanqid qilishidan ko‘ra, an’anaviylikni saqlab kelgan va qo‘llab-quvvatlagan jamoalarni o‘zgartirishda "bozorsiz sovet modernizatsiyasi" (Kandiyoti 1996) shu paytgacha uddalay olmagan ishni bozor kuchlari amalga oshirishi mumkin. Keltirilgan dalillar asosida shuni aytish mumkinki, Farg‘ona vodiysidagi qishloq va shahar jamoalari bir tomondan bozor, ikkinchi tomondan esa ko‘pchilik uchun qat’iy qoidalar joriy etib, ozchilikka erkinlik berish orqali jamiyatni va uning marosimlarini qutblarga ajratayotgan tajovuzkor davlat tomonidan bir xilda yemirib borilmoqda.

Bugungi O‘zbekistonda musulmon to‘ylari bir tomondan davlatning intizomiy modernizatsiyasi orqali “yuqoridan”, ikkinchi tomondan esa yangi iqtisodiy oqimlar natijasida jamiyatning amalda zamonaviylashuvi tufayli “pastdan” modernizatsiya qilinmoqda. “Yuqoridan” va “pastdan” qarashlar “qanday bo‘lish kerak”, “qanday bo‘lishga majbur bo‘lish kerak” va “qanday qilib “zamonaviy” bo‘lishni istash kerak” kabi savollarni o‘zicha talqin qilishi bilan farqlanadi. Dilshod singari insonlar uchun bu savollar tanlov, or-nomus va e’tirof uchun kurashni anglatadi. Davlat tarafkashligidagi ishtirokchilar (masalan, Dilshodning to‘yidagi “to‘y ma’ruzachisi” va mahalla mutasaddilari) uchun esa bu — uzoq kelajakda va’da qilingan taraqqiyot pardasi ortiga ijtimoiy adolat masalalarini yashiruvchi puch zamonaviylik tushunchasini noaniq anglash demakdir.

Agar “dabdabali to‘ylar” borasidagi munozaralar zamiridagi Sharq va G‘arb qadriyatlari o‘rtasidagi yashirin “sivilizatsiyalar to‘qnashuvi” (Abashin, 1999) to‘liq hisobga olinsa, voqealar rivojidagi bu kinoya yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Bir paytlar Sovet davlati (garchi nomiga “qoloq” deb tamg‘alagan bo‘lsa-da) “Sharq qadriyatlari”ning rivojlanishiga imkon bergan bo‘lsa, bugungi mustaqil davlat o‘zining “Sharq” ildizlarini nomiga ulug‘laydi-yu, biroq jamiyat marosimlari va diniy amaliyotlariga qarshi “G‘arb” (sovetcha) qarashlari va ishonchsizligini o‘zlashtirib olgan. Natijada, davlat millat manfaati yo‘lida jamoa ishini o‘z zimmasiga olayotganini (rasman) da’vo qilgan bir paytda, aslida jamoalarning amaliyotlari va qadriyatlari mohiyatiga putur yetkazadi. Davlat mahallaning “madaniy zaxirasi”dan foydalanish orqali uni quritish bilan tahdid qilmoqda. Laura Adamsning fikricha, agar 1990-yillarda amaldorlarning “hashamatli millatchiligi” “sovet siyosatidan ko‘ngil sovishni yengish” usuli bo‘lgan bo‘lsa (Adams 2010, 97), bugungi kunda marosim millatchiligi marosimlar hayotiga aralashib, o‘zbek jamoalari ichida (va ularga nisbatan) hafsalasizlikni kuchaytirmoqda.

Bugungi O‘zbekistonni o‘tmishdan va qo‘shni mamlakatlarning hozirgi kundagi to‘y mojarosiga yondashuvidan ajratib turadigan jihat — bu repressiv davlatning tabiatidir. Markaziy Osiyoning boshqa yerlarida odamlarning “Sharqona” ijtimoiy talablarga javob berishga undovchi ijtimoiy bosimi davlatning to‘yni jilovlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini puchga chiqaradi (Reeves, 2012): masalan, Qirg‘izistonda erkinliklar ko‘proqligi sababli bo‘lsa, Tojikistonda davlatning ularni tiyib turishga qurbi yetmasligi tufaylidir (Roche va Hohmann 2011, 123). Avtoritar O‘zbekistonning vositalari esa samaraliroq va uning jamiyat ustidan nazorati kuchliroqdir. Buning natijasi o‘laroq, u jamiyat va uning marosimlariga nisbatan norozilik hamda ishonchsizlikni tobora kuchaytirmoqda.

Author

Comment
Share

Building solidarity beyond borders. Everybody can contribute

Syg.ma is a community-run multilingual media platform and translocal archive.
Since 2014, researchers, artists, collectives, and cultural institutions have been publishing their work here

About