Donate
Books

Sovet sultonligi: Sotsialistik O‘zbekistonda Islom (1943-1991)

Tarjima va Tanqid08/09/24 15:35496

Kirish

Paolo Sartori tomonidan shu yili yozib tugatilgan Sovet Sultonligi: Sotsialistik O‘zbekistonda Islom (1943-1991) kitobi 1943 yildan 1991 yilgacha bo‘lgan davrda Islom va Sovet hokimiyati o‘rtasidagi murakkab munosabatlarni o‘rganadi. Kitobda Islom Sovet hukmronligi ostida, davlatning diniy institutlarni zaiflashtirish va ateizmni targ‘ib qilishga qaratilgan sekulyarizatsiya va sovetlashtirish siyosatiga qaramay, qanday qilib omon qolib, sharoitga moslashgani tahlil qilinadi.

Muallif, ayniqsa, Markaziy Osiyo musulmonlari diniy boshqarmasi (SADUM) kabi tashkilotlar orqali Sovet islomiy hokimiyatlari diniy amaliyotlarni tartibga solish va Islomni sovet mafkurasiga mos ravishda shakllantirishga qanday urinib ko‘rganliklarini ko’rsatib beradi. Biroq, kitobda ko‘plab o‘zbekistonliklarning bu harakatlardan noroziligi, Sovet rasmiylari tomonidan joriy etilgan tor va puritancha yondashuvlarga qarshi chiqqani ta’kidlanadi.

Kitob rasmiy arxiv materiallari va Sovet O‘zbekistonining birinchi muftiylari avlodlarining shaxsiy arxivlaridan foydalangan holda, mahalliy diniy yetakchilar va oddiy musulmonlar Sovet davlatining diniy masalalarga aralashuvi bilan qanday kurashganliklarini batafsil ko‘rsatib beradi. Asar, shuningdek, ziyoratgohlarni ziyorat qilish va an’anaviy marosimlar kabi norasmiy islomiy amaliyotlarning rolini muhokama qiladi, bu amaliyotlar rasmiy qarshiliklarga qaramay mahalliy madaniyatning ajralmas qismi bo‘lib qolganligini ochib beradi.

Sovet Sultonligi O‘zbekistonda Sovet hokimiyati va Islomiy an’analar o‘rtasidagi ziddiyatlarni batafsil tahlil qilib, din, siyosat va madaniyatning Sovet davrida mintaqada qanday o‘zaro aloqada bo‘lganini yoritadi. Biz bu kitobdan faqat ikki tanlab olingan bobning o‘zbek tilidagi tarjimasini taqdim etmoqdamiz.

Chop etilayotgan kitobning original nomi: Sartori, P. (2024). A Soviet Sultanate. Islam in Socialist Uzbekistan (1943–1991).

Tarjimon: Ismoil Ilxomzoda

Ikkinchi bob

So’roq ostiga olingan sovet musulmon hokimiyati

Kirish

      1950-yilning 13-avgust tongda muftiy Eshon Boboxon O‘rta Osiyo Musulmonlari Diniy Idorasi (O‘OMDI) qarorgohiga kirar ekan, uni kutilmagan bir maktub kutar edi. Maktubni yozgan inson biroz avval Rossiya va Sibir musulmonlari Diniy boshqarmasi sobiq boshlig‘i Gabduraxmon Rasulevning janozasida qatnashgan edi.  Maktub Ufadagi janoza marosimi tafsilotlari va inson hayoti o‘tkinchiligi haqida emas, balki marhum muftiyga qarshi haqoratdan iborat edi:

            “Bizning yagona tilagimiz shuki, ushbu lavozimga haqiqatdan loyiq, kamtar va chin dindor inson kelsin. Omin. Ushbu mansabga barcha musulmonlar  manfaati uchun  jon kuydira oladigan odam tayinlansa ma’qul  bo‘lar edi.  Marhum o‘z kibr-havosining qurboni bo‘ldi.  O‘n uch yil davomida Diniy boshqarmada muftiylik qilgan bo‘lsa-da biror foydali ish qilmadi va Diniy boshqarma uchun ancha muammolarga sababchi bo‘ldi. U mansabdalik davrida Ufadagi Diniy idora binosidan qimmatbaho buyumlar o‘g‘irlandi, qo‘lyozmalar esa noyob mollar do‘konlarida sotib yuborildi.  Rossiya musulmonlari kelib chiqishi haqidagi arxiv ham o‘g‘irlandi. Bizning dakki va tanqidlarimiz esa besamar ketdi. Muftiy Rasulev hayotlik davrida pulga o‘ch,  kibrli, maqtanchoq, tamagir va hasadgo‘y inson edi. Va nihoyat uning ham qazosi yetdi. Biz aksar holatda u insondan quyidagi mazmunda xatlar olar edik: Diniy boshqarmada pul qolmadi. Pul jo‘natinglar.”

         Maktub imzolanmagan bo‘lsa-da u aniq Rossiya musulmonlarining rasmiy nomenklaturasidagilarning biridan edi. Undan tashqari kimdir bu xatni Qozog‘istonning o‘sha davrdagi qozisi Abdulg‘affor Shamsutdinov orqali Toshkentga, Eshon Boboxonovga berib qo‘yishni so‘ragan edi.  Bu maktubdan O‘OMDI raisi xavotir va hayratda edi. Muftiy tezda O‘zbekistonning  Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi (DIBQ) bosh komissari Xudoyor Iskandarov bilan shu masalani muhokama qilish uchun uchrashishni so‘radi. Boboxonovga uning ham vafotidan keyin shu tariqa gap tarqatib, uning pok nomiga dog‘ tushirishlari mumkinligi haqidagi o‘y tinchlik bermas edi. Iskandarov keksa muftiyni tinchlantirishga urinib, uning idorasiga muqarrar tanqidiy munosabatda bo‘lishini va bunday kamsituvchi gaplarga judayam ko‘p e’tibor bermaslik kerakligini uqtiradi. Biroq bu suhbatda ishtirok etgan barcha tomonlar maktubdagi ogohlantirishlarga xavotirli munosabatda bo‘ldilar. Agar diqqat bilan razm solinsa O‘OMDI ham shunday tanqid obyektiga aylanishi mumkin edi.

Eshon Boboxonovga yuborilgan anonim maktub O‘OMDIning O‘rta Osiyo musulmonlari oldidagi shaksiz obro‘yidan/hokimiyatidan darak berar edi. Ushbu bob O‘zbekistondagi axloqiy e’tirozlarni o‘rganish orqali ushbu hokimiyatning chegaralarini tadqiq qilishni maqsad qiladi. Musulmon rasmiylarni ochiq tanqid ostiga olgan turli arboblarni ko‘rib chiqishdan oldin bu yerda ba’zi tushuntirishlar berish lozim. Ba’zi G‘arb ilmiy doiralari  allaqachon O‘OMDIning musulmonlar orasida ham Sovet davlati oldida ham ahamiyatini tan olmaydilar. Qo‘g‘irchoq tomoshasidagi qo‘g‘irchoq kabi O‘OMDI ulamolari ko‘pincha davlat tomonidan maxfiy nazorat ostidagi va o‘z dindoshlari ichida obro‘ga ega bo‘lmagan sovet mansabdorlari kabi tasvirlanganlar.  Asl vaziyat butkul boshqacha edi. Birinchi avlod ulamolar Diniy idora uchun jon kuydiradigan va mahalliy jamoat va diniy tarmoqlar ustidan so‘zi o‘tadigan insonlar edilar. Buni e’tibordan qochirish kerak emas, chunki bu ulamolar O‘OMDIga aynan O‘zbekiston va O‘rta Osiyoda davlatlari yurisdiksiyasidan tashqarida faoliyat olib boruvchi boshqa tan olingan ulamolar avtoritetiga qarshi tanlab olingan edilar. 19-asr oxiri va 20-asr boshlarida tug‘ilgan, Ikkinchi Jahon urushidan keyin rasmiy mansabga ega aksariyat ulamolar 1940 va 1950-yillarda kamyob sanalgan Islom fani va maxsus ilmlarni o‘zlarida mujassamlashtirgan edilar. Jahon urushlari oralig‘i davrida Sovet davlati muhim an’anaviy institutlarni tugatish uchun turli choralar amalga oshirdi va bu harakatlar ayniqsa Islom ta’limiga qarshi qaratilgan edi. Nafaqat Islom oliy bilim yurtlari (madrasalar)  yopildi, balki Islomiy bilimlarni moliyalashtiruvchi xayriya fondlari (vaqflar)ham, (jumladan sufiylik xonaqohlari) islohotlar obyektiga aylandi va nihoyat 1928 yili butunlay tarqatib yuborildi. Ushbu choralar Islom ilmining qamroviga salbiy ta’sir ko‘rsatib, uning yoyilishi va saqlanib qolishi uchun zarur bo‘lgan resurslarni ancha chekladi. Undan tashqari 1920- yillarda mahalliy ulamolar hali ham davlat tomonidan kooptatsiyaga umid qilgan bo‘lsalar-da, 1929- yildan boshlab diniy olimlar marginallashtirila boshlandilar. 1930-yillar oxirida Katta terror davrida salmoqli miqdordagi ulamolar (aniq soni noma’lum) surgun qilinib va majburiy mehnat yoki o‘limga hukm qilinishi, sovet maxfiy politsiyasi (NKVD) ta’qibidan qochib qolganlari esa chetga, aksar holatda Afg‘oniston, Misr, Xitoy, Hindiston yoki Saudiya Arabistoniga chiqib ketishlari ortidan vaziyat yanada yomonlashdi. Ularning urush oralig‘idagi va Ikkinchi jahon urushi davrida boshgan kechirgan qiyinchiliklarini hisobga olsak, bu ulamolarning  Markaziy  Osiyo musulmonlari orasidagi obro‘lari O‘OMDIda faoliyat boshlashlari bilan pasayib qolmadi.

     Bu bob asosan 1982-1991 yillarda O‘OMDIning fatvolar bo‘limida va Sovet Ittifoqi  tarqaganidan keyin hozirgacha  ma’lum tanaffuslar bilan O‘zbekiston musulmonlari Diniy idorasida turli lavozimlarda ishlagan Abdulaziz Mansurning shaxsiy arxivlari orasidan topilgan xatlar to‘plamiga asoslanadi. Bunday maktublar o‘z shakli va mazmuniga ko‘ra Islom fiqhi va axloqiga, O‘OMDI chiqargan ba’zi qarorlarga, shikoyatlar va O‘zbekistondagi turli diniy guruhlar o‘rtasidagi nizolarga oid savollardan iborat. Qizig‘i ularning ba’zilari Diniy boshqarmaning  murojaatchilarga sovetcha-o‘zbekcha byurokratik tilda qisqa shakldagi bergan javoblarni ham o‘z ichiga oladi. Biroq aksariyat murojaatlar javobsiz qolgan. Men ushbu kompozitsion uslubning yuzdan ortiq namunalarini ko‘rib chiqdim.

     Ushbu yozishmalar bilan yuzaki tanishuv ham ularning ulkan tarixiy ahamiyatini baholashga yetarli bo‘ldi. Bu yozishmalar post-Stalin davrida Markaziy Osiyo dindorlarining Islom haqidagi tushunchalarining ko‘p jihatlarini yoritib beradi. Aniqroq aytganda, ular ko‘plab o‘zbeklarning Sovet islomiy hokimiyatlarining diniy amaliyotlarga nisbatan tor, puritancha va haddan tashqari me’yoriy yondashuvidan noroziligini yoritadi, bu amaliyotlar esa aslida mahalliy madaniyatning chuqur ildiz otgan tarkibiy qismi sifatida keng qabul qilingan edi. 1960-yildan 1980-yillargacha muftiyat devonxonasiga yo‘llangan aksar murojaatlar shuni ko‘rsatadiki, o‘zbekistonliklarning ancha qismi O‘OMDIning shariat nuqtayi nazaridan mumkin emas deb e’lon qilgan ziyoratgohlarga borish va jamoaviy xotirlash va zikr amaliyotlari kabi marosimlarni  taqiqlash siyosatiga ochiqchasiga qarshi chiqishgan.

     Birinchi bobda ko‘rib chiqqanimizdek O‘OMDIning bunday siyosatni amalga oshirish vositasi fatvolar bo‘lib ular barcha joylarda, misol uchun kolxoz va qishloq joylarda yashovchi aholi orasida tarqatilgan. Ularni Juma ma’ruzalarida o‘qib eshittirishgan. Bunda imomlar O‘OMDI vakillari sifatida fatvolar mazmunini qavmga tushuntirib berishgan. Shunisi qiziqki, mahalliy musulmonlar ma’lum marosimlarning taqig‘i borasidagi muammo bo‘yicha muftiyatdan qo‘shimcha tushuntirishlar talab qilishgan. Shu davrgacha chiqarilgan fatvolarning mahalliy musulmonchilik konsepsiyasidan uzoqligini shundan anglash mumkinki, o‘zbeklar muftiyga imomlardan eshitganlarimiz rostmi deb aniqlashtirib olar edilar. O‘OMDI va O‘rta osiyolik musulmonlar orasida g‘oyaviy va madaniy bo‘shliq mavjudligini muftiyatning bir qolipdagi javoblari ham tasdiqlaydi. Murojaatchilarni muftiyatning bunday munosabati qoniqtirmas edi va ularning hafsalalarini pir qilar edi. Haqiqatdan ham O‘OMDIning javoblari shundan iborat bo‘lardiki, bu murojaatchilarni o‘sha joylardagi mahalliy raykom a’zolariga, imomlarga yoki mahalla kengashi vakillariga murojaat qilishga va dindorlarni bezovta qilayotgan o‘sha fatvolarni yana bir bor ularga tushuntirib berishga chaqirar edilar. O‘OMDIning butun faoliyati mobaynida bunday dinamikaning qaytarilaverishi bizni o‘yga cho‘mdiradi, zero bu uning a’zolarining diniy tafakkurga ta’sirning muqobil strategiyasini ishlab chiqish, pirovardida musulmonlarning o‘z tutumlarining o‘zgartirish layoqatiga ega emasliklarini ko‘rsatadi. Chindan ham O‘OMDI rahbariyati dastlabki bosqichda ular masjidlar ustidan to‘liq nazoratga ega emasliklari va uning ustiga ularning fatvolari dindorlarning hafsalalarini pir qilishi mumkinligini tushunib turar edi. Avvalgi bobda ko‘rganimizdek, O‘OMDI 1952-yildayoq o‘z qo‘l ostidagi jome masjidlarda xizmat qiluvchi imom-xatiblar uchun o‘zbek va arab tillarida xizmat farmoyishi chiqaradi. Unda irim-sirimlarni tarqatuvchi va noqonuniy faoliyat olib boruvchi shaxslarning ta’siri tan olinadi. Jumladan, O‘OMDI juda kam sonli odamlargina eshonlarga qarshi fatvolarni qo‘llab-quvvatlashlarini bilar edi. Shunga qaramasdan rahbariyat imomlarga bu fatvolarni qayta-qayta e’lon qildirishdan boshqa  yaxshi chora topa olmadilar. Bu barcha xodimlardan uning mazmunini o‘zaro muhokama qilishlarini va bu fatvolarning ahamiyatini dindorlarga tushuntirib berishga ma’lum muddat talab qilar edi. Boshqacha qilib aytganda, O‘OMDIning yot fikrga qarshi yagona uslubi g‘oyaviy singdirish orqaligina edi. Bu esa “allaqachon tarqatib yuborilgan jangovar xudosizlar Ittifoqi” ning vazifasini o‘ziga olgan “Bilim” jamiyati kabi tashviqot tashkilotlari  qo‘llaydigan taktikaning o‘zi edi.

     Ushbu taktikani qo‘llay turib O‘OMDI hududlardagi imomlarga bergan o‘z vakolati darajasini to‘g‘ri baholay olmadi va ularga o‘zining ma’naviy majburiyatini ham yuklab qo‘ydi. Bunday yondashuv ko‘zda tutilmagan ikkita oqibatga olib keldi. Birinchidan, bu imomlarni  jamoat qabul qilishni istamagan tamoyillarni tarqatish mas’uliyatini bo‘yniga olgan haq-huquqsiz korporativ guruhga aylantirib qo‘ydi. Ikkinchidan, yanayam muhimi,  bu rasmiy musulmon doiralari va dindorlar orasidagi g‘oyaviy bo‘linishni kuchaytirdi.

O‘OMDI siyosati natijasida yuzaga kelgan chigallikni yechishda Sovet rasmiylari islom axloqiy ko‘rsatmalarini topishda ajoyib topqirlik ko‘rsatdilar. Musulmonlar odatda Qur’on, Sunnat va aqida ilmidan yaxshi xabardor bo‘lganliklari sababidan mullalardan maslahat so‘rar edilar. Shunday qilib, ular islomiy axloq va me’yorlar bilimlarining ramzi sifatida ko‘rilganlar. Buni biz muftiyga yuborilgan xatlarda diniy masalalarda O‘OMDIning xodimlaridan farqli fikr bildiruvchi otin oyilarni ham Islomiy idora  xodimlari sifatida atashlarida ko‘rishimiz mumkin. Musulmonlar ko‘z o‘ngida otin oyilar ham kezi kelganda Islomiy manbalarga murojaat qila oladigan shaxslar sifatida gavdalanganlar. Markaziy osiyoliklar otin oyilarni xos bilimlar egasi bo‘lgan ulamolardan kam sanamaganlar. Shuning uchun erkaklar dominantlik qiluvchi O‘OMDI va faoliyati deyarli sezilmaydigan otin oyilar orasini sun’iy ajratish zarurati yo‘q. Shu va to‘rtinchi bobda guvoh bo‘layotganimizdek, vaziyat ancha murakkab edi. Umid qilamanki, bu maktublar Islomning sobiq Ittifoqdagi epistemistik konturini qayta aniqlashtirish uchun material berishini kitob o‘quvchilari anglab yetadilar. Darhaqiqat, muftiyatga yuborilgan murojaatlarda keltirilgan voqealar Sovet Ittifoqi sovet fuqarolarining kundalik hayotida muhim ahamiyat kasb etgan shariat va musulmonchilik kabi tushunchalar mohiyati ochib berilgan epistemistik  xilma-xillikka keng o‘rin berganini bildiradi.

     Bu bobning maqsadi ikki yoqlama. Birinchidan, men Ikkinchi Jahon urushidan keyingi O‘zbekistondagi turli islomiy manbalar o‘rtasidagi murakkab munosabatlarga bu maktublar qanday yordam bera olishiga oydinlik kiritishini o‘rganmoqchiman. Mening ikkinchi maqsadim, dindorlikni, ayniqsa diniy rasm — rusumlarni tartibga solishda O‘OMDIning tashabbuslariga sovet musulmonlarining ba’zi murakkab javoblarini ko‘rib chiqish. Men buni shu vaqtgacha mintaqa tarixchilarining e’tiboridan chetda qolgan, o‘zbeklarning oddiy pochta orqali Diniy boshqarmaga jo‘natgan,  ba’zan bevosita muftiyga yuborilgan maktublaridan iborat materialni taqdim qilgan holda amalga oshirmoqchiman. Men sovet musulmonlarining Islomga nisbatan sovet siyosatining passiv qabul qiluvchi emas balki, Eren  Tasar aytgandek, Sovet Markaziy Osiyosi “Islom sohasi”ni belgilovchi aktiv ishtirokchi siymosini chizishga umid qilaman. Men bu bobga turli maktublarning matnlarini kirgizib ketaman. Matnlar joylashuvi xronologik tarzda bo‘ladi. Chunki men 1960, 1970 va 1980-yillarni ketma-ketlikda qamrab olaman. Bu tizimlashtirish Tasarning “Sovet va Muslim” kitobida keltirilgan davriylikka mos keladi.  Tasarning kitobi Xrushev davrining muqaddasotlarga sig‘inish bilan bog‘liq diniy amaliyotlarga qarshi kurash o‘n yilligi sifatida, 1970-yillarni dindorlikni oshkora namoyish qilishni cheklash epoxasi, 1980- yillarni esa, Hanafiy an’analilarning avtoritetlarini ochiqchasiga mensimagan yangi diniy voizlar (aksar hollarda vaxxobiylar, mullavachchalar kabi kamsituvchi nomlar bilan atalgan)guruhlarining mashhurlikka erishishi sababli relaksatsiya davri sifatida tasniflaydi. Bobning oxirgi qismi shuni ko‘rsatadiki, 1980-yillarda jamoaviy musulmon tasavvurida O‘OMDI o‘zi vakil bo‘lgan saylovchilaring diniy ehtiyoj va  tuyg‘ularidan uzoqlashib ketdi. Undan tashqari o‘zbeklar O‘OMDIning taqvodorlik intilishlari va Farg‘ona vodiysi vahhobiylari orasidagi o‘xshashliklarni payqay boshladilar. Bu esa O‘zbekistonning eng mashhur ulamolaridan biri marhum shayx Muxammad Sodiq Muxammad Yusuf (1952-2015) tomonidan bildirilgan postsovet O‘zbekistonida musulmon olimlar uchta turli guruhlarga: Hanafiy an’anachilar, mullavachchalar (vaxxobiylar) va davlat mullalariga  (O‘OMDI a’zolari) bo‘linib qolganliklari haqidagi versiyalarini yanada murakkablashtiradi.

        Agar bizning manbalarimizda aks etganidek, ularni mahalliy diniy jamoat nuqtayi nazaridan qarasak, 1980-yillarda respublika darajasidagi o‘zbek ulamolarining “saylov okrugi” asosan ikki qismga ajralgan edi. Bir tomondan urf- odatlar sifatida qabul qilinuvchi diniy marosimlarni abadiylashtirgan holda Hanafiy fiqh maktabini saqlab qolganlar. Boshqa tomondan bunday marosimlarni politeizm ko‘rinishi sifatida baholab, dindorlarni ulardan voz kechishga chaqiruvchi, asosan fundamentalistik yondashuvdagi olimlar ham bor edi. Ulamolar orasida bunday bo‘linishlarga olib keluvchi aqidaviy nizolar 1970-yillar oxirida Farg‘ona vodiysida bo‘y ko‘rsata boshladi. Bu bilan bog‘liq hujjatlar nisbatan yaxshi ma’lum va bir necha bor eslab o‘tildi. Biroq yanada ko‘proq muhokama va o‘rganishni talab qiladigan  fakt shuki, bunday bo‘linish Markaziy Osiyoda ancha avval ro‘y bera boshlagan va bu puritanistik hamda fundamentalistik qarashlar O‘OMDIning siyosatini belgilay boshlashi bilan muhim ijtimoiy ahamiyat kasb eta boshladi. Shuning o‘zigina bu bo‘linishning bugungacha bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatini baholashga yordam beradi.

Xushlanmagan  raqobat

Ikkinchi jahon urushidan keyin O‘zbekistonda dindorlar O‘OMDIning Toshkentdagi va uning joylardagi vakillariga muqobil hisoblagan boshqa Islom ulamolari ham mavjud edi. Bunday muqobil shaxslarning islomiy tushunchalari O‘OMDI tomonidan chiqarilgan fatvo va mavizlardan g‘oyaviy uzoq edi. Haqiqatdan ham O‘zbekistonning qishloq joylaridagi jamoaviy hayotni yorituvchi chop qilinmagan sovet etnografiyasini qarab chiqar ekanmiz, biz O‘OMDI tomonidan shakllantirilgan dindorlikdan ko‘ra, maqsadlari islomlashgan ma’lum an’analarni saqlab qolishga intilgan demografik guruhlar hissiyotlariga yaqinroq dindorlikni aniq gavdalanishini kuzatishimiz mumkin. Bunday tipdagi musulmonchilikni hayotga tatbiq qilish variantlarini Markaziy Osiyoning istalgan qishloq rayonlarida uchratish mumkin. Muqobil shaxs sifatida O‘OMDI xodimlari va o‘z-o‘zidan qonuniy faoliyat ko‘rsatgan maqbaralarning ish yurituvchilari ham bo‘lishlari mumkin. Biroq diniy faoliyatlari taqiqlangan, O‘OMDI tomonidan ruxsat berilmagan, demak noqonuniy, ammo baribir mahalliy miqyosda obro‘ga ega insonlar ham bor edi. 

Bunday  ro‘yxatdan o‘tmagan diniy shaxslar guruhi ancha keng tarqalgan edi. Ularga misol sifatida avval masjid imomi bo‘lgan, ammo keyinchalik ularning o‘rniga O‘OMDI tomonidan boshqa imom tayinlanishi natijasida o‘z ishidan ayrilgan sobiq imomlarni keltirsak bo‘ladi. Lekin bu guruhga o‘zlariga ortiqcha e’tibor jalb qilmaydigan, jimgina kolxozlarda ishlab yurib hatto davlatdan ruxsat olmay diniy marosimlarda xizmat qilib yuruvchi insonlar ham mansub edi. Keling, bu hodisalarning miqyosi va qanchalik keng yoyilganligini baholash uchun DIBQning 1956-yilda partiya rahbariyatiga bergan maxfiy xatini o‘qib ko‘raylik.  Unda aytilishicha, O‘zbekistonda 90 ta rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan masjidlar bilan birga 200 dan ziyod ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat olib boruvchi musulmon jamoatlari mavjud. Albatta, bu raqamlar DIBQ nazorati ostida ish yuritgan masjid qavmlarini o‘z ichiga olmaydi. Sirasini olganda DIQB rahbari Polyakov komissiyaning o‘zbek a’zolari Xorazmdagi noqonuniy masjidlar holati haqida biror jo‘yali ma’lumot bera olmaganliklaridan noligan edi. Aynan shu tarzda u bevosita DIBQning Samarqanddagi komissari Toshkenboyevga u tomonidan taqdim etilgan ma’lumot haqiqatni aks ettirmasligidan shikoyat qiladi. Uning aytishicha, har birida o‘ndan ortiq qishloq yig‘ini bo‘lgan 5 ta rayonda atigi 5 ta musulmonlar qavmi bo‘lishi ishonarsiz. Vaziyat Xrushchev rahbarligi davrida ham unchalik o‘nglanmadi.  DIBQning ma’lum qilishicha, 1963-yilda birgina O‘zbekistonning o‘zida xatna qilish marosimidan boshlab kolxozlarda juma namozlarini o‘qib berishdan iborat turli diniy tusdagi marosimlarni amalga oshiruvchi 1056 ta noqonuniy mullalar mavjud bo‘lgan.  Aslida beshinchi bobda batafsilroq ko‘rganimizdek, kolxozlar ro‘yxatdan o‘tmay faoliyat yurituvchi mullalar uchun himoya joylari sifatida ko‘rilgan va kolxoz raislari odatda ularning xizmatlari uchun davlat yeridan ajratib berganlar.  Men ko‘zdan berkitilgan imomlar haqida gapirganda to‘g‘ri ma’noda  berkitilganliklarini nazarda tutaman. 1982-yili DIBQning  Samarqanddagi komissari Urgut rayonining Pravda kolxozida imom sifatida ishlagan Dilmurod haqida ma’lumot beradi. Mahalliy qishloq sovet kotibi, Kommunistik partiya a’zosining otasi Dilmurod  mahalliy hukumatga ancha yillar davomida noqonuniy imomlik faoliyatidan olgan daromadidan soliq to‘lovchi sifatida allaqachon ma’lum edi. 

Eren Tasar ta’kidlashicha, O‘OMDI noqonuniy ulamolar ko‘rinishidagi bunday yoqimsiz raqobatga bir necha bor duch kelgan va O‘OMDIning ayrim fatvolari oddiy musulmonlarni bunday noqonuniy mullalardan uzoqlashtirish uchun qilingan keskin urinishlarni aks ettiradi. Darhaqiqat, 1970-yilda muftiy Ziyouddin Boboxonov tomonidan Markaziy Osiyoning rasmiy masjidlariga yuborilgan xizmat farmoyishini boshqacha talqin qilish qiyin. Unda hukumatni oldindan ogohlantirmasdan juma kunlari va boshqa diniy bayramlarda jamoat namozlarini o‘qish ham shariatga, ham sovet qonunlariga zid ekanligi ta’kidlangan. Shunga qaramay, ayrim mahallalardagi ba’zi norasmiy diniy xodimlar rasmiy masjidlardan foydalanishni rad etgan holda juma va boshqa bayramlardagi ibodat hamda boshqa marosimlardan tushgan daromadlarni o‘zlashtirish holatlari ham kuzatilgan. Hatto bunday norasmiy imomlar fitr-sadaqa ehsonlarini noqonuniy tarzda yig‘ib olganliklar va bu harakatlari bilan Islom dini obro‘siga putur yetkazayotganliklari, buni O‘OMDI nomidan amalga oshirayotganliklari haqida dindorlarning shikoyatlari ham mavjud. Payg‘ambar Muhammad s.a.v. davrlarida bunday noqonuniy o‘zlashtirish holatlari Payg‘ambarning o‘zlari tomonidan qattiq jazolangan. An’anaga ko‘ra, Muhammad s.a.v. bunday o‘g‘rilik mollarni davlat xazinasi foydasiga musodara qilganlar. Shariat va Islom dini manfaatlarini ko‘zlab, masjidlarning rasmiy ma’muriyati bunday o‘zboshimcha diniy xodimlarning noqonuniy harakatlarini nazorat qilib, ular haqida Diniy boshqarmaga xabar berib turadi.

1970-yillarda vaziyat aniq nazoratdan chiqib ketganligi sababli, sovet hokimiyati noqonuniy diniy ulamolarni keng ko‘lamda o‘z saflariga jalb etishdan boshqa iloj topa olmadi. Ko‘p hollarda O‘zbekiston Musulmonlari Diniy Idorasi (O‘MDI) va Din Ishlari bo‘yicha Qo‘mita (DIQ) vakillari qishloqlarga borib, noqonuniy mahalliy mullalarni to‘plab, ularga qonuniy faoliyat yuritishning afzalliklari haqida tushuntirish ishlari olib borganliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uchratishimiz mumkin.

O‘OMDI uchun alohida muammo manbai sifatida otinoyi va parixonlar va aniq vaziyatlarda diniy xizmat ko‘rsatuvchi boshqa shaxslarni keltirishimiz mumkin. Muqaddas manbalar va Markaziy Osiyoning boshqa islomiy an’analari bilimdoni sifatida ular ko‘pincha jamoaviy ibodatlarni (ayniqsa ayollar uchun) o‘tkazib berganlar. Bundan tashqari, ular janoza marosimlari, yomg‘ir so‘rash duolarida muhim o‘rin tutganlar va fidya amalini ya’ni, Ramazon oyida ro‘za tutishga imkonsizligi kafforati uchun muhtoj odamlar uchun ehsonlarga ham bosh-qosh bo‘lganlar.

O‘OMDI bunday otin-oyilarni erkin holda kezib yuruvchi mulla va shayxlar qatorida ko‘rgan. Ushbu bobda biz bunday yondashuvga qat’iyan qarshi chiqqan otin-oyilar va ularni himoya qilgan dindorlarning ovozlarini eshitamiz. Men 1958-yili Nikita Xrushchev tomonidan boshlab berilgan dinga qarshi kampaniya davrida muftiy Ziyovuddin Boboxonovga otin-oyi tomonidan yo‘llangan xatni to‘liq keltirish bilan boshlamoqchiman. Maktub 1962-yilda bitilgan:

Men Madinabonu Tursunxo‘ja qizi, yoshim 72 da. Qur’onni to‘liq yod olganman va diniy ta’limni rahmatli otam Tursunxo‘ja qoridan olganman.  To‘rtta farzandim, o‘n ikkita nabiram va uchta abiram bor. Oilamiz hech qachon davlatga qarshi chiqmagan. Erim Qizil Armiyaning old saflarida xizmat qilgan. Marhum otam odamlarni doim tinch-totuv yashashga undab kelganlar. 1943-yilda sovet hukumati dinga ruxsat bergach, diniy savodim tufayli otin oyi sifatida faoliyat yurita boshladim. Qur’on o‘qishni, odob-axloqni o‘rganishni va ibodatlarni shariatga muvofiq bajarishni istovchilarga ta’lim berib kelmoqdaman. Ko‘plab oilalarni ajralishdan saqlab qolganman. Agar bilimimni tekshirmoqchi bo‘lsangiz, marhamat, men tayyorman. Biroq yaqinda meni, yoshim ulug‘ligiga qaramasdan, tuman militsiya bo‘limiga chaqirib, do‘q-po‘pisa qilishdi. Keksaligimni hisobga olmasdan obro‘yimni yerga urishdi, bu esa sog‘lig‘imning yomonlashuviga sabab bo‘ldi. Ularga nima yomonlik qildim? Ulardan siz chiqargan "otin-oylik shariatda yo‘q" degan fatvoni eshitib, hayron qoldim. "Qaysi biringiz shariatni yaxshi tushunasiz? Kim sizga bunday fatvo berdi?" deb so‘raganimda, "muftiy hazratlari" deb javob berishdi. Shu gap rostmi? Agar payg‘ambarimizning qizlari ham boshqa qizlarga bilim bergan bo‘lsalar, sizningcha, ularga ergashish shariatga zid ekan-da? Yoki hozir sizlarda faqat qizlar uchun madrasa bormi? Nima uchun ayollarni ilm nuridan mahrum qilmoqdasiz? Axir davlat ham ayol va qizlar uchun Xalqaro xotin-qizlar kuni deb ataluvchi 8-mart bayramini joriy etdi-ku. Ayollarga hurmat ko‘rsatish, albatta, maqtovga sazovor, ammo ularni ilmdan mahrum qilish to‘g‘ri emas. Sizga Allohning salomi va rahmati bo‘lsin.

Madinabonu ham 1960-yillardagi ko‘pchilik O‘zbekiston fuqarolari singari sovet musulmonlaridan biri edi, biroq u o‘ziga xos sovet musulmoni tipini mujassamlashtirgan edi. Maktubning boshidayoq u o‘z oilasining dog‘siz sovet vatanparvarligi sharafidan faxrlanishini bildiradi.  Shu bilan birga u o‘zining diniy mansubligidan ham voz kechmaydi va ochiq-oydin otin-oyi ekanligini ta’kidlaydi. Madinabonu uchun bu mamlakatda faoliyat yurituvchi ikkita madrasadan birortasiga ham kira olmagan ayollarga Islom bilimlarini o‘rgatishni o‘z zimmasiga olishni anglatardi. Madinabonu shuningdek, o‘zining ma’naviy o‘rnini ham yaxshi tushunardi: u Qur’on ilmi, Islom aqidasi va shariat ahkomlari kabi maxsus bilimi tufayli dindoshlari orasida obro‘ga ega yoshi ulug‘ onaxon edi. Bu uning sovet musulmonlari muftisining obro‘sini ochiq muhokama qilgan maktubning so‘nggi qismida yanada yorqinroq namoyon bo‘ladi. Uning tanqidi keskin edi. Sovet hukumati nazarida otin-oyilar salbiy maqomda bo‘lib turgan va O‘OMDI ularni noqonuniy mullalar bilan bir qatorga qo‘yib turgan bir paytda, Madinabonu Muftiyning faoliyatini shariatga xilof deb atagani uchun undan qattiq ranjigan edi. U bu fikrga payg‘ambarimizdan misol keltirgan holda e’tiroz bildiradi. Ayni vaqtda u gender masalalarini ham tilga olib, muftiyga sovet hokimiyatida ayollarning o‘z fikrlarini ochiq bayon etish huquqlari borligini ham eslatib o‘tadi. Xatdagi so‘nggi jumla — "Fikrimiz shu" — muftiyga qariyb ochiq da’vat bo‘lib, sovet ayoli va musulmon olimaning chaqirig‘i kabi yangraydi. Haqiqatdan ham hayratlanarli joyi shuki, Madinabonuning musulmoncha va sovetcha dalillarni mohirlik bilan qo‘llay olishidadir: u ayollarni ilmdan to‘smaslik haqidagi hadislarni keltirishi ham mumkin edi, ammo u buning o‘rniga nafaqat Xalqaro Ayollar kunini misol keltiradi, balki bu bayramning sovet hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini ham ta’kidlab o‘tadi. Bunday bir epistemadan boshqasiga o‘ziga xos osongina o‘tish — bu shundan dalolat beradiki, sovet musulmonchiligi o‘z-o‘zidan alohida bir dunyo edi.

     Atigi bir necha yil o‘tib, boshqa bir ayol 1969-yili O‘OMDIning fundamentalizmidan bezganligini bildiradi. Biz so‘z yuritmoqchi bo‘lgan ayol Qumrixon Otaxon qizi bo‘lib, u Markaziy Osiyo xalqlari orasida Zangi Ota nomli avliyo zot nomi bilan mashhur bo‘lgan Toshkent viloyatining Zangi-Ota qishlog‘ida istiqomat qilgan. Qumrixon Otaxon qizining ushbu maktubi O‘OMDIning ziyoratgohlarga borishga qarshi chiqargan fatvosiga nisbatan norozilik edi. Mana uning xati:

        Har yili Navro‘z bayramini nishonlash paytida biz qo‘shni ayollar bilan birgalikda ziyoratgohlarga boramiz. Ziyoratimizni Zangi Bobodan boshlaymiz, keyin Sulton Bobo va Turkiston qadamjolarini ziyorat qilamiz va so‘ngra uyimizga qaytamiz. O‘z jamg‘armalarimizdan imkon qadar nazrlar qilamiz. Kichik zikr va ba’zan satr amallarini bajaramiz. Bu bizga momolarimizdan qolgan urf-odatlar. Endi imomlarimizdan eshitishimizcha, bunday ziyoratlar va chin dildan qilgan nazr-niyozlarimiz befoyda emish va bular haqida shar’iy kitoblarimizda hech narsa yozilmagan emish. Shu gaplar haqiqatmi? Bularning nima zarari bor? Mening katta opam otin-oyi bo‘lgan va shariatdan ham xabardor edi, lekin bu haqda hech narsa demagan edi. Endi shu masalada sizdan javob kutib qolaman. Ushbu maktubni men nabiram bilan birga yozib, imzoladik.

      Qumrixon Otaxon qizining xati ikki tarafdan qiziqarli. Birinchidan, biz uchinchi bobda batafsilroq ko‘rib chiqadigan maqbaralarni ziyorat qilish Sovet O‘zbekistonida alohida shaxslarning ishi emasligini bilib oldik. Bu atama o‘zi ancha keng jamoaviy marosimlarni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, u so‘fiylik bilan bog‘liq zikr va sadr kabi marosimlar bilan birga amalga oshirilishi mumkin ekan. Maktubdan yana shu narsa anglashiladiki, muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish mahalliy ziyoratgohlar bilangina cheklanmasdan, kamida yilda bir marta uzoqroq masofada joylashgan ziyoratgohlarni ham qamrab olgan. Bunday ziyoratlar nafaqat moliyaviy jihatdan, balki moddiy-texnik tomondan ham yaxshigina tayyorgarlikni talab qilgan.  Masalan, Qumrixon Otaxon qizi kabi ziyoratchilar bilan to‘lgan avtobus Qozog‘iston SSR va Qoraqalpog‘iston ASSR kabi respublikalarning chegaralarini kesib o‘tishi kerak bo‘lgan. Bu maktubning boshqa tomondan ahamiyatliligi shundaki, u O‘OMDI rahbariyatining ma’naviy nufuziga soya soladi. Bu O‘OMDI fatvosining mahalliy imomlar tomonidan to‘g‘ri yetkazilganligini shubha ostiga oladi. Bundan tashqari, hatto mahalliy imomlar fatvoni to‘g‘ri yetkazgan bo‘lsalar ham, Qumrixon Otaxon qizi uchun bunday qadamjolarni ziyorat qilishning aynan nimasi shariatga mos emasligi hali ham noaniq edi.  Maktubda ko‘rayotganimizdek, uning shubhalariga asos bo‘lib muftiyatga qarshi bo‘lgan katta opasi, noqonuniy otin-oyining fikrlari xizmat qilgan.

Ammo javob sovet byurokratiyasiga xos bo‘lgan bir qolipdagi so‘zlarning takroridan iborat edi: "Toshkent qozisi va Zangi-ota masjidi imomi mahalla vakillari bilan uchrashib xalqning savollariga aniqlik kiritsin. Muftiy hazratlari tomonidan chiqarilgan fatvolar nusxasidan o‘zlari bilan olib yuqorida ko‘rsatilgan insonlarga tarqatib chiqishsin. Masalani sovet qonunchiligi va shariatga muvofiq ravishda mahalla miqyosida tushuntirib bersinlar." Shu yerda tabiiy savol tug‘iladiki, odatiy targ‘ibot usullariga murojaat qilish O‘OMDIga odamlar tanqididan qochish uchun bir hiyla emasmikin? Agar rostdan shunday bo‘lsa, u holda ular bunday strategiya muvaffaqiyatsizlikka uchrashi aniq ekanligini bilishlari kerak edi. DIBQ bilan yaqindan hamkorlik qilgan holda O‘OMDI bu targ‘ibotning qanchalik cheklanganligi haqida kuzatish imkoniga ega bo‘lgan.

Quyidagi ikkita maktub bilan biz 1970-yillarga qaytamiz. Endigina qizidan ayrilgan motamsaro ona tomonidan yozilgan birinchi xat mahalliy dindorlar orasida keng tarqalgan motam marosimini o‘tkazishda onani ayblagan O‘OMDI vakili, ya’ni imom ustidan yozilgan shikoyatdir. Ushbu shikoyatdan shu ma’lum bo‘ladiki, O‘OMDI bu marosimlar ayolning o‘zligi va uning hissiy olami bilan bog‘liqligini tushuna olmagan: agar ona ma’lum marosimlarni bajarish uning yaqinda yo‘qotgan qizining qabr hayoti uchun xayrli deb qattiq ishonsa, nima uchun davlat uni buning aksiga undashga harakat qilishi kerak? Va buni nimaga asoslanib qilishi kerak? Qizig‘i, bu holatda ham O‘OMDI va uning joylardagi vakillari, ya’ni imomlarning obro‘si otin-oyining fikriga tayanib shubha ostiga olinmoqda.

      Toshkent viloyati Bekobod tumani. 1971 yil. Hurmatli qozi va imomlar rahbariga. Men, Bunisa Majid qizi, uch yil avval nafaqaga chiqdim. Mening katta qizim yaqindagina vafot etdi. Dardimni kimga aytay? Qaysi eshikka bosh uray? Qizimning xotirasiga va oxiratda savob topishi uchun biz ota-bobolarimizdan qolgan marosimlarni o‘tkazishni boshladik.  Qizim vafotidan keyin biz uchinchi va yettinchi kuni ma’rakasini o‘tkazdik. Qizimning qirqini o‘tkazganimizdan keyin imom domla uyimizga kelib aytdiki, qilayotgan barcha ishlaringiz befoyda. Sizning barcha ma’rakalaringizdan qizingizga hech qanday savob yo‘q. Bizning otin-oyimiz esa aksincha, shunday qilish kerak, chunki aynan shu xudoyilarda Qur’on o‘qiladi, deb aytdi. Va bularning hammasi savob bo‘ladi, dedi. Biz endi nima qilaylik? Agar bizning ota-bobolarimizdan qolgan odatlarimiz bir lahzada bekor bo‘lsa va imomlarimiz aytganidek bu marosimlarimizning savobi o‘tganlarimizga yetib bormasa, bu bizning dardimizni battar oshiradi. Biz kimga quloq solaylik, biri unday desa, boshqasi bunday deydi. Men imom domlamizning gaplaridan qattiq ranjidim. Iltimos, menga bularning barchasini tushuntirib bering. Sizdan o‘tinaman, mening iltimosimni e’tiborsiz qoldirmang. Bunisa Majid qizi.

      Keyingi maktub Toshkent shahridan kelgan. 1970-yillar oxirlarida yozilgan xatda Makkaga Haj ibodati uchun borishga ruxsat so‘rab Diniy boshqarmaga bir necha marta ariza bilan murojaat qilgan Robiya ismli ayolning hikoyasi bayon etilgan. Biroq O‘OMDI tomonidan Xijozdagi muqaddas joylar ziyoratiga ayollarga hech qachon ruxsat berilmagan degan bahona bilan uning murojaati qondirilmaydi. Shubhasiz, bunday fikr tarixiy nuqtayi nazardan asossiz va shu sababli ham noto‘g‘ridir. Har holda, Robiya o‘z maqsadiga erishish uchun turli yo‘nalishda harakat qiladi. Bir tomondan, u o‘tmishda ayollar ham Haj amalini bajarganliklarini uqtiruvchi otin-oyining fikrini keltiradi: qiziq jihati shundaki, u Payg‘ambar s.a.v.ning rafiqalari Oisha onamiz hamda sahobalarning ayollari misollari keltirilgan yozma manbalarga tayanadi.  O‘z murojaatining ta’sirchanligini oshirish uchun u Haj Islomning ustunlaridan ekanligi va uning diniy majburiyat ekanligi haqida tush ko‘rganini aytadi.  Boshqa tomondan, u O‘OMDIni haddan ziyod tanqid qilmaslik maqsadida diniy boshqarmaning ba’zi yangi, jumladan muqaddas qadamjolarni ziyorat qilishni taqiqlash kabi ancha tanqidga sabab bo‘lgan qoidalariga rioya qilishga intiladi.

      Toshkent. Samarqand Darvoza mahallasi. 1978 yil. Robiya Rafiqxo‘ja qizidan Diniy boshqarmaga.

      Mening ismim Robiya Rafiqxo‘ja qizi. Men bir necha marta Diniy idoraga Makkaga Hajga borish masalasida murojaat qildim. Hatto rasmiy ariza ham topshirdim. Ammo ayollarning u yerga borishiga ruxsat yo‘q, degan javob keldi. Bizning otin-oyimizning aytishlaricha, bu gap noto‘g‘ri ekan va ayollar ham Haj amalini bajarar ekanlar. Ular hatto boshqa Islom davlatlaridan bir necha misollar ham keltirib o‘tdilar. Shuningdek, qadimiy kitoblardan Oisha onamiz ham Haj qilganliklari, sahobalarning ayollari ham bu farz amalni bajarganliklari haqida o‘qib berdilar. Sizlardan iltimos, marhamat qilib, mening murojaatimni yana bir bor ko‘rib chiqsangizlar. Tushimga Xizr bobo kirib, men shu farzni bajarishim kerakligi haqida aytdilar. Men hech qachon namozlarni kanda qilmayman, ozgina nafaqamga qaramay zakotni ham to‘lab kelaman va ro‘zalarimni ham hech qazo qilmaganman. Diniy idoraning buyrug‘iga ko‘ra maqbaralarni ziyorat qilishni ham to‘xtatdim. Men hech qachon davlatimizga qarshi biror so‘z aytmaganman. Farzandlarim Haj uchun har qancha pul to‘lashga rozilar. Va ayni paytda ularning barcha xarajatlarni qoplay olishlariga ishonchim komil. Mening masalamni ijobiy hal qilib berishingizni so‘rayman. Robiya Rafiqxo‘ja qizi. Sizdan iltimos. Alloh sizni yorlaqasin.

      Men bu ikki maktubga hech qanday izoh topa olmadim va menda O‘MDI bu xatlarni e’tiborsiz qoldirgan degan tasavvur paydo bo‘ldi. Bu esa meni O‘MDIning bunday bepisand harakati o‘z tuyg‘ulari kamsitilgan dindorlarning qalblarini o‘ziga moyil qilishni qiyinlashtirishi haqidagi xulosaga olib keldi. Bu nuqtai nazarni quyidagi fakt bilan biroz yumshatish mumkin: otin-oyilarning mahalliy aholi orasida keng tarqalayotgan bunday o‘zbilarmonligidan hamma ham mamnun emas edi. Masalan, 1974 yili Tolibjon Abduxoliqov ismli shaxs alam ustida O‘OMDIga uning mahallasida faoliyat yuritib, oilasining ichki ishlariga aralashayotgan otin-oyi ustidan shikoyat xati yozadi: "Bu otin-oyi mening uyimda o‘zini xuddi podshohdek tutadi va oilamdagi barcha a’zolarni: onamni, turmush o‘rtog‘imni va qarindoshlarimni ham ahmoq qilmoqda. Hatto mahalla uchastka noziriga ham shikoyat qilib ko‘rdim. Ammo u bunday ishlarga aralashmasligini va oilaviy muammolarimni o‘zim hal qilishim kerakligini aytdi. Ushbu otin-oyining faoliyatini ma’qullamaydigan imomimiz bilan ham maslahatlashib ko‘rdim." Shundan so‘ng mahalliy imomning maslahatiga ko‘ra, Tolibjon O‘OMDI rahbarining e’tiborini tortadigan bir qator savollarni o‘rtaga tashlaydi. U kinoyali ohangda, otin-oyilarning turli marosimlarni o‘tkazib berish uchun olayotgan haqlari isrof emasmi, deb so‘raydi. Agar shunday bo‘lsa, bu ish qanday qilib shariatga to‘g‘ri keladi? O‘OMDI bunga zaharxandalik bilan javob qaytaradi va tezda bu kabi otin-oyilarning keltirayotgan zararlarini xalqqa ko‘rsatish uchun nafaqat imomni va mahalla idorasini jamoat yig‘ilishi o‘tkazishga, balki oiladagi vaziyatni o‘rganish uchun maxsus qo‘mitaga ham murojaat qiladi. Natija esa Sotsialistik O‘zbekistonda keng tarqalgan ateistik davlat vakillari shar’iy qoidalarga amal qilishga chaqirgandagi kabi epistemik ikkiyuzlamachilikka xos edi.

 

 

Author

Comment
Share

Building solidarity beyond borders. Everybody can contribute

Syg.ma is a community-run multilingual media platform and translocal archive.
Since 2014, researchers, artists, collectives, and cultural institutions have been publishing their work here

About